Soxtalashtirilgan anor ko‘chati, lavr yaprog‘i va sariyog‘...
Kecha bir qarindoshim ozorlanib, shunday dedi: bozordan bir talay ko‘chat opkeldim. Menga anor ko‘chati deb sotishdi. Hovlimning mo‘ljallangan qismiga, anorni usuliga ko‘ra ekib qo‘ydim. Anor deyilgan ko‘chat ko‘kargach, na’matak bo‘lib chiqdi. Na’matakligi uchun, joyini o‘zgartirdim, qurib qoldi.
Ham ko‘chatga kuydim, ham pulim ketdi. Yoshi bir joyga borgan otaxondan olgandim. Shu qariya sotuvchining nevaralarini tarbiyasi qanaqa ekan-a?
Mahalla do‘koniga chiqsam, bitta xaridor ayol, sotuvchiga hasrat qilib turgan turgan ekan: bozordan yarim kilo lavr bargi sotib oluvdim. Uyga kelib, paketni ochsam, orasiga boshqa daraxt barglari aralashtirib tashlangan. Noinsonflikni qarang, shu bargniyam “soxtalashtirib” pul ishlash yo‘lida endi bu...
Eshigim qo‘ng‘irog‘i chalindi. Ochdim, yosh juvon turibdi. Qo‘lida paketi bor, salom berdi. Ko‘p qavatli uyimizda ijarada turisharkan. “Qaynonam, qishloqning sariyog‘ini tayyorlab sotadi. Olmaysizmi, arzon beramiz”,— deydi.
Qishloq sariyog‘i tayyorlanishining miridan sirigacha yaxshi tushunadigan men, unga sotib ololmasligimni, aytdim.
“Olsangiz yaxshi bo‘lardi. Ijara pulini to‘lashimiz kerak-da”, — deb mung‘aydi.
Muzxonada garchi qishloq sariyog‘i bo‘lsa-da, “ijarasi uchun dengizdan tomchi ulushim bo‘la qolsin”, degan niyatda salmoqligina pulni sanab berdim.
Vaholanki, ishonmagan odamdan qo‘lbola mahsulotni hech qachon sotib olmasdim.
Ertasiga yog‘ni eritib qo‘ymoqchi bo‘ldim. Qani endi, sariyog‘ deyilgani sariyog‘ bo‘lsa. Na sariyog‘day hidlandi, na sariyog‘cha eridi. Erinmadim, yorug‘roq joyga opchiqib, tekshirdim.
Charvi yog‘ ekan. Charvi yog‘ini, “qishloq sariyog‘i” deb, meni aldashdi.
Men barchasini videotasvirga olib qo‘ydim. Notanish qo‘shni kelinni, u-bu joyda uchratib qolsam, faktsiz gapirmaslik uchun edi.
Uch-to‘rt kun o‘tib, uni bolasi bilan hovlida uchratdim. Va bo‘lgan holatni tasvirlar vositasida, xotirjamlik bilan tushuntirdim. Albatta, kelin qaynonasining xatosi uchun mulzam bo‘ldi. Yog‘ni qo‘liga tutqazdim. To‘lagan pulni so‘ramadim. Ammo unga baribir o‘z fikrimni aytdim: “To‘g‘ri, bu yer katta shahar. Bu yerlarda hatto qo‘shnilar bir birini tanimasligi mumkin. Lekin, farzand o‘stirayapsiz, bundan keyin, qaynonangizning cho‘ntagini emas, bolangiz va oilangizning kelajagini o‘ylang va boshqa soxta sariyog‘ sotmang”.
Rost-da, aksariyat amaldorlar korrupsiyaga botib xalqning cho‘ntagini talasa, oddiy odamlar o‘zlari o‘ylab topayotgan soxtakorligi bilan xalqning jig‘ildonini yaralasa oqibati nima bo‘ladi?
Oqibat ham bir gap bo‘lar....
Ammo, haqdorlarning haqi chiqarib olinadiku, baribir...
Muhabbat Nazar facebook sahifasidan olindi


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter