Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Deputatlikka «urib» qo‘ygan, jurnalistni haqoratlagan fermer deputatlikdan urildi

Deputatlikka «urib» qo‘ygan, jurnalistni haqoratlagan fermer deputatlikdan urildi

Panji Nurtoyev.

Foto: Qamashi tumani hokimligi

Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida maktab o‘quvchisini o‘lasi qilib kaltaklagan va jurnalistni haqorat qilgan deputat partiya hamda deputatlar safidan chiqarildi. Bu haqda O‘zLiDePning rasmiy telegram-kanali ma’lum qildi.

Gap nimada?

Deputat Panji Nurtoyev o‘g‘li bilan birgalikda o‘smir bolani o‘lasi qilib kaltaklagan. Holat yuzasidan izoh olish maqsadida deputat bilan bog‘langan «Daryo» muxbirini qattiq haqorat qilgan.

«Xohlasang, respublikadagi Aktamovmi (O‘zLiDeP Markaziy Kengashi raisi Aktam Hayitov nazarda tutilmoqda — «Daryo» izohi) degan anaviga bor, spikermi? Tanzila Norboyevaga ham bor, deputatlikni ham urib qo‘yibman, seni ham urib qo‘yibman», — degan deputat jurnalist bilan suhbatda.

Nabirasini «ushlab olgan»

Prokuratura axborotiga ko‘ra, 2006-yilda tug‘ilgan, Qamashi tumani XTB qarashli 22-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Elshod Keldiyorov shu maktabning 8-sinfida o‘quvchi, voyaga yetmagan Ch.P. bilan o‘zaro telefon orqali ishqiy munosabatda gaplashib yurgan. Elshod Keldiyorov 2022-yil 3-noyabrdan 4 noyabrga o‘tar kechasi 02:35 larda qizning uyiga borgan va deraza orqali uning yotoqxonasiga kirgan. Shunda Panji Nurtoyev Elshod Keldiyorovni qizining yotoqxonasida ushlab olgan. P.Nurtoyev o‘g‘li Sherzod Nurtoyev bilan birga voyaga yetmagan E.Keldiyorovni urib, unga tan jarohati yetkazgan.

Shu kuni tungi soat 04:00 larda voyaga yetmagan Elshod Keldiyorov bosh miya yopiq shikasti, bosh miyaning chayqalishi, yuzining ko‘p sonli to‘qimalari lat yeyishi bilan Qamashi tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.

Hozirda holat yuzasidan sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan. Holat Qamashi tuman IIBning navbatchilik qismidagi «Shakl-1» kitobiga ro‘yxatga olinib, dastlab tergovga qadar tekshiruv harakatlari tuman IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan olib borilgan.

Panji Nurtoyev Xalq deputatlar Qamashi tuman Kengashi deputati bo‘lganligi sababli, tergovga qadar tekshiruv harakatlarini davom ettirish uchun to‘plangan hujjatlar Qamashi tuman prokuraturasi ish yurituviga o‘tkazilgan.

Deputatlikdan haydalish

Holat yuzasidan 5-noyabr kuni Qamashi tumanida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tuman Kengashi hamda Xalq deputatlari tuman kengashiga O‘zLiDePdan saylangan deputatlarning qo‘shma majlisida deputati Panji Nurtoyevning partiya a’zosi, qolaversa, tuman kengashi deputati nomiga dog‘ tushiruvchi nojo‘ya xatti-harakatlari atroflicha muhokama qilingan.

Yig‘ilish ishtirokchilari Panji Nurtoyev ko‘p yillardan beri tumanda fermerlik harakati rivojiga hissa qo‘yib kelayotgani, «Mirzadala Norboy» fermer xo‘jaligi rahbari sifatidagi faolligi inobatga olgan holda xalq deputatlari tuman kengashi deputatligiga ilgari surganligi aytib o‘tilgan.

«Lekin, bularning barchasi shu kunlarda u tomonidan sodir etilgan salbiy holatlarni oqlamasligi ko‘rsatib o‘tildi. Huquqiy davlatda hech kimga har qanday holatda ham boshqa shaxsga jismoniy kuch ishlatish, o‘zboshimchalik bilan, qonunni qo‘pol tarzda buzib, jazo qo‘llash vakolati berilmaganligi ta’kidlandi.

Panji Nurtoyev tomonidan maktab o‘quvchisi bo‘lgan yigitning nojo‘ya xatti-harakatlariga javob tariqasida ayovsiz kaltaklanganini hech narsa bilan oqlab bo‘lmasligi aytib o‘tildi.

Qolaversa, mazkur voqeaga aniqlik kiritish maqsadida unga murojaat qilgan jurnalistning savollariga bergan bema’ni javoblari, xususan, ishlatilgan haqoratli so‘zlari nafaqat uning o‘zi, oilasiga, balki u a’zo bo‘lgan partiyaning obro‘siga, deputatlik sha’niga jiddiy dog‘ tushirdi», — deyiladi partiya axborotida.

O‘zLiDeP Qamashi tuman kengashi o‘z vakolatlaridan kelib chiqib, o‘zining amaldagi qonunlarga zid harakatlari bilan partiya sha’niga dog‘ tushirgani uchun O‘zLiDeP Ustaviga asosan Panji Nurtoyevni partiya safidan chiqarish masalasini ovozga qo‘ygan. Ushbu taklif majlis ishtirokchilari tomonidan qabul qilindi. Shuningdek, uni deputatlikdan chaqirib olish borasida Xalq deputatlik Qamashi tuman kengashiga tavsiyanoma kiritish  masalasi ham ovozga qo‘yilib, ishtirokchilar tomonidan ma’qullangan.

Panji Nurtoyev tomonidan kaltaklangan o‘smir.
Foto: «Daryo»
Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring