Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Demak, bahor keldi, kelmoqda Navro‘z

Demak, bahor keldi, kelmoqda Navro‘z

Foto:internet

Qir-adirlar ko‘m-ko‘k, quyoshning chiqishi boshqachadek, chunki tabiatning uyg‘onishi bugundan boshlanadi. Butun olamga Navro‘z boshqacha ohang, boshqacha rang bilan kirib kelayotgandek. Xonandaning qo‘shig‘i yangraydi:

Uyg‘onguvchi bog‘larni kezdim,
Topay, dedim qirdan izingni.
Yonog‘ingdan rang olgan dedim —
Lolazorga burdim yuzimni,
Uchratmadim ammo o‘zingni,
— Sen bahorni sog‘inmadingmi?

Beixtiyor she’r muallifi yodga tushadi. Bugun zabardast shoir Abdulla Oripovning tug‘ilgan kuni. Balki shuning uchun ham shoir she’rlari bevosita tabiat bilan uyg‘unlashib inson qalbining tub-tubidan joy olar. Abdulla Oripov o‘zining she’rlari bilan XX asr o‘zbek adabiyotiga boshqacha bir nafas, boshqacha bir ruh olib kirdi. Tabiat, bahor, Navro‘z she’rlari orqali tiriklikning o‘zi bir baxt ekanligini kuyladi. Qalban tabiat bilan birga yashadi, qalbini tabiatga berdi, tabiatdan kuch oldi:

O‘ngirlarda sakraydi ohu,
Na’matakda sa’va mittijon.
Qorliklardan sipqorilgan suv,
Daralarda uradi javlon.
Nigohimdan faqat sen pinhon,
— Sen bahorni sog‘inmadingmi?

Sen bahorni sog‘inmadingmi, deya qalblarni takror-takror entiktiradi, sog‘inchni yanada olovlantiradi.

Navro‘z haqida, tabiatning uyg‘onishi haqida, bahorning o‘zgacha chiroyi haqida Abdulla Oripovdek she’r bita olgan shoir bormikan? Shoirning she’rlarida muz yum-yum ko‘z yosh to‘kadi, maysalar orasida qolgan xazon g‘am deb ataladi.

Avval yuragingga mo‘ralaydi u,
So‘ngra kurtaklarga o‘rgatadi so‘z.
Zaminning ko‘zidan qochadi uyqu,
Demak, Bahor keldi,
Kelmoqda Navro‘z.
Qishning ahvoliga boqib hoynahoy,
Yum-yum yosh to‘kmoqda eriyotgan muz.
Jilva qilayotir tengsiz bir chiroy,
Demak, Bahor keldi,
Kelmoqda Navro‘z.

Navro‘z — yil boshi tufayli siz olamning ona bag‘ri kabi boshqacha iliqligini, yerdan ko‘tarilayotgan hovurning ipak kabi harirligini anglaysiz.

Ona bag‘ri kabi iliqdir olam,
Harir hovur ichra yayrar dala-tuz.
Qoldi puchmoqlarda xazon yanglig‘ g‘am,
Demak, Bahor keldi,
Kelmoqda Navro‘z.

Abdulla Oripov yozganidek tabiatning har bir unsuri masalan:

Yomg‘ir yog‘sa shoirlar
Erk berarlar miyaga,
Tayyor mavzu topildi,
Tizarlar qofiyaga.

Bolaligi kengliklarda o‘tgan qalbi ham tog‘lardek purviqor shoir o‘zini hech qachon tabiat bilan ayro sezmaydi:

Magar chiqib ketsam tog‘larga tomon,
Bo‘lardim ayiqlar bilan suhbatdosh
Do‘lana terardim balki yonma-yon,
Mehribon do‘stlardek tunu kun yo‘ldosh.
Sho‘ng‘ib ketsam agar teran ummonga,
Suvlarning ostida yurardim yashab.
Baliqda toqat yo‘q shovqin-suronga,
Ular baqirmaydi bizlarga o‘xshab.
Bir kun osmonlarga aylasam parvoz,
Turnalar safida chappor urardim.
Tanishdir yulduzlar chalib turgan soz,
Bazmiga qo‘shilib, jo‘r ham bo‘lardim...

Shoir qalbi bilan ayiqlarga ham do‘st tutina oladi, shoir so‘zsiz baliqlarni ham tushuna oladi, shoir qanotsiz turnalar kabi osmonlarga parvoz qila oladi. Chunki shoirning qalbi ummon kabi cheksiz, osmon kabi beg‘ubor. Shoirning yana shunday bahor haqidagi she’rlaridan birini hofiz qo‘shiq qilib kuylaydi:

Ruhimda yo‘qoldi qarorim,
Tanimda qolmadi madorim.
Bizlarni bir yo‘qlab kelibsan,
Vafo qilurmisan, bahorim?

Bahorni sog‘ingan shoir endi bahorning muqim emasligidan cho‘chiydi, sog‘inchi arimasdan turib ko‘klam ketib borayotganidan, o‘rnini boshqa faslga bo‘shatayotganidan “o‘kingan”dek bo‘ladi:

Yoz o‘tdi, kuz o‘tdi, qish o‘tdi,
Boshlardan sinovli ish o‘tdi.
Yurakka izg‘irin — nish o‘tdi,
Vafo qilurmisan, bahorim?!

Bahorning ilk elchisi lolagulni goh xanda qilayotgan qirmizi labga o‘xshatsa, uning gulpoyasi tubidagi qora rangni dog‘ga o‘xshatadi. Bu ikki uyg‘unlik go‘yoki lolagulning ruhi va tanasiga mengzaladi — gulning joni yo‘qligini inkor qilolmaysiz.

Lolaning lablari xandadir,
Dog‘i ham tubida — andadir.
O‘xshashi ruh ila tandadir,
Vafo qilurmisan, bahorim?!

Chor-atrof oq, ko‘k, yashil, pushti rang libosga burkangan. Suvlarning jildirashi, quyoshning goh bulut ortiga bekinishi, goh charaqlab olamni munavvar aylashi yilning shu bugundan boshlanishini daraklayotgandek. Hofiz qo‘shiq kuylaydi. Shu qo‘shig‘i orqali shoirning mangu yashashini kuylayotgandek, do‘stlariga gullar tutayotganini eslatayotgandek:

Mana, bugun Navro‘zi olam,
Do‘stlarimga gullar tutarman.
Qaylardasan, sevgili erkam…
Qo‘limda gul, seni kutarman,
Umrim bo‘yi chorlab o‘tarman,
— Sen bahorni sog‘inmadingmi?

Abdulla Oripovning bahor, tabiat, Navro‘z haqida she’rlarini qayta-qayta o‘qirkansiz ko‘ngillardagi rutubat o‘z-o‘zidan yo‘qoladi, shu’lalar ko‘zni qamashtiradi. Chunki yana biz intiqib kutgan bahor kirib keldi, har yili ko‘klam bizga Abdulla Oripovning tug‘ilgan kuni bilan birga kirib keladi:

Yana ko‘ngillardan rutubat ketdi,
Yana shu’lalardan qamashmoqda ko‘z.
Yana dildorlikning fursati yetdi,
Demak, Bahor keldi,
Kelmoqda Navro‘z. 

Barno Sultonova tayyorladi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring