Mantiqsiz mantiq

Kunda duch keladigan mantiqsizliklarga shu qadar o‘rganib ketganmizki, asti qo‘yaverasiz. Keling, ba’zilariga to‘xtalamiz...
O‘zbek millati qadim-qadimdan olimu fuzarolari, buyuk sarkardalari, mehmondo‘stligi va odob-axloqi bilan nom qozongan. Yurtimizga kelgan sayyohlar naqshinkor do‘ppi-yu adras, atlaslardan olib yasanib olishlari bejiz emas. G‘arbning targ‘ibot mashinasi miyasini zaharlagan ayrim yoshlarimiz esa ommaviy madaniyat ta’sirida yirtiq-yamoq kiyimlarga, ochiq-sochiq kiyinishga o‘ch.
Mana, har kuni uydan ishga yoki boshqa yumushlar bilan ko‘chaga chiqqanimizda maktabga, kollejga va oliy o‘quv yurtlariga ketayotgan qizlarning bir harakati mantiqsizlikka misol bo‘lmoqda. Bir eslang, kiygan kalta yubkasini pastga tortib qo‘yishini kanda qilmaydigan qizlarni ko‘p ko‘ramizu tushunarsiz mantiqdan ensamiz qotib kulib ham qo‘yamiz.
Yana bir qiziq qarashlar rivojlanib bormoqda, ya’ni zamonaviy yigit-qizlar shunday bo‘lish kerak ekan. Afsuski, shu fikrni bildirganlar orasida fan doktori ham bor. Shuni aytsa kerak «olim bo‘lish oson, odam bo‘lish qiyin» deb...
Shu kunlarda to‘y marosimlarini ixchamlashtirish borasida ko‘p va xo‘p gaplar aytilmoqda. O‘zi azaldan qirq kecha-yu qirq kunduz to‘y qilishga ustamiz. Bolaligida shunday to‘ylar haqida ertak eshitmagan bola bo‘lmasa kerak. «Eshitdingmi, falonchining to‘yi bundoq o‘tdi, dasturxonga yetmish xil ne’mat tortildi, kelgan artisti muncha dollarga olib kelinibdi. To‘ymisan to‘y bo‘ldi-da. Pistonchining to‘yidan ham zo‘r bo‘ldi. Kecha Eshmat bu to‘yni ko‘rib, bu nima bo‘pti, erta-indin bo‘ladigan to‘yimiz yillab odamlarning og‘zida yuradi hali dedi» degan gap-so‘zlarni har kuni eshitishimiz rost. Xo‘p, to‘y zo‘r bo‘libdi, hamma bo‘kkunicha yeb, o‘yin-kulgi qilibdi. Xo‘sh, bu to‘y egalariga nima beradi? Jo‘yali javob yo‘q.
O‘zbekistonning to‘y industriyasiga sarflayotgan puliga nechta uy, nechta zavod-fabrika, necha kilometr yo‘l qurish mumkinligini o‘zingiz hisoblab ko‘ravering.
Abduqodir Mo‘minov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter