Cho‘lpon asos solgan jurnal qayta tiklandi
Bir asrlik tarixga ega «O‘zbekiston matbuoti» jurnali qayta nashr etila boshladi. O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi tashabbusi bilan mazkur jurnalning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Taqdimotda Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov, Jurnalistika va kommunikatsiyalar universiteti ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori Nozima Murodova, «O‘zbekiston matbuoti» jurnali bosh muharriri Nodiraxon Abdullayeva, xorijiy davlat elchixonalari vakolatxonalari vakillari, jurnalistlar va talabalar ishtirok etishdi. «O‘zbekiston matbuoti» jurnali jurnalistik ilmiy ishlarini yorituvchi jurnal bo‘lib, ilmiy-ma’rifiy, filologiya bo‘yicha Oliy attestatsiya komissiyasi ro‘yxatiga kiritilgan.
Mazkur jurnalga 1918-yilda «Turkiston matbaachisi» (1918-1924 yillar) nomi bilan o‘zbek va rus tillarida yaxlit holda oyda 2 marta chiqqan. Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur jurnal asoschilaridan biri mashhur jadidchi shoir Abdulhamid Cho‘lpondir.
Keyinchalik «Muxbirlar yo‘ldoshi» (1928-1938 yillar), «Bolshevistik matbuot» (1939-1941 yillar), «Mahalliy matbuot xodimlariga yordam» (1952-1964 yillar), «O‘zbekiston matbuoti» (1965-1968 yillar), «Muxbir» (1969-1990 yillar) nomlari bilan chop qilingan.
2017 yilda jurnal moliyaviy qiyinchiliklar sababli faoliyatini to‘xtatgan edi. Qayta tiklangan jurnal bosh muharrirligiga Nodiraxon Abdullayeva saylandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter