Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«25 yil: Sharaf, mahorat, mardlik maktabi» kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi

«25 yil: Sharaf, mahorat, mardlik maktabi» kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Foto: «Xabar.uz»

Bugun, 10-sentyabr kuni Milliy matbuot markazida Ichki ishlar vazirligining Yong‘in xavfsizligi instituti faoliyatiga bag‘ishlangan «25 yil: Sharaf, mahorat, mardlik maktabi» kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyida chop etilgan mazkur kitob-albom keng o‘quvchilar ommasiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda ta’lim dargohining chorak asrlik tarixi to‘liq aks etgan.

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston hududida yong‘in xavfsizligi tizim paydo bo‘lishi tarixi, yong‘inni bartaraf etish va oldini olish bo‘yicha o‘tgan asrda qilingan ishlar, o‘t o‘chiruvchilarni tayyorlashning ilk solnomalari, tamal toshini qo‘ygan fidoyi shaxslar xususida batafsil ma’lumotlar va tarixiy rasmlar va boshqa qimmatli ma’lumotlar kitobdan o‘rin olgan.

Mavlonbek Do‘schanov, IIV Yong‘in xavfsizligi instituti bo‘lim boshlig‘i, kitob mualliflaridan biri: 

«Institutning chorak asrlik tarixini bitta kitobga joylash oson emas: institutning tashkil etilish tarixi, uning faoliyati, kadrlar tayyorlashdagi salohiyati, mamlakatimizdagi islohotlarda tutgan o‘rni, kafedralar hayoti, professor-o‘qituvchilar, ularning ilmiy tadqiqot ishlari, sport sohasidagi yutuqlar, xalqaro hamkorlik, xullas, juda ko‘p ma’lumotni saralashga to‘g‘ri keldi.

To‘rt oy davomida ishchi guruh kitob ustida betinim ishladi. Bizga institut kafedralari katta yordam berishdi. Qolaversa, ustozlardan, mutaxassislardan ko‘p maslahat oldik.

Qo‘limizda ko‘p ma’lumotlar qolib ketdi, shuning uchun ham kelgusida har bir kafedraning 25 yillik tarixini alohida kitoblar qilib chiqarishni rejalashtirdik. Ham tarix uchun kerak, ham yoshlar uchun ajoyib qo‘llanma bo‘ladi».

Foto: «Xabar.uz»
Foto: «Xabar.uz»

Ochiq muloqot tarzida o‘tgan yig‘ilishda yong‘in xavfsizligi xodimlarini tayyorlash, institutda olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari, yong‘inlarning oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha mahallalar bilan hamkorlik, profilaktika tadbirlari xususida ham so‘z borib, jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi.


Yong‘in xavfsizligi instituti

Institutga 1993-yilning 11-avgustida, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Yong‘in xavfsizligi muhandislari Toshkent fakulteti va Toshkent yong‘indan saqlash texnik bilim yurti negizida Yong‘indan saqlash oliy texnik maktabi tashkil etilishi bilan asos  solingan.

O‘tgan 25 yil davomida institutda 7 mingdan ortiq mutaxassislar tayyorlanib, yong‘in xavfsizligi, huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa sohalarga yetkazib berilgan bo‘lsa, o‘ta muhim va toifalangan ob’yektlar hamda xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning yong‘in xavfsizligi yo‘nalishidagi 4 mingdan ziyod xodimlari malakasi oshirildi.

Institut olimlari tomonidan o‘tgan yillar davomida 250dan ortiq darslik, o‘quv qo‘llanmalari, monografiyalar yaratildi, 30 dan ziyod ixtirolarga patentlar olindi va bu ishlanmalar xizmat amaliyotiga unumli tatbiq etilmoqda. 2017-2018 o‘quv yilidan boshlab respublikamizning 15 ta kasb-hunar kollejida yong‘in xavfsizligi mutaxassisligi bo‘yicha guruhlar tashkil etildi.

Germaniya, Fransiya, Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Belarus, Qozog‘iston kabi xorijiy davlatlarning turdosh oliy ta’lim va ilmiy-tadqikot markazlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalari rivojlanmoqda.

Oliy ta’lim muassasasining uch nafar xodimi — Armen Bagdasarov, Abdulla Tangriyev va Vladimir Shmakovlar Osiyo va jahon chempionlari, Olimpiada sovrindorlari, o‘ndan ortiq ofitserlar O‘zbekiston chempioni degan nomga sazovor bo‘lishgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring