Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Markaziy Osiyoga El-Nino xavf solmoqda – Japarov

Markaziy Osiyoga El-Nino xavf solmoqda – Japarov

El-Nino iqlim hodisasi Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiyotiga jiddiy muammo tug‘dirishi mumkin. Bu haqda Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi Oqilbek Japarov Bishkekda o‘tkazilgan agrosanoat forumida gapirdi.

«Ekspertlar Tinch okeanidagi El-Nino deb atalgan keng ko‘lamli iqlim fenomeni sabab 2024-yil tarixdagi eng issiq yil bo‘lishini bashorat qilmoqda. Bu hodisa 2023-yilgi eng yuqori o‘sishdan keyin global haroratga yanada kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Demak, 2024-yilda ham jaziramaning yanada avj olishi ehtimoli katta», – deydi siyosatchi.

Qirg‘iziston bosh vaziri iqtisodiy muammolar butun Markaziy Osiyoga ta’sir ko‘rsatadi deb hisoblaydi. Unga ko‘ra, 2050-yilda mintaqa aholisi 27 foizga, oziq-ovqat iste’moli 35 foizga, suv iste’moli esa 50 foizga oshishi kutilmoqda.

O.Japarov Markaziy Osiyo davlatlari ekologik tahdidlarni inobatga olgan holda suv manbalari va yashil energetika sohasida yaqindan hamkorlik qilishi lozimligini urg‘ulagan.

El-Nino fenomeni – Tinch okeani sirt qatlamidagi suv haroratining o‘zgarishidir. Haroratdagi beqarorlik iqlimga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi, o‘rmon yong‘inlaridan tortib qurg‘oqchilikka qadar – turli tabiiy ofatlarni keltirib chiqaradi.

Olimlar bir necha yildan buyon umumiy iqlim o‘zgarishi va El-Nino tabiiy hodisasining boshlanishi yangi harorat rekordlariga olib kelishidan ogohlantirmoqda.

Jahon meteorologiya tashkiloti ham El-Nino fenomeni 2024-yilda Janubiy Amerika, Markaziy va Sharqiy Osiyoda ekstremal hodisalarga sabab bo‘ladi deb bashorat qilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring