500 ming so‘mlik moddiy yordam qachon, kimlarga, qay tartibda beriladi?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-iyuldagi «Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-6038-son Farmoniga muvofiq kam ta’minlangan va himoyaga muhtoj odamlarga keng ko‘lamli ijtimoiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Mazkur farmonning 1-bandida nazarda tutilgan bir martalik moddiy yordam miqdori har bir 16 yoshga to‘lmagan bola uchun 500 ming so‘m etib belgilangan.
Ushbu bir martalik moddiy yordam qay tarzda yetkazilishi va qaysi toifadagi oila farzandlariga berilishi haqida savollarimizga Moliya vazirligi Boshqarma boshlig‘i Nodir Muslitdinov javob berdi.
— Bu moddiy yordam aholining qaysi qatlamlariga beriladi? Va bundan qanday maqsad ko‘zda tutilgan?
— Shu paytgacha «Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakati orqali qanchadan-qancha oilalarga moddiy yordam ko‘rsatildi. Endi ana xayrli ishni davom ettirish maqsadida moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarning ro‘yxatlariga («temir daftar») kiritilgan oilalarning 16 yoshga to‘lmagan bolalariga, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi yoki nafaqasini oluvchi oilalarning 16 yoshga to‘lmagan bolalariga, nogironligi bo‘lgan 16 yoshga to‘lmagan bolalarga bir martalik 500 ming so‘mdan moddiy yordam beriladi. Ya’ni ota-onalar farzandlari uchun bu mablag‘ga yangi o‘quv yilida kerakli bo‘lgan kiyim-kechaklar va o‘quv qurollarini sotib olishi nazarda tutilgan.
— Bu bir martalik yordam boquvchisini yo‘qotgan oila farzandlariga va nogironligi bor bolalarga beriladigan nafaqaga qo‘shimcha tarzda beriladi, shundaymi?
— Masalan, bir oilada 2 nafar 16 yoshga to‘lmagan bola bor. Ularga shu paytgacha Pensiya jamg‘armasi tomonidan, aytaylik, 350 ming so‘mdan 700 minggacha so‘m pul to‘lab kelingan. Endi sentyabr oyida xuddi o‘sha aniq bir sanada, belgilangan grafik asosida har bir bolaga beriladigan odatiy nafaqadan tashqari 500 ming so‘mdan, ya’ni ikki bolaga 1 million bir martalik moddiy yordam beriladi. Ya’ni endi bu oiladagi bolalar oladigan 700 ming so‘m pensiya puliga 1 mln so‘m pul qo‘shiladi.
«Temir daftarga» oilada necha nafar 16 yoshgacha to‘lmagan bolalar bo‘lsa, ularning har biriga 500 ming so‘mdan bir martalik nafaqa beriladi.
— Moddiy yordam qanday ko‘rinishda beriladi?
— Plastik kartada nafaqani olayotgan bolalarga oyning boshida plastik kartaga tashlab beriladi, naqd pul ko‘rinishida olayotganlarga naqd pul ko‘rinishida, pensiya jamg‘armasi tomonidan beriladi. «Temir daftar»ga kirgan oilalarning ro‘yxatini esa mahalla shakllantiradi.
— Ro‘yxat ayni paytda shakllantirilganmi?
— 810 ming bola uchun 400 mlrd so‘m pul ajratilgan. Yuqorida aytganimdek, boquvchisini yo‘qotgan va nogironligi bor bolalarga pensiya jamg‘armasi orqali Xalq banki to‘lab beradi. Lekin bu mablag‘lar respublika budjetidan qoplanadi.
— Aytaylik, bir oilada farzandlar ham «Temir daftar»ga kiritilgan, ham Pensiya jamg‘armasining boquvchisini yo‘qotganlik yoki nogironligi bo‘yicha ro‘yxatida ham bor. Bunday paytda ularga bir martalik yordam ikki ro‘yxat asosida beriladimi?
— Yo‘q. Bunday bolalar bir martalik yordamni faqat pensiya jamg‘armasi shakllantirgan ro‘yxat orqali oladilar.
— Mablag‘lar maqsadli, belgilangan muddatda va manzilli yetkazilishi qanday nazorat qilinadi?
— Moliya vazirligi huzuridagi Pensiya jamg‘armasi yordam pullarining pensiyalarni (nafaqalarni) to‘lash uchun belgilangan muddatda manzilli yetkazilishini tashkil etish bo‘yicha; Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimlari, sektor rahbarlari hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining hududiy bo‘linmalari rahbarlari — moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarning ro‘yxatlariga («temir daftar») kiritilgan oilalarning 16 yoshga to‘lmagan farzandlari sonidan kelib chiqib, to‘lov vedomostlari shakllantirilishi hamda tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari orqali ularga moddiy yordam pullarining o‘z vaqtida va manzilli yetkazilishini tashkil etish va nazorat qilish bo‘yicha; Moliya vazirligi — zarur mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetidan mahalliy budjetlariga o‘z vaqtida ajratilishi bo‘yicha; Markaziy bank tijorat banklari bilan birgalikda — moddiy yordam mablag‘larini tarqatish uchun naqd pul bilan ta’minlash bo‘yicha mas’ul etib belgilangan.
— Farmonning 3-bandida aholining ma’lum qatlamini grippga qarshi bepul emlash ham nazarda tutilgan.
— Xalq bilan eng ko‘p muloqot qiladigan soha xodimlarining sog‘lig‘ini muhofaza qilish maqsadida joriy yilning sentyabr-oktyabr oylarida maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta maktab muassasalarida va sog‘liqni saqlash tizimida ishlaydigan xodimlar grippga qarshi bepul emlanadi. Sog‘liqni saqlash vazirligi ayni paytda har bir ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasasiga borgan holda xodimlarni emlash o‘tkazishni va tegishli sog‘liqni saqlash muassasalarini vaksina va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash choralarini ko‘rmoqda.
Ya’ni aholining 1,5 mln nafari tekin, markazlashgan holda emlanishi uchun budjet hisobidan 60 mlrd so‘m mablag‘ budjetdan ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter