Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buyuk Ipak yo‘li sirlari nurlar orqali o‘rganiladi

Buyuk Ipak yo‘li sirlari nurlar orqali o‘rganiladi

Polshaning Lyubin Texnologiya universiteti IT sohasi mutaxassislari «Ipak yo‘li 3D formatda» loyihasi so‘nggi, yettinchi ekspeditsiyasini yakunladi.

2018 yilda ish boshlagan guruh O‘zbekistonning to‘rt qadimiy manzili – Samarqand, Buxoro, Xorazm va Shaxrisabzda tarixiy obidalarida 3D skanerlash orqali tadqiqot olib boradi.   

— Yodgorliklarni 3D raqamlashtirish ular ahvoli haqida aniq-taniq ma’lumot olishga imkon beradi. Bu tabiiyki, ulardagi og‘ishlar, egilishlar, yoriqlar bilan bog‘liq jarayonni mumkin qadar to‘xtatish uchun chora-tadbirlar ko‘rishga zamin yaratadi, — deydi «Ipak yo‘li 3D formatda» loyihasining O‘zbekiston tomonidan vakili tarixchi olim Rahim Qayumov.

Olimning ma’lum qilishicha, nurlar orqali olingan ma’lumotlarni qayta ishlash, raqamli panoramalar va 3D modellarni tayyorlashda loyihaga hamkorlik qilayotgan O‘zbekistondagi to‘rtta universitet – O‘zbekiston Milliy universiteti, Samarqand davlat universiteti, Urganch davlat universiteti hamda Chirchiq davlat pedagogika instituti talabalari ham jalb etilgan.

Shuningdek, loyiha doirasidagi xalqaro ilmiy konferensiyalar, fotosuratlar ko‘rgazmasi O‘zbekistonni targ‘ib qilishda muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.

Rahim Qayumov muzeyshunoslikda 3D texnologiyalarni qo‘llash sohasida O‘zbekiston universitetlari ilmiy xodimlarini tayyorlash maqsadida Polshada 2 ta trening o‘tkazilishini ham ma’lum qildi.

Loyiha rahbari, komyuter fanlari bo‘limi Elizabet Milosh 5 nafar hamkasbi bilan aynan bitta ob’yektda qayta va qayta ishlashga to‘g‘ri kelsa-da, har gal hayratni his qilishini aytadi. «Masalan, Tillakori madrasasi gumbazini uchinchi marta raqamlashtirayapmiz. Bungacha 2018 va 2021 yillarda ham gumbazdagi aynan bir nuqtalarni mo‘ljalga olganmiz. Ulardagi o‘zgarishlarni ilmiy jihatdan tadqiq qilayapmiz» deydi Elizabet xonim.

Xo‘sh, loyiha O‘zbekiston uchun muhim ekan, lekin Polshaga nima beradi?

— Biz nafaqat binolarni, balki tarixiy ashyolarni ham 3D formatda raqamlashtirayapmiz. Hatto men sayyoh bo‘lib kelganimda ham uni qo‘limga ololmasdim. Loyiha bizga ana shunday noyob imkonni berdi. Ilmiy tahlil, tadqiq esa hammamiz uchun qiziqarli va muhim, - deydi suhbatdoshim.

«Ipak yo‘li 3D formatda» loyihasi so‘nggi ekspeditsiyasi ishi faqat Registonda emas, balki Samarqandda Shohi Zinda, Bibixonim obidalari, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasida ham davom etdi. Polshalik mutaxassislar safarning so‘nggi kunida Shaxrisabzdagi Temuriylar inshootlarini takror o‘rganishdi.

Rahim Qayumov masalaning yana bir jihatiga e’tiborni qaratadi: «Sherdor madrasasi peshtoqi 105 kvadrat metr. Uni qisqa vaqtda holatini, ranglarini aniqlash kelgusida ta’mir ishlarida asqotishi mumkin. Lekin avvallari shuncha maydonni havozalarga chiqib haftalab rang-shakli aniqlangan, pastga tushib bir-bir yozilgan. Deylik, shu joyning o‘zida 300-500 million so‘m tejalayapti».

«Ipak yo‘li 3D formatda» loyihasi yakuniy xulosalari sentyabrda O‘zbekistonda o‘tadigan ilmiy-amaliy konferensiyada e’lon qilinadi.

«Ipak yo‘li 3D formatda» loyihasi faoliyati, o‘tgan ekspeditsiyalar natijalari silkroad3d.com portalida to‘rt tilda chop etilib borilayapti.  

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring