To‘rga o‘ting, boy aka!..
Pul almashganida, xayolim qochgan ekanmi, bir dasta «beli sinmagan» qizil o‘n so‘mliklar ko‘zdan nariroq joyda qolib ketibdi. Oradan ancha vaqt o‘tgach ko‘rib qoldik. Bunday qarasang – muomaladan chiqqan bo‘lsa ham ko‘zingga cho‘g‘dek ko‘rinadi, qancha yillar belimizni baquvvat qilib yurgan mullajiring-da. Ammo endi qimmatini butunlay yo‘qotgan, oddiy qog‘oz. Tashlab yuboray desang, ko‘zing qiymaydi, saqlay desang, foydasi yo‘q.
Sobiq tuzumning pullari o‘tmas matohga aylanganida qiziq bir voqea yuz bergan ekan. Mamlakat miqyosidagi maxsus omborxonalardan biriga muomaladan chiqqan bir necha ming vagon qog‘oz pul to‘planibdi. Bank xodimlari, pul zarb qiladigan mutaxassislar ularni nima qilishni bilmay rosa boshlari qotibdi.
Kimdir bu pullarni qayta ishlab, chorva mollari uchun ozuqaga aylantirsa bo‘ladi, degan ekan, sinab ko‘rishsa, bunday «ozuqa»ni yegan sigirning suti naqd zaharning o‘zi bo‘lar ekan. Boshqa bir kishi pullarni qog‘oz maydalagichdan o‘tkazib, sementga qo‘shib qurilishda ishlatishni taklif qilibdi. Ammo buning ham iloji bo‘lmabdi – bunday qilinsa yangi imoratlarning devorlari ha-hu demay nuray boshlar ekan. Oxiri tubi ko‘rinmaydigan chuqur kavlab ko‘madigan bo‘lishibdi. Qarangki, bundan xabar topgan ekolog olimlar «Yo‘q, mumkin emas, qancha maydon, yerosti suvlari zaharlanadi», deb oyoq tirashibdi. «Yaxshisi yoqib yubora qolaylik» degan qarorga kelishgan ekan, katta janjal boshlanibdi. Agar shunday qilinsa havoga necha ming-ming tonna zahar chiqib ketar ekan...
Mana sizga pul deganlari! Aslida u kimyoviy yo‘l bilan ishlov berilgan, turli raqamlarning surati tushirilgan rasmli qog‘oz. Boshqa hech narsa emas.
«Pul nima?» deb so‘rasangiz, olimlar: «To‘lov vositasi», deb javob berishadi. Shunday. Chunki biz unga ishonamiz, yeru ko‘kka ishonmagan sirimizni shu pul deb atalmish qog‘ozga ishonamiz. Uni goho o‘zimizdan ham yashiramiz. Pulni buyuk xaloskor deb tushunamiz. Pul bilan hamma narsani hal qilsa bo‘ladi, hamma narsani sotib olish mumkin, degan fikr ong-shuurimizga singib ketgan. Shu ma’noda bu qurib ketmagur dastmoya ko‘plarning ko‘ziga hayotning bosh ma’nosi bo‘lib ko‘rinadi.
Puldorlarga e’tibor bering. Ularning hammasi ham donishmand odamlar emas. Ammo aytganlari aytgan, deganlari degan. Qo‘yin-qo‘njingiz to‘la bo‘lsa, siz ham beto‘xtov e’tiborga tushasiz, atrofingizdan odam arimaydi. Huzuringizga kelishadi, siz bilan maslahat qilishadi, yo‘l berishadi, gapingizga quloq osishadi, qayerga bormang, joyingiz to‘rda bo‘ladi.
Aksincha bo‘lsa-chi? Och bachchag‘ardan qoch, bachchag‘ar. Davralarda o‘zingizni kamtarroq tutganingiz ma’qul. «Kim o‘zi u, hamyonida to‘rt tangasi yo‘q, gerdayishini qara», deb qolishsa, xijolat tortib ketasiz.
Pulsiz odamning ko‘zi ko‘pincha nursiz, nigohi mahzun, so‘zi deyarli beo‘xshov bo‘ladi, bunday odamlar hatto kulishni ham o‘rniga qo‘yisha olmaydi. Puldorning yo‘rig‘i boshqa: nima desa – to‘g‘ri, nima gapirsa – qiziq, nima kiysa – yarashiqli. Xohlasa mahallaga qo‘shiladi, xohlamasa – uyida yonboshlab yotib ham ishini bitiraveradi.
Puldor bo‘lsangiz to‘y-ma’rakaga amaldorlar qatorida aytilasiz. Qayerda kim bilan o‘tirishingiz, «Bekniki bejog‘li» deganday, avvaldan belgilab qo‘yilgan. Atrofingizda odamlar parvona. «Ikkinchi ovqatni tortaveraylikmi?» yoki «Falonchilar kelib qoldi, qayerga olaylik?» deya sizdan maslahat so‘rab turishadi.
Pul – insonga tegishli kichik bir ixtiro. Bu ixtirodan uni o‘ylab topgan insondan boshqa hech kim aziyat chekmaydi...
Ahmadjon Meliboyev


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter