Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tomir uyg‘oq, ruh uyg‘oq yoki hayratlarga to‘lib-toshgan ko‘ngillar uchrashuvi

Tomir uyg‘oq, ruh uyg‘oq yoki hayratlarga to‘lib-toshgan ko‘ngillar uchrashuvi

Osmon rangsiz...

Namchil dardlar

Ko‘z yoshiday to‘kilar yerga

Sen ketmading, mangu qolding –

Ma’yusgina bir dilda...

Taqdimotga borganimda qo‘limga tutqazilgan kitobdan ilk o‘qigan she’r shu bo‘ldi.  O‘qishda yana davom etaman:

Ma’sum Shayxzodamni nima qilding ayt?

Mirtemirning ruhi qiynalib yotar.

Dunyo zulmingdan qayt.

Kitobdan boshimni ko‘tarib she’r muallifini qidiraman.

Ha, men Milliy matbuot markaziga – O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, iste’dodli shoira Guli Nigor Avazovaning «Rangin ruhunat» va «Ruh uyg‘oq» nomli kitoblari taqdimotiga kelganimni unutayozgandim.

Birin-ketin ustozlar, taniqli shoirlar, yoshlar so‘zga chiqdi, har biri ijodkorning qaysi she’rlaridan ta’sirlanganini – uning ijodini ishtirokchilarga yaqindan tanishtirdi. Taqdimotda so‘z olgan boshlovchi adabiyotshunos olim Nurboy Jabborov, Zulfiya nomidagi davlat mukofotini olgan qizlarning ko‘pini tanimaymiz, ammo Guli Nigor 6 ta kitob nashr ettirdi, hatto uning she’rlari turk va ozarbayjon tillariga tarjima qilingan,  deya e’tirof etdi.

Darvoqe «Akademnashr» va «Ijod nashr» nashriyotlarida chop etilgan mazkur kitoblardan muallifning 150 dan ortiq she’rlari o‘rin olgan.  

«Rangin ruhunot» kitobiga so‘z boshi yozgan Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Vafo Fayzulloh shoira haqida shunday deydi: «Ochig‘i Guli Nigorning yangi she’rlari bilan tanishib, she’r bilan hamnafaslik, ijodiy izlanishdan to‘xtamagani, ruhoniyat undan uzilmaganligi, qiyinchilik bilan bo‘lsa-da qalbini tirikchilik chalg‘ishlaridan asray olganligi yozganlarida o‘zgacha jilo va shaklda ko‘ringani unga nisbatan umidimni kuchaytirdi, u qalamga olgan mavzularda hamma yozib yotibdi. Biroq shoiraning yurtga, yaqinlariga muhabbati, tevarakni esa o‘z nigohi bilan ko‘rishga intilishi, samimiyati she’rxonni befarq qoldirmaydi. Kashfiyotlari esa sevintiradi. Mana uning vatan haqidagi ayrim tashbeh-tizimlari: Vatan – yuragimda ulg‘aygan ertak yoki Seningsiz sahroda qolgan lolaman. Bular tasavvurimizni kengaytiradi, soxta vatanparvarlikdan xoli ohori bilan o‘git ham beradi».  

Guli Nigorning she’rlaridan yana birini o‘qishga kirishaman. Bu uning «Chori Avaz» she’ri, ha bu o‘sha iste’dodli siyrati va surati bir bo‘lgan otasi  haqidagi she’r  edi, biroz g‘amgin, biroz mayus va dilgir ammo darddek ulkan:

Tashqarida kuz

Shitirlaydi bog‘...

Bir ruh kezar

Kuzdek xazonrez

Yurakda uyg‘onar

Xazondek g‘amlar

Uyg‘onar, ulg‘ayar.

To‘kilar dardlar...

Yana uning «Shavkat Rahmon», «Singlimga», «Hulkarga», «Ona erta kedimmikan?» kabi she’rlarida yaqinlarga bo‘lgan o‘zgacha ehtirom, insonga bo‘lgan alohida hurmatni his qildim.  

Kitob taqdimoti oxirlayotganda shoiraning she’rlarini ifodali o‘qish bo‘yicha o‘tkazilgan tanlov g‘oliblari aniqlandi va sovg‘alar, albatta noyob kitoblar to‘plamlari topshirildi.

Bu taqdimot menda qanday taassurot qoldirdi? She’rni, ijodni, kitobni yaxshi ko‘radigan yoshlar ko‘p ekanligini angladim.

Umuman olganda qalbi uyg‘oq, ruhi uyg‘oq yoshlar, Guli Nigordek shoiralar ko‘pligi o‘z fikriga, o‘z dunyosiga ega insonlar borligi uchun ham dunyo rivojlanishda... Chunki shoira aytganidek: tomir uyg‘oq, ruh uyg‘oq ekan ko‘ngillar hayratga to‘lib-toshaveradi...

Ma’lumot uchun: Guli Nigor Avazova 1988-yil 2 mayda tug‘ilgan. O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakulteti magistri.

Shu paytga qadar «Uyg‘on, ko‘ngil», «Tong chorlovi», «Hurligimni kuylayman», «Saodatga yo‘llovchi maskan», «Gulning ertagi» kabi kitoblari nashr etilgan. «Inson huquqlari – jurnalist nigohida», «Yilning eng faol jurnalisti» respublika tanlovlari, «Oltin qalam» milliy mukofoti g‘olibi. Ayni paytda «Temiryo‘lkargo» AJ matbuot kotibi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.

Barno Sultonova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring