Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dehqonning ham yashashga haqqi bor yoxud qilinmagan ish uchun jarima

Dehqonning ham yashashga haqqi bor yoxud qilinmagan ish uchun jarima

Yaqinda xalq saylagan deputatlarimiz «O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida»gi kodeksining 65-moddasiga birinchi qo‘shimcha kiritish haqidagi qonun loyihasini qabul qilish tashabbusi bilan chiqishi kutilmoqda ekan.

Ushbu loyihada tomorqasiga biron narsa ekmagan tomorqa egalariga jarima belgilash nazarda tutilgan edi.

Bu nima degani bilasizlarmi? Bu – xalq uchun koronavirusdan ham xavfli xatar degani. Sabr-bardoshli bu xalq koronavirusni yengadi albatta. Ammo soliq to‘lab kelayotgan yeri uchun jarima to‘lash – koronavirusdan qutulgan xalq uchun juda og‘ir bo‘ladi. Shundoq ham «noto‘g‘ri bosilgan har bir qadam« uchun jarima to‘layapmiz. Endi esa «bosilmagan qadamlar« uchun ham jarima to‘lash kunlari ham yaqinmi?

Xalq deputatlarimizni shu uchun saylaganmidi? «Biz seni deputat qilamiz, sen biz uchun yangi-yangi jarimalarni joriy qilasan, shu orqali biz davlatimizga qo‘shimcha daromad keltiramiz. Bo‘lmasa davlatga qanday pul to‘lashni bilmayotgan edik» deb yalinib-yolvorib deputat saylagan ekanmiz. Endi esa «huzur-halovatini» ko‘ryapmiz. Bu qonunlarni tashqaridagi dushmanlar emas, aksincha o‘zimiz saylagan deputatlar buyuk g‘oya sifatida olib chiqishibdi.

«BUYuKLAR QIShLOQDA TUG‘ILIB, ShAHARDA O‘LADI» degan edi mashhur donishmandlardan biri.

Shu qonunni XXI asrning buyuk kashfiyotini kashf qilgan siyosatchiday qo‘ltiqlab chopib yurgan deputat ham aslida qishloqda tug‘ilgan bo‘lsa, ajab emas. Ushbu «ixtirochi» shahardami, qishloqdami qayda tug‘ilganini bilmadim. Ammo qishloqda tug‘ilgan jurnalist sifatida dehqonlarning hayotini yana bir bor ko‘z oldingizda gavdalantirishga harakat qilaman:

Avval o‘ylang, qishloqda dehqonchilik qilayotgan odamlar qanday ishlayapti ekan deb. Uning faqat yeri bor. Yer haydash uchun na bir traktori, na bir transporti bor. Solyarkaning bahosi 7 ming so‘m. Siz shoshilmang, solyarkaning bahosi falon pul deb aytishga. Siz qog‘ozlarda qancha qilib belgilab qo‘yganingizni bilmadimu, men real hayotdagi dehqon sotib oladigan solyarka narxini aytyapman. Bu dehqonning urug‘ sotib olishga mablag‘i yo‘q. Kredit olmoqchi bo‘lsa, banklarimiz «o‘lib ketgan bobosining o‘lganligi haqida go‘rkovdan ham spravka« talab qiladi. Kredit olmoqchi bo‘lgan dehqon bir yil bankirning izidan yugurishi kerak. Siz shu yerda o‘zingiz chiqarib qo‘ygan bank qoidalarini tiqishtirmoqchi bo‘lasiz albatta. Ammo u qonunlaringiz qog‘ozlarda kekkayib turish uchun falaj holda chiqarilgan. Bank boshqaruvchilarining birdan-bir qoidasi bor: keyin o‘zlari yugurmasligi uchun pulni puli borga beradi.

«QO‘Y KO‘RMAGAN QUVA-QUVA O‘LDIRADI»

Ekinini bir amallab ekib olgan dehqon keyingi azoblarga tayyor turishi kerak. Ya’ni eng katta masala, bu – suv muammosi. Qishloqlardagi janjallarning ko‘pchiligi suv talashish oqibatida kelib chiqishini shaharlik rahbarlar qaydan bilsin? Kechqurun uxlamasdan o‘nlab kilometrdan piyoda borib suv haydab keladi, bechora dehqon. Suv tomorqasiga kelgunicha yo‘lda yana qanchasi bilan «qir-pichoq« bo‘lishi kerak. Bunday janjallarni yoshligimda ko‘p bora o‘zim ko‘rganman. Hattoki, o‘zim ham suv talashib boshim yorilgan. O‘zim ham qanchasining boshini yorganman. Yaxshiyamki, dehqon xalqi tanti, kechirimli bo‘ladi. Aks holda qamalishlar soni ortgan bo‘lardi. Qisqasi, Xudo ko‘rsatmasin, agar shu qonun kuchga kiradigan bo‘lsa, odamlar jarima to‘lashdan qochib bir-birining qonini to‘kadi.

Biz yoshligimizda suv talashib, urishib yurgan vaqtlarda chiroq ham bo‘lardi. Hozir qishloqlarda shu ham yo‘q. Ayni vaqt artizan qazdirish uchun mablag‘ topilgan bilan artizanning umuman foydasi yo‘q. Chunki, birinchidan artizan uchun qishloqlarda elektr muammo. Hozirda qishloqlarda «svet o‘chdimi» deyishmaydi, «svet keldimi» deb so‘rashadi.

Ikkinchidan, ekin-tikin uchun yer ostidan chiqqan suv oqib keladigan suv kabi foydali bo‘lmaydi. Bularni shinamgina ofislarda o‘tirgan rahbaru deputatlar qaydan bilsin? «Qo‘y ko‘rmagan quva-quva o‘ldiradi» deb shunga aytsalar kerak-da.

Bular dehqonning xor bo‘lgunicha bo‘lgan asosiy muammolar.

KATTA ShAHARLARGA SIG‘MAGAN KIChKINA DEHQONIM

Bir amallab hosilini yig‘ishtirib olgan dehqonning oldida eng katta muammo paydo bo‘ladi. Ya’ni uni sotish kerak.

Dehqon hosilini yig‘ishtirib olgach, falon pulga yuk mashinasi gaplashib shaharga qarab yo‘l oladi. Uni esa narxni kalta bichuvchi olib-sotarlar qarshi oladi. Bu professional kalta bichuvchilar ming bir usul bilan suf-kuf qilib ketkazgan xarajatini qo‘liga tutqazib yuborishadi. Dehqon esa o‘zining puli chiqqanidan xursand bo‘lib oilasining bag‘riga qaytib, Rossiyaga ketishga tayyorgarlik ko‘radi.

Ayni shu vaziyat bo‘yicha ham dehqon saylab qo‘ygan deputatlarimiz aybdor. Negaki, mavjud qonunlarimiz dehqonning mahsulotini emin-erkin sotishiga yo‘l qo‘ymaydi. U shaharga olib kelgan bilan qayerga olib boradi? Albatta joylari olg‘irlar tomonidan bir umrga band qilingan bozorlarga-da. Shaharning xohlagan joyiga olib bora olmaydi. Unday qilsa, uchastkovoy chopib keladi uch kundan ortiq turganing uchun jarima deb, izidan SES degan tashkilot paydo bo‘ladi yuvilmagan mahsulot ekan deb. Bu mening sektorim deb prokuror paydo bo‘ladi. Tuman soliq keladi, daromad solig‘i deb. Hattoki, DAN xodimi ham transportining kamchiligini topib, jarima qilib ketadi.

O‘ylab ko‘ring, hududingizda o‘z haq-huquqini bilmaydigan dehqon katta yuk mashinasida dehqonchilik mahsuloti bilan turibdi. Nima qilardingiz? Albatta, beradigan javobingizning teskarisini qilgan bo‘lardingiz. Aniqrog‘i, bunday vaziyatdan unumli foydalanib qolasiz. Chunki uning aybi shuki, hududingizga o‘z oyog‘i bilan kirib keldi. Bu yerda kim aybdor? Albatta dehqon. Chunki u dehqon-da.

Bularning barchasini siz uchun bo‘rttirma ijod mahsuli bo‘lib tuyulishi mumkin. Ammo o‘zingiz ham shunday hodisalarga guvoh bo‘lgansiz, aynan shu hayotda, ayni shu jamiyatda.

DEHQON MEHNATINING BAHOSINI ASFALTDAN BOShQASINI KO‘RMAGANLAR BELGILASh KERAKMI?

Shu kunlarda «kartoshkaning narxi ko‘tarilib ketdi, piyozning narxi falon ekan» deya dod-voy solayotganlarni ko‘p uchratyapmiz. Mehnatni qishloqda dehqon qiladi-yu narxni to‘rt devor orasidan chiqmagan shaharliklar belgilashi kerakmi? Dehqon ham mehnatining rohatini ko‘rishga haqli. U ham o‘zi ekkan, yig‘ishtirgan mahsulotini erkin narxlashga qonuniy haqqi bor. Misol uchun kartoshkaning narxi qancha bo‘lishi kerak? 2-3 ming so‘mdan yeb yurganlarga 6-7 mingga chiqib ketgani yoqmadi. Dehqon ham kartoshkani osmondan tayyorini terib kelmaydi. U byurokratlarning izidan yillab chopib yer oladi, traktorga, pul berib solyarkani sotib olib haydatadi. Urug‘ni qarzga oladi, ekib, suvni kimlar bilandir talashib sug‘oradi, kartoshkani uch marotaba tagini yumshatish kerak. Undan keyin ishchilarga pul berib terdiradi, mashina gaplashib shaharga olib keladi. Bozorga kirish uchun belgilab qo‘ygan otning kallasiday summani berib kiradi. Bir amallab sotadi. Endi o‘ylab ko‘ring. Kartoshkaning narxi qancha bo‘lishi kerak? 2-3 mingmi? Yo‘q shahardagi ayrim shaxslar uchun kartoshka tekindan sal qimmat bo‘lsa, shuni ham noinsoflik deydi. Agar uyiga tekin olib kelib bersangiz, nega kech kelding deb urib-so‘kib haydaydi.

Qishloqdagi bechora dehqon esa noilojlikdan dehqonchilik qilib arzimagan pulga sotadi. Kartoshka arzonligidan ko‘pchilik dehqonlar transportga ham ortib borishini qoplamasligini bilib molga yedirmoqda. Endi bu dehqon ota-bobosining ishini qaytib qilmaydi. Endi u Rossiyaga ketadi. Eng maqbul yo‘l ham shu. Agar astoydil surishtirib ko‘rsangiz, Rossiyada ishlayotganlarning yarmidan ko‘pi dehqonchilik ortidan bankrot bo‘lganlar. Ular dehqonchilik ortidan qarzga botib qarzini uzish uchun ketishgan.

BU DARDNING DAVOSI BOR, FAQAT XOHISh KERAK

Oldin o‘zimizning imkoniyatlarimizni taqiqlab, keyin eng pastdagi qora xalqni jarimaga tortish strategiyasidan voz kechaylik. Quyosh o‘z nurini darig‘ tutmaydigan bu yurtning meva va poliz ekinlari juda mazali. Mevalarimizni o‘zga yurtlarda ko‘ziga surtib olishadi. Ammo degan joy shuki, poliz ekinlarini eksport qilish muammo. Rahbariyat yurtimizda narxning oshib ketishidan cho‘chiydi. Dehqon bankrot bo‘lsa ham narx ko‘tarilmasa bo‘ldi. Poliz ekinlarining narxi ko‘tarilsa nima bo‘ladi, bilasizlarmi? Javob aniq: Xorijdagi migrantlarimizning hammasi qaytib keladi.

Mevalarni eksport qilish erkinlashtirilsa, narx albatta ko‘tariladi. Ammo bir ikki yil ichida stabillashadi. Chunki ishlatilmay yotgan har bir qarich yerdan yiliga to‘rt marotabagacha hosil olish boshlanadi.

Natijada, dehqon boy bo‘ladi, u ham shaharga kelib dam oladi, bolasini shaharda o‘qitadi, shaharda oilasini davolatadi, shu kabi sirkulyasion maishiy tizimlar orqali shahardan olib ketgan pullarini yana shaharga qaytarib tashlab ketadi. Bu yog‘idan xavotir olish kerak emas. Eng asosiysi, eksportni yo‘lga qo‘yib olamiz.

DEHQONNING OMADI ChOPSA, YaNA O‘ShA KETMON UShLAB KO‘RMAGAN RAHBARLARNING KETMONI «UChADI«

Agar qaysidir dehqonning omadi chopib mo‘l hosil oladigan bo‘lsa, darhol o‘sha tumanning rahbarlari birinchi planga chiqib olishadi. «Mana bizning say’-harakatlarimiz tufayli, ajratgan kredit mablag‘larimiz sababli shuncha mo‘l hosil oldik» kabi olg‘a-ura gaplar bilan uloqni olib qochishadi. Aslida esa dehqonning oldidagi eng katta to‘siqlardan biri mana shu byurokratlar emasmidi?

Dehqon umr bo‘yi tabiat injiqliklaridan qo‘rqib yashaydi. Gohida ekinini sovuq urib ketadi, gohida qurg‘oqchilik bo‘ladi, gohida ekkan urug‘i puch chiqadi. Har qanday azoblarga chidab ko‘nikkan dehqon bularning barchasini sho‘r peshonasidan ko‘radi. Ammo byurokrat va qog‘ozbozlarning sun’iy ofatlari dehqon uchun ortiqcha.

Dehqonu mirishkorlar manfaatini himoya qilish uchun vazirlikdan tashqari yana qanchadan-qancha tashkilot va uyushmalar tuzilgan. Himoya va yordamga o‘zlari muhtoj bo‘lib turgan bu tashkilotlar qanday qilib dehqonga yordam beradi? Ular faqat majburan a’zo qilib a’zolik badallarini undirishni qoyillatishadi xolos.

Ikki yil oldin O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tuzilgan edi. Yaqinda esa «Tomorqa xizmati» MChJlari ham paydo bo‘ldi. Dehqonlarimizga bunday o‘zi yordamga muhtoj tashkilotlar kerak emas. Faqat ularga xalaqit berilmasa bo‘ldi. Ularga to‘siq emas, erkinlik berilsa, Qozog‘iston, Rossiyani xizmatlari bilan emas, shirindan-shakar meva va poliz ekinlari bilan zabt etadi.

Sobiq Ittifoq davrini yodga olaylik, o‘sha davrlarda o‘zi ekkan mahsulotini dehqon Moskvaga olib borib sotib bitta mashina minib qayib kelishgan. Bugun ham shu ishni qilishga haqqi yo‘qmi. Yoki dehqon xalqi shahardagi arzimagan narx uchun umrini xazon qilish shartmikan?

Bizning xalqimizday mehnatkash xalq hech bir yurtda yo‘q. Faqat ularning shu yurtda ishlashi, mehnat qilishlari uchun imkoniyat va erkinlik kerak. Sizning chiqarmoqchi bo‘lgan yangi innovatsion qonunlaringiz o‘zga bir yurtdagi dangasa xalq uchun, biz uchun emas.

So‘zlarim intihosida deputatlarga birgina savolim bor: nega rahbarlar harakatsizligi uchun jarima to‘lamaydi-yu sizni deputat qilib saylab qo‘ygan oddiy xalq qilmagan ishi uchun jarima to‘lashi kerak? Shunga hech aqlim yetmayapti. Bu oddiy xalqning birdan-bir aybi – sizni saylaganimi?

P/S. Shuni ham aytib qo‘yishim kerakki, «bizni saylashmadi, aksincha, tayinlashdi» deb ham ayta olmaysiz.

Sherali OTABOYeV, O‘zA

Manba: uza.uz

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring