Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bosh prokuratura: Quvasoyda joylashgan qo‘shma korxonadagi holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Bosh prokuratura: Quvasoyda joylashgan qo‘shma korxonadagi holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Skrinshot: «Xabar.uz»

Roppa-rosa o‘n kun burun «Xabar.uz»da «Yana Farg‘ona. Investorning soqoli muhimmi yoki huquqi?» sarlavhali tanqidiy maqola chop etilgandi. Unda Quvasoyda xorijlik investor ishtirokida qo‘shma korxona ochilgani, biroq u kiritgan investitsiya mahalliy hamkori tomonidan o‘zlashtirilganining katta ehtimoli va boshqa holatlar qalamga olinganidan boxabarsiz.

Kuni kecha maqola yuzasidan Bosh prokuraturadan javob keldi. Mahkama matbuot xizmatining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, Quvasoydagi «Running busines trans invest» MChJ shaklidagi O‘zbekiston-Qirg‘iziston qo‘shma korxonasining xorijlik ta’sischisi murojaatidan keyin JK(jinoyat kodeksi)ning 168-moddasi 1-qismi (firibgarlik, ya’ni aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini yoki o‘zganing mulkiga bo‘lgan huquqni qo‘lga kiritish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Prokuraturaning ushbu javobi Quvasoy shahar IIB surishtiruvchisi tomonidan avval ikki marta tergovga qadar surishtiruv o‘tkazilib, ikkisidayam jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqidagi qarori bekor qilingani anglashiladi. Ya’ni, jinoyat alomatlari yo‘q emas, bor. Xorijlik investorning mahalliy hamkori va Quvasoy IIB surishtiruvchisidan norozi bo‘lgani bejiz emas ekan. Bundan tashqari jinoyat ishi ko‘p o‘tmay JKning 168-moddasi 1-qismidan 168-moddasi 2-qismi «b» bandiga (firibgarlik takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilishi) qayta malakalangani surishtiruvchi ikki bor «jinoyat alomatlari yo‘q» deb topgan holatda aslida ayblov ko‘lami nechog‘i ekanini ham ko‘rsatadi. Demak, IIB surishtiruvchisiga ham savollar yetarli...

Prokuratura javobi shunday yakunlanadi: «...«Xabar.uz» axborot-tahliliy portalida e’lon qilingan «Investorning soqoli muhimmi yoki huquqi?» sarlavhali tanqidiy maqolasida bayon etilgan vajlardan kelib chiqib, jinoyat ishi bo‘yicha har tomonlama, to‘liq va xolisona tergov harakatlarini o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida, 10.11.2019 yilda Quvasoy shahar prokuraturasi tomonidan shahar IIB huzuridagi tergov bo‘limi boshlig‘iga yozma ko‘rsatma berildi. Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda».

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring