Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xalq ta’limi vazirligi Samarqanddagi maktabga maxsus ishchi guruh yubordi

Xalq ta’limi vazirligi Samarqanddagi maktabga maxsus ishchi guruh yubordi

Foto: «Gazeta.uz»

Xalq ta’limi vazirligi Samarqanddagi 64-sonli alohida sharoitlarda ta’minlash, tarbiyalash va ta’lim berishga muhtoj bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatidagi holat bo‘yicha chuqur tashvishda ekanini bildirib, zudlik bilan o‘rganib chiqish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari bilan hamkorlikda vazirlikning maxsus ishchi guruhini yubordi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lumot uchun, Samarqand shahridagi 64-sonli alohida saqlash sharoitlari, tarbiya va ta’limga muhtoj o‘g‘il bolalar uchun ixtisoslashgan maktab-internat og‘ir xulq-atvorga ega, uzoq muddat hisobda turgan, O‘zbekiston Respublikasi Qonunlariga ko‘ra huquqbuzarlik sodir etgan, biroq jinoiy javobgarlikka tortish yoshiga yetmagan 11−16 yoshdagi voyaga yetmagan bolalar joylashtiriladigan yagona muassasa hisoblanadi.

Shuningdek, bu yerga individual profilaktik ishlar olib borilganiga qaramasdan, huquqbuzarlik yoki boshqa g‘ayriijtimoiy harakatlarni sodir etishda davom etuvchi bolalar ham keltiriladi. Bugungi kunda maktab-internatda jami 109 nafar o‘quvchi, 44 nafar o‘qituvchi va 34 nafar texnik xodim mavjud.

Xalq ta’limi vazirligining maxsus ishchi guruhi huquqni muhofaza qilish organlari vakillari bilan birgalikda surishtiruv ishlarini olib borishadi va o‘rganish natijalariga ko‘ra huquqbuzarlikka aloqador barcha shaxslar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.

Xalq ta’limi vazirligi har qanday ko‘rinishdagi zo‘ravonlikka qarshi ekanligini bildiradi hamda jamoatchilik (ota-onalar, o‘qituvchilar, o‘quvchilar va boshqalar)ni zo‘ravonlik holatlarini aniqlashda hushyor bo‘lishga hamda huquqbuzarlik aniqlanganda zudlik bilan Xalq ta’limi vazirligi va huquqni muhofaza qilish organlariga xabar berishga chaqiradi. Ushbu hodisa natijalari tergov yakuniga yetgach e’lon qilinadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring