O‘zbekistonda Amerika texnologiyalar universiteti ochiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nyu-York shahriga tashrifi doirasida bir qator kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQShga amaliy tashrifi doirasida «Cintana» kompaniyasi rahbari Duglas Bekker bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Ushbu kompaniya Arizona davlat universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan bo‘lib, dunyoning 30 mamlakatida faoliyat yuritadi, universitetlarda ta’lim sifatini oshirish bilan shug‘ullanadi.
«Cintana» asoschisi va raisi Duglas Bekker Arizona davlat universiteti bilan hamkorlikda mamlakatimizda Amerika texnologiyalar universitetini tashkil etish ustida ish olib bormoqda.
2024 yildan boshlab sog‘liqni saqlash, injiniring, arxitektura va dizayn kabi yo‘nalishlarda malakali kadrlar tayyorlashni boshlash ko‘zda tutilgan.
Davlatimiz rahbari ushbu rejalarni ma’qullab, O‘zbekiston ta’lim sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun qulay sharoitlar yaratishga tayyorligini bildirdi.
GE HealthCare bilan hamkorlik
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «GE HealthCare» kompaniyasining Yevropa, Yaqin Sharq va Afrikadagi prezidenti va bosh ijrochi direktori Rob Uolton bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda korporatsiyaning mamlakatimizda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish borasidagi rejalari muhokama qilindi.
Dunyoning industrial giganti bo‘lgan «General Electric» korporatsiyasi strategik sheriklik doirasida O‘zbekiston korxonalari bilan investitsiyaviy va texnologik hamkorlikni kengaytirish, jumladan, zamonaviy yuqori texnologik uskunalarni yetkazib berish va ularni mahalliylashtirish loyihalarini amalga oshirish niyatida.
«GE HealthCare» kompaniyasi prezidenti Rob Uolton sog‘liqni saqlash sohasida kardiograflar ishlab chiqarish, skrining va kardio axborot tizimi yo‘lga qo‘yilishini ta’kidladi. Bundan tashqari, investor O‘zbekistonda Milliy tibbiy ma’lumotlar arxivini yaratishda ishtirok etishni rejalashtirmoqda.
Uchrashuv yakunida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» ni qabul qilishga kelishib olindi.
1994 yilda «General Electric» tarkibida tashkil etilgan «GE HealthCare» bosh qarorgohi Chikagoda joylashgan tibbiy texnologiyalar sohasidagi transmilliy kompaniya. Korporatsiya aktivlari qariyb 28 milliard dollarni tashkil etadi.
Yirik investitsiya banki O‘zbekistondagi loyihalarni moliyalashtirishi mumkin
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nyu-Yorkda «Oppenheimer» investitsiya kompaniyasi boshqaruvchi direktori Jon Tonelli bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Aktivlari qiymati 36 milliard dollar bo‘lgan ushbu yirik investitsiya bankining sarmoyasini jalb qilgan holda mamlakatimizda loyihalarni amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Jon Tonelli mamlakatimizda sanoat quvvatlarini tashkil etish va modernizatsiya qilish bo‘yicha yirik loyihalarga xususiy investitsiyalarni jalb qilish yuzasidan kelishuvlar erishilganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Birinchi bosqichda to‘qimachilik klasterlari, qurilish materiallari sanoati korxonalarini rivojlantirish, Toshkent shahri infratuzilmasini rivojlantirish loyihalarini moliyalashtirish mo‘ljallangan.
Bundan tashqari, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashga investitsiya yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.
Prezidentimiz ushbu rejalarni ma’qullab, mutasaddilarga tez fursatda amaliy ishlarni boshlashga topshiriq berdi.
«Cerberus» korporatsiyasi bilan hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi
Nyu-York shahriga tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Cerberus» kompaniyasi vitse-prezidenti Brayan Xuk bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda iqtisodiyotning turli tarmoqlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Aktivlari qiymati 60 milliard dollardan ziyod bo‘lgan global investitsiya korporatsiyasi kommunikatsiyalar tarmog‘i, foydali qazilmalarni qazib chiqarish, transport va energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish loyihalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar yo‘naltirishni rejalashtirgan.
Vitse-prezident Brayan Xuk ilk hamkorlik loyihalari joriy yilning oxiriga qadar boshlanishini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida hamkorlik bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni qabul qilishga kelishib olindi.
Prezident qo‘shma loyihalarni muhokama qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nyu-Yorkda «CNH» kompaniyasi vitse-prezidenti Stiv Naderni bilan uchrashdi.
Aktivlari qiymati qariyb 50 milliard dollar bo‘lgan «CNH» transmilliy kompaniyasi qishloq xo‘jaligi mashinasozligida O‘zbekistonning strategik hamkoridir. Mashhur «Case» va «New Holland» brendlari ostida yo‘l qurish va qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqaradi.
Vitse-prezident Stiv Naderni kompaniyaning tarmoqdagi bir qator sanoat korxonalarini xususiylashtirish va modernizatsiya qilish, kombayn va paxta yig‘ish mashinalarini ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish, shu jumladan yuqori quvvatli traktorlar ishlab chiqarish hamda lizing tuzilmalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyaviy resurslar ajratish rejalarini bayon qildi.
Prezidentimiz kompaniyaning O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirish borasidagi rejalarini qo‘llab-quvvatladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter