Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Samarqanddagi «neft» oqayotgan ariqqa mutasaddilar e’tibori tushdi

Samarqanddagi «neft» oqayotgan ariqqa mutasaddilar e’tibori tushdi

Foto: Ekologiya qo‘mitasi

«Xabar.uz» portalida «Samarqanddagi chashma arig‘ida «neft» oqmoqda» maqolasi e’lon qilingan edi. O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi ushbu maqolaga o‘z munosabatini bildirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining Samarqand viloyatidagi boshqarmasi tomonidan «Samarqanddagi chashma arig‘ida «neft» oqmoqda» sarlavhasi ostida chop etilgan maqolada ko‘rsatilgan hudud joyida ko‘zdan kechirilib, quyidagilar o‘rganildi.

Bayon etilgan Samarqand shahar hududidan o‘tuvchi Chashma arig‘i emas, balki shaharning «Yominiy», «Zominiy», «Darizanjir» va «Fidoyilar» MFY hududidan o‘tuvchi «Shaar» kollektori ekanligi aniqlandi.

Samarqand viloyat hokimligining 2018 yil 10 avgustdagi yig‘ilish bayonining qarori bilan Samarqand shahrining gidromeliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha komissiya tuzilib, shahar hududidan o‘tuvchi «Jarariq», «Bog‘ishamol», «Shaar» kanallari hamda «Chashma», «Siyobcha», «Obi Mash’at» va «Siyob markaziy» kollektorlarini mukammal ta’mirlash, rekonstruksiya qilish, o‘zanlarni qazish, chiqindilardan tozalash va bunda, eng avvalo, kanal va kollektorlar yoqalaridagi mavjud noqonuniy qurilishlarni bartaraf etish borasida ishchi guruhlar tarkibi tasdiqlanib, ular tomonidan amalga oshiriladigan tadbirlar belgilanib olingan.

Foto: Ekologiya qo‘mitasi

Hozirgi kunda mazkur hududdan oqib o‘tuvchi «Shaar» kanali yoqasiga mahalla tomonidan chiqindilarni tashlamaslik, chiqindilarni olib chiqib ketish bo‘yicha «Maroqand obod» DUK bilan shartnoma tuzish ishlari olib borilmoqda. Samarqand shahrining «Yominiy», «Zominiy», «Darizanjir» va «Fidoyilar» MFY hududidan o‘tuvchi «Shaar» kanali tozalanayotganligi sababli loyqa suv oqayotgani kuzatilmoqda. Kanal atrofida joylashgan noqonuniy chiqindilarni tozalash tadbirlariga mutasaddi korxona va tashkilotlar jalb qilindi.

O‘z navbatida, aytish joizki, ushbu noqonuniy chiqindixona kecha yoki bugun emas, balki yil davomida vujudga kelgan. Ko‘chalarni ozoda tutish, chiqindilarni belgilangan joyga tashlash, obodonlashtirish ishlarini doim nazoratda tutish, ogoh bo‘lish nafaqat vakolatli tashkilotlar, balki fuqarolarning o‘zlari ham mas’uldirlar. Zero, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida ham fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga majburdirlar, deb ko‘rsatilgan, — deyiladi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi javob xatida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring