Surxondaryo viloyati O‘zbekistonda birinchi bo‘lib pilla rejasini bajardi
Surxondaryo viloyati pillakorlari bugungi kungacha 1500 tonnadan ziyod pilla tayyorlab, shartnoma majburiyatini 18 ish kunida uddaladilar. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasidan ma’lum qilishlaricha, bu yil vohamizda serhosil, iqlim sharoitiga mos, kasalliklarga chidamli mahalliy navlardan 27300 quti ipak qurti parvarishlandi. O‘rtacha hosildorlik 65 kilogrammni tashkil etib, yalpi hosilning asosiy qismi yuqori navlarga qabul qilindi.
Xirmonga ayniqsa, Jarqo‘rg‘on, Qumqo‘rg‘on, Muzrabot, Sherobod, Denov, Uzun va Boysun tumanlari pillakorlari munosib hissa qo‘shdilar.
Ipak qurti boqish hadisini puxta o‘zlashtirgan voha pillakorlarining bu muvaffaqiyatiga fermerlarni moddiy rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani, xarid narxlari oshirilib, mablag‘lar mavsum boshidanoq bo‘nak sifatida berilgani, shuningdek, uy sharoitida pilla yetishtirish bilan shug‘ullanadigan fuqarolar daromad solig‘idan ozod qilinib, bir pilla mavsumi pillachilarga pensiya tayinlashda yillik ish staji sifatida hisoblanayotgani muhim omil bo‘ldi, deyiladi hokimlik xabarida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter