Toshkent Transkaspiy transport yo‘lagiga oid anjumanga mezbonlik qiladi
Joriy yil 30-sentyabr kuni Toshkent shahrida Milliy Transkaspiy transport yo‘lagi II konferensiyasi bo‘lib o‘tadi.
Yevropa Ittifoqining Toshkentdagi delegatsiyasi xabar berishicha, anjumanda hukumat va xalqaro moliya institutlari vakillari, taraqqiyot bo‘yicha hamkorlar, transport va logistika sohasidagi xususiy sektor namoyandalari ishtirok etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi va Yevropa Komissiyasining Xalqaro hamkorlik bo‘yicha bosh direksiyasi hamraisligida o‘tkaziladigan konferensiyada umumiy o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarni aniq investitsiya imkoniyatlari va islohotlarga aylantirish masalalariga e’tibor qaratiladi.
2025-yil noyabr oyida Toshkent Transkaspiy transport yo‘lagi va O‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha investorlar forumiga mezbonlik qilgan edi. 2024-yil sentyabr oyida esa Transkaspiy transport yo‘lagi muvofiqlashtirish platformasining I milliy seminari o‘tkazilgandi.
Ushbu ikki tadbir natijalariga tayangan holda, konferensiyada O‘zbekistonning Transkaspiy yo‘nalishidagi rolini kuchaytirish hamda Markaziy Osiyo va Yevropa o‘rtasida barqaror transport aloqalarini yaxshilash bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilinadi.
Jumladan, temiryo‘l va avtomobil yo‘llari infratuzilmasiga investitsiyalar kiritish, samarali logistika tarmog‘ini rivojlantirish, transport va savdo hujjatlarini raqamlashtirish, chegaradan o‘tish tartibini soddalashtirish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish kabi masalalar muhokama markazida bo‘ladi.
Konferensiya Yevropa Ittifoqining «Global darvoza» (Global Gateway) strategiyasi doirasida moliyalashtiriladigan Transkaspiy transport yo‘lagi muvofiqlashtirish platformasining bir qismi bo‘lib, ushbu platforma Markaziy Osiyoning besh mamlakati, Yevropa Ittifoqi, xalqaro moliya institutlari va xalqaro hamkorlarni birlashtiradi.
Platformani tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi Transkaspiy transport yo‘lagini barqaror, xavfsiz va tezkor robitaga aylantirishga qaratilgan investitsiyalar va islohotlarni muvofiqlashtirishdan iboratdir.
Avvalroq Yevropa Ittifoqi va jahon moliya institutlarining Transkaspiy transport koridorini zamonaviy, multimodal va samarali yo‘nalishga aylantirish uchun ko‘p milliardlik sarmoya kiritish rejasi ma’lum qilingandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter