Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Koreyadan olib kelingan fuqarolar kuniga 2 mahal tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda

Koreyadan olib kelingan fuqarolar kuniga 2 mahal tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda

Foto: «Yandex.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan 2020-yilning 2-mart kuni olingan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha COVID-19 koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan fuqarolar soni 89 066 nafarni tashkil etmoqda, kasallikdan 3 045 nafar fuqarolar vafot etgan. Xitoy Xalq Respublikasidan tashqari koronavirus dunyoning 64 davlatida 8 892 ta holatda qayd etilgan.

Kasallikning 2 mart kuni (bir kunlik) o‘sishi Xitoyda 206 nafar (0,25%), boshqa davlatlarda esa 2084 nafar (23,4%) ni tashkil etdi.

Janubiy Koreyadan charter reys bilan olib kelingan fuqarolar Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga ko‘ra 14 kun muddat (kasallikning yashirin davri) davomida tibbiy kuzatuvga olish uchun maxsus tayyorlangan muassasalarga joylashtirildi. Fuqarolar kuniga 2 mahal tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. Fuqarolar orasida koronavirus infeksiyasi kasalligi alomatlari aniqlanmadi.

Ma’lumot uchun: 1-mart kuni Toshkent xalqaro aeroportiga xorijiy davlatlardan 28 ta reys orqali  4 422 nafar, temir yo‘llar orqali 5 ta poyezdda jami 702 nafar shaxslar, shuningdek, davlat chegara bojxona postlari orqali 1 816 ta avtotransportlarning egalari va 40 654 nafar yo‘lovchi shaxslar termometriyadan o‘tkazildi. Xitoy Xalq Respublikasidan 21 nafar Xitoy fuqarolari va 7 nafar O‘zbekiston fuqarolari, shunungdek, Janubiy Koreyadan 7 nafar O‘zbekiston fuqarolar kelgan bo‘lib, ularning boradigan manzillari aniqlanib, salomatlik holati ustidan tibbiy kuzatuv tashkil etildi.

Epidemiologik ko‘rsatmaga asosan, joriy yilning 2-mart kuniga qadar jami 1 478 ta namuna COVID-19 koronavirus infeksiyasiga tekshirildi, ularda mazkur infeksiya aniqlanmadi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining koronavirusga qarshi markaziy shtabi shuni ma’lum qiladiki, joriy yilning 2-mart holatiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida koronavirus kasalligi qayd etilmadi.

Mamlakatimiz aholisi o‘rtasida koronavirus infeksiyasi bo‘yicha epidemiologik barqarorlikni ta’minlashga yo‘naltirilgan barcha profilaktik va epidemiyaga qarshi tadbirlar Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan xalqaro tibbiy sanitariya qoidalari talablari asosida amalga oshirilmoqda. Mazkur tadbirlarda mutasaddi vazirliklar, idoralar va keng jamoatchilik faol ishtirok etmoqda.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi

koronavirus infeksiyasiga qarshi markaziy shtabi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring