Sukut minorasi. Zardushtiylar o‘liklarni qanday ko‘mishgan?

Nukus shahridan To‘rtko‘l tomon yo‘lga chiqsangiz, 43 kilometrdan so‘ng o‘ng tomonda katta minoraga ko‘zingiz tushadi. Chilpiq minorasi – mana shu. U 2200 yillik tarixga ega.
Zardushtiylar tomonidan qurilgan minoraning vazifasi marhumlarning so‘nggi makoni bo‘lish edi. Zardushtiylarda to‘rt unsur muqaddas hisoblangan – olov, yer, suv va havo. Jasad esa yovuzlik timsoli bo‘lgan, shuning uchun uni yerga ko‘mish, olovda kuydirish va suvda cho‘kdirish mumkin bo‘lmagan. Havoni badbo‘y hiddan qutqarishning yo‘lini esa shu tahlit topishgan – ulkan minoralar qurishgan va o‘likni shu yerda qoldirishgan.

Jasadni yirtqich qush va hayvonlar yeb ketgandan so‘ng qolgan suyaklari esa ostadonga (ossuariy) tashlangan. Qoraqalpog‘istondagi Chilpiq minorasining vazifani shu edi.
Ammo VII asr boshlarida O‘rta Osiyoga arablar kelgandan so‘ng asta-sekin minora dastlabki ma’nosini yo‘qotdi. Arablar uni qayta qurishdi va dushman xavfidan ogohlantiruvchi gulhan yoqiladigan joyga aylantirishdi. Oradan yana biroz vaqt o‘tib, IX-X asrlarda Xorazmshohlar minorani yana qayta qurib, kichik qal’a sifatida foydalana boshladilar.

Chilpiq minorasi bugungi kunda qoraqalpog‘istonliklar uchun katta ahamiyat kasb etadi. U hatto Qoraqalpog‘iston ramziga kiritilgan. Minoraga chiqar bo‘lsangiz ajoyib manzaraga ko‘zingiz tushadi. Bir tomonda, Amudaryo qirg‘oqlari yam-yashil ko‘kalamzor bo‘lsa, boshqa tomonda quyosh tig‘ida kuyib yotgan cho‘lni ko‘rasiz.
Ko‘kalamzor va cho‘l o‘rtasidagi chegara esa ajib manzara kasb etgan.



Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter