Harqalay kundalik jarimaga tortish bo‘yicha «plan» belgilanmagandur?!

Ramazonda ijtimoiy tarmoqqa kirmayman, deb ahd qilgan edim. Bo‘lmadi. Yashash manzilimdan uch yuz metr naridagi bankka zaruriyat yuzasidan borishga to‘g‘ri keldi. Niqobda, albatta. Yo‘qsa, ne g‘urbatga giriftor bo‘lishim aniq!
Yo‘l narida vaqtinchalik blok-post borligidan xabarim bor. Yo‘lim o‘sha tomonda edi. Chorrahadan o‘tarkanman, u yerda xizmat qilayotganlar yetib borishimga shunchalar intiq ediki, to yaqinlashgunimcha ko‘zlari uzishmadi...
Savollar tarqalgan audiodagidek: «Hurmatli fuqaro... yurtimizda karantin bilasizmi?..», «sog‘liqni o‘ylamaysizmi?..» va hokazo...
Ko‘chaga chiqqanim sababini aytdim. O‘zimni tanishtirdim. Yashash uyimni ham ko‘rsatdim. Shaxsimni tasdiqlovchi hujjat, ya’nikim pasportim so‘radi. Shoshganda uyda qolib kelibdi. «Pasportim sandiqda edi. Olib kelib ko‘rsataman».
«Biz bilan GOOMga borishizga to‘g‘ri keladi», deb mashinaga yuzlanishdi. «GOOM yaqin, 100 metr ham kelmaydi, piyoda boraman», deb mashinaga chiqmadim.
Milliy gvardiya polvoni hamrohlik qildi. Yana ortimizdan «Lasetti»da 3 nafar xodim kelyapti deng. Xuddiki katta jinoyatchini tutganday go‘yo...
Eshik oldida besh-olti nafar it yetaklagan fuqarolar turgan ekan...
Ichkariga kirar ekanmiz, yo‘lakda bir-ikki yoshlar turardi. Ortiqcha kuta olmasligimni yashirmadim. Tushuntirish ishlaridan keyin xodimlar uzr so‘rab kuzatib kuyishdi.
Chiqib ketayotib qo‘shni xonadagi ovoz diqqatimni tortdi. Chamasi, niqobsiz yoshi kattaroq ayol so‘roq qilinyapti. Gaplaridan ayolni ruhan sog‘lom deyish qiyin. «Ismingiz?» desa, «Radxa», deydi. Savollarga javoban tinimsiz kuladi. Na manzil, na ismi-sharifi va na telefon raqamini ayta oladi deng. «Psixushkaga tashlab kelinglar!» degan topshiriq bo‘ldi...
Karantin hamma uchun sinov, hech kimga oson emas. Bo‘linma ostonasida navbatini kutib turgan it egalari uy hayvonini qachon sayr qildirish-qildirmaslikning aniq vaqtini bilishi kerak-ku?! Bu haqda aniq axborotga ega bo‘lmaganidan keyin ular nima qilsin?! Katta ehtimol bilan ularni ma’muriy jarima kutib turibdi. Agar otning kallasidek jarima to‘lashsa, noilojlikdan mushuk va kuchugini ko‘chaga haydab yubormasligiga kafolat bormi?
Jonivor bir ongsiz hayvon, qo‘chaga chiqarish uning tabiiy ehtiyoji, yo‘qsa diqqinafas uyda o‘ta tajovuzkor bo‘lib, insonga hamla qilishi ham mumkin. Buning oqibatini o‘ylashga yurak betlamaydi...
Yana bir gap. Millionlar sarflab, aholiga biometrik pasport berildi. Shunday qiyin kunlarda «shaxsni aniqlash»ning avtomatik tizimi naf bermayotganidan hayronsan. Biopasport olish chog‘ida barmoq izlarini nega topshirdik unda? Nima uchun fuqaro shaxsiga aniqlik kiritish uchun albatta «GOOM»ga olib borilishi, u yerda soatlab vaqt yo‘qotaverishi kerak?! Boshqa asabbuzarliklarni-ku aytmang... Harqalay kundalik jarimaga tortish bo‘yicha «plan» belgilanmagandur?!
Jamoat tartibini saqlashning eng samarali yo‘li – norozilik kayfiyati uyg‘otmaslik, aksincha, e’tiroz tug‘ilgan insonni xotirjam qilishdir.
Qani yangicha ishlash uslublari? Qani yangicha yondashuvlar?
Bunday savollar ko‘ngilda og‘riq uyg‘otmoqda, xolos.
Gulshoda Qurbonova, jurnalist
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter