O‘zLiDeP deputatlari Mirishkor hokimini «egallab turgan lavozimiga nomunosib» deb topdi
Xalq deputatlari Mirishkor tumani kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhining yig‘ilishi o‘tkazilgan.
Ushbu yig‘ilishda tuman hokimi, partiyadan tuman kengashiga saylangan deputat Baxtiyor Rajabov bilan bog‘liq vaziyat muhokama etildi, deyiladi partiya matbuot xizmati xabarida.
«Hokimning ushbu xatti-harakati inson sha’ni va qadr-qimmatiga qilingan tajovuz sifatida baholandi. Deputatlik guruhi a’zolari tomonidan bunday hatti xarakatlari bilan B.Rajabov nafaqat Qashqadaryo viloyati nomiga, balki tuman kengashiga O‘zLiDePdan saylangan deputat sifatida partiya nomiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatayotganligini alohida ta’kidladilar. O‘zLiDeP rahbar har ishni qonun doirasida bajarishi, agar hokimning qonuniy talabini bajarmaydiganlar bo‘lsa, ularga haqoratlash, shaxsiyatiga tegish yo‘li bilan emas aynan qonun doirasida chora ko‘rishi lozim deb hisoblaydi. Bu kabi holatlarni esa keskin qoralaydi. Zero, bugungi kun hokimi o‘z ishi bilan, so‘zi bilan, xulq-atvori bilan barchaga o‘rnak bo‘lishi shart. Shiddat bilan kechayotgan islohotlar shuni talab etadi. Eng muhimi, hech kim o‘z hatti-xarakatlari bilan islohotlarga soya solishi mumkin emas, bundaylarga safimizda o‘rin yo‘q!»-, deyiladi bayonotda.
Deputatlar B.Rajabov egallab turgan lavozimiga mutlaqo noloyiq deb hisoblashlarini va tuman xokimi bilan bog‘liq masalani tuman sessiyasida ko‘rib chiqish uchun kiritish takliflarini o‘rtaga tashlagan.
Eslatib o‘tamiz, 28-fevral kungi yig‘ilishda B.Rajabov mahallalar raislarini juda qo‘pol so‘zlar bilan haqoratlagan audioyozuv ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandi.
Qashqadaryo hokimi Zoyir Mirzayev ham hodisa haqida gapirib, Rajabov viloyat obro‘siga dog‘ tushirganini ta’kidlagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter