Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

SSV internetda avj olgan reklamalar borasida jiddiy ogohlantirish e’lon qildi

SSV internetda avj olgan reklamalar borasida jiddiy ogohlantirish e’lon qildi

So‘nggi paytlarda internet tarmog‘ida qandli diabet va uning asoratlaridan xalos etishi va’da qilinayotgan biologik faol qo‘shimchalarning reklamasi avj olyapti. SSV bu borada ogohlantirish bilan chiqdi. 

— Diabetning ikki turi mavjud bo‘lib, birinchisi, organizmda insulin yetarli darajada ishlab chiqarilmasligi, ikkinchisi esa hujayralarning insulinga sezuvchanligi pasayishi natijasida paydo bo‘ladi, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori o‘rinbosari Sevara Faxrutdinova.

— Qandli diabetga chalingan insonlarga asosan insulinoterapiya, ayrim hollarda vitaminoterapiya tayinlanishi mumkin.

Qolaversa, bunday bemorlar sog‘lom turmush tarziga rioya qilishi, jismonan faol bo‘lishi va qonda qand miqdorini kamaytiruvchi dorilarni muntazam qabul qilishi lozim.

Diabetning ikki turini ham davolash jarayoni kompleks yondashuvni talab etib, u biologik faol qo‘shimchalar yordamida olib borilmaydi.

Umuman olganda, biologik faol qo‘shimchalar inson organizmining fiziologik holati barqaror bo‘lmagan hollarda uning funksional faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ular hech qanday davolovchi xususiyatga ega emas.

Shifokorlik amaliyotida biologik faol qo‘shimchalarning «mo‘’jizaviy» ta’siriga ishonib, an’anaviy davolash usullaridan voz kechgan, ya’ni insulin qabul qilishni to‘xtatgan ayrim bemorlarda bir necha kun ichida keton tanachalari paydo bo‘lishi va qand miqdori o‘ta yuqorilab ketishi holatlari kuzatilgan. Oqibatda bemor giperglekemik koma holatiga tushib qolishi mumkin.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, ijtimoiy tarmoqlarda reklama qilinayotgan biologik faol qo‘shimchalar qandli diabetga chalingan bemorlarni davolashda samara bermasligi bilan bir qatorda, salomatlikka jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.

Qolaversa, bunday mahsulotlar reklamasida O‘zbekiston Respublikasining «Reklama to‘g‘risida»gi Qonunining ayrim bandlari talablari buzilishi holatlari kuzatilmoqda.

Xususan, mazkur qonunning 35-moddasiga muvofiq ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalarning va oziq-ovqat qo‘shimchalarining reklamasi:

- ular dori vositalari hisoblanadi va (yoki) davolash xossalariga ega degan taassurotni uyg‘otmasligi;

- ularni qo‘llash natijasida odamlar davolanganligiga, ularning ahvoli yaxshilanganligiga doir muayyan hollarga havolalarni o‘z ichiga olmasligi;

- ularning qo‘llanilganligi munosabati bilan jismoniy shaxslar tomonidan bildirilgan minnatdorchilik izhorini o‘z ichiga olmasligi;

- sog‘lom ovqatlanishni rad etishga undamasligi kerak.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring