Trastbank xususiy tarmoqni rivojlantirish uchun 15 million dollarlik bitim imzoladi

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligi bayrami Trastbank uchun qo‘shaloq xushxabarlar olib keldi. «Trastbank» XAB Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi bilan 15 million AQSh dollari miqdorida bitim imzoladi. Qolaversa, «Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasining O‘zbekistondagi eng faol va eng barqaror hamkori» unvoni bilan taqdirlandi.
Xabaringiz bor, 1-4 senyabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan Islom taraqqiyot banki (ITB) Boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishiga yetib kelgan ITB guruhi tarkibidagi 57 davlatning vazirlari va rasmiylari, qolaversa, 2 mingdan ortiq biznes vakillari, ekspertlar Toshkentdagi Xalqaro Kongress markazida yig‘ildi.
Tadbir doirasida 1 sentyabr kuni «Trastbank» XAB Boshqaruvi Raisi Sardor Rifatovich Normuxamedov Islamic Corporation for the Development – Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha Islom korporatsiyasi bosh direktori janob Ayman Amin Sejini bilan uchrashib, imzolanishi kutilayotgan bitim xususida muhokama qildi.
Kunning ikkinchi qismida O‘zbekistonda islom moliyasi rivojlanishiga qo‘shgan hissasi uchun «Trastbank» XAB «Most active and long standing partner of ITFC in Uzbekistan» («Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasining O‘zbekistondagi eng faol va eng barqaror hamkori») yorlig‘i bilan taqdirlandi. Faxriy yorliq Islom taraqqiyoti banki prezidenti Muhammad Sulaymon al-Jassir hamda Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi ijrochi direktori Xani Salem Sonbol tomonidan tantanali ravishda topshirildi.
Marosim davomida «Trastbank» XAB Boshqaruvi Raisi S.R.Normuxamedov hamda Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi ijrochi direktori Xani Salem Sonbol o‘rtasida xususiy tarmoqni rivojlantirish uchun 15 million dollar miqdorida mablag‘ ajratish to‘g‘risida bitim imzolandi. Ajratilgan mablag‘ hozirgi kunda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan oziq-ovqat, farmatsevtika va boshqa sohalarni ravnaqi uchun yo‘naltirishi ko‘zda tutilgan.
Ma’lumot o‘rnida: Islom taraqqiyot banki 1974 yilda Saudiya Arabistonining Jidda shahrida tashkil etilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter