Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xokisor, asabiy va serjahl Mendeleyev

Xokisor, asabiy va serjahl Mendeleyev

 U serqirra olim – kimyogar, fizik, tabiatshunos va pedagog edi. 1869 yili yaratgan kimyoviy elementlarning davriy jadvali olamshumul kashfiyotlardan biri sifatida tarix sahifalariga muhrlandi. Shu bois ahli dunyo Dmitriy Ivanovich Mendeleyevni tom ma’noda haqli ravishda kimyogarlar otasi deb tan oldi.

Bundan tashqari, D.Mendeleyev kimyo, kimyo texnologiyalari, fizika, havoda uchish, meteorologiya, qishloq xo‘jaligi, iqtisodiyot, xalq maorifi va boshqa sohalar bo‘yicha ko‘plab tadqiqotlar o‘tkazdi. Gazlarning solishtirma og‘irlikka nisbatan siqiluvchanligi hamda eritmalar nazariyasiga oid izlanishlar olib bordi, suyuqliklar qarshiligi masalalari bilan jiddiy shug‘ullandi. Donetskdagi toshko‘mir zaxiralarining iqtisodiy imkoniyatlarini puxta o‘rganib, ulardan unumli foydalanish yuzasidan foydali tavsiyalar berdi. Neftni sanoat asosida qayta ishlab, fraksiyalarga ajratish usulini ishlab chiqdi, ma’danli o‘g‘itlarni amaliyotda qo‘llash va qurg‘oqchil yerlarga suv chiqarishni targ‘ib qildi.

Mendeleyev, hatto quyoshning to‘liq tutilishini kuzatish maqsadida 1887 yili havo sharida samoga parvoz uyushtirdi. Ilmiy izlanishlarining samarasi o‘laroq, 500 ga yaqin maqola, risola va kitob yozdi. Dastlabki eng mukammal «Kimyo asoslari» hamda o‘z davri uchun muhim ahamiyatga molik «Organik kimyo» darsligini yaratdi. Tinimsiz izlanishlari va erishgan muvaffaqiyatlari sharofati bilan Rossiya kimyo jamiyati asoschilaridan biri, Peterburg universiteti professori, o‘lchov va og‘irliklar bosh palatasining tashkilotchisi va birinchi direktori, dunyodagi eng nufuzli fan akademiyalari hamda ilmiy kengashlarning haqiqiy va faxriy a’zosi sifatida dong taratdi.

Avval Tobolsk gimnaziyasini, keyin Peterburgdagi yetakchi pedagogika institutini bitirgan zahmatkash olimning ustozlik faoliyati ham samarali kechgan. U sog‘lig‘i zaiflashgani sababli bir muddat Simferopol va Odessada oddiy o‘qituvchi bo‘lib ishladi. Salomatligi tiklangach, Sankt-Peterburgga qaytib, kimyo fani bo‘yicha «Solishtirma hajmlar haqida» magistrlik darajasi ishini yoqladi. 23 yoshida esa Peterburg universiteti dotsentiga aylanib, yoshlarga nazariy va organik kimyo bo‘yicha saboq bera boshladi. 1859–1861 yillarda chet el safarida bo‘lib, Geydelbergda taniqli olimlarning shaxsiy laboratoriyalarida suyuqliklar kapillyarligi va sirtqi tarangligi muammolari bilan jiddiy shug‘ullandi. Sankt-Peterburgga qaytgach, universitetda organik kimyo faniga doir yangi mavzularda ma’ruzalar o‘qishga kirishdi.

1864 yili Dmitriy Ivanovich Peterburg texnologiya instituti professori etib saylandi. «Spirtning suv bilan birikmalari» mavzusida kimyo fani bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Ikki yilga qolmay, Peterburg universitetining noorganik kimyo kafedrasiga rahbar etib tayinlandi va 23 yil shu lavozimda ishladi. Aynan o‘sha davrda uning ilmiy va pedagoglik faoliyati gullab-yashnadi.

Ammo 1890 yil bahorida eskicha ta’lim tizimidan norozi bo‘lgan universitet talabalari isyon ko‘tarishadi. O‘zlarining haqli e’tirozlar bitilgan arznomalarini vazirga yetkazishni D.Mendeleyevdan so‘rashadi. U yoshlar iltimosini bajonidil ado etadi. Afsuski, hech qancha o‘tmay, vazirdan arznomani ko‘rib chiqishni rad etuvchi javob keladi.

Talabalar g‘alayoni qaytadan boshlanadi. Ularga xayrixoh D.Mendeleyev ro‘y bergan nohaqliklarga chiday olmay, universitetni tashlab ketadi. So‘ngra bor kuch-g‘ayratini amaliy ishlarga sarflaydi. Chunonchi, yangi bojxona tarifi loyihasini yaratib, unga bag‘ishlangan «Izohli tarif» kitobini nashr ettiradi. Dengiz floti va harbiy vazirlik topshirig‘iga ko‘ra, tutunsiz poroxni kashf qiladi. Shuningdek, bir qancha xalqaro ko‘rgazmalarda qatnashadi. Turli qomusiy lug‘atlarning kimyo faniga tegishli qismlariga muharrirlik qiladi. Ural mintaqasi sanoatiga oid monografiya yozadi. Shuning barobarida o‘zining tavsiyalari asosida qayta tashkil etilgan o‘lchov va og‘irliklar bosh palatasi boshqaruvchisi vazifasini bajaradi

Dmitriy Mendeleyev tinib-tinchimas va izlanuvchan olimlar sirasiga kirgan. U o‘zining mashhurligiga ham, sha’niga aytilayotgan hamdu sanolarga unchalik e’tibor bermasdi. Eng qizig‘i, Mendeleyev o‘ta xokisor, ayni chog‘da, ancha asabiy va serjahl inson edi. Buning qator sabablari bor edi.

Avvalo, u 1834 yil yanvarida eng katta oilalardan birida tug‘ilgan o‘n yettinchi farzand edi. O‘zidan oldin dunyoga kelgan opa va akalarining sakkiz nafari go‘dakligidayoq nobud bo‘lgan, birovi esa 14 yoshida olamdan o‘tgandi. Shu bois kelib chiqishi savdogarlar va sanoatchilar shajarasiga mansub onasi Mariya Dmitreyevna jigargo‘shalari dog‘ida kuyib, adoyi tamom bo‘lgandi. Muqaddam Tobolsk shahridagi gimnaziya va okrug o‘quv yurti direktori bo‘lib ishlagan otasi Ivan Mendeleyev esa umrining oxirida ko‘r bo‘lib qolib, ming bir azob-uqubatda umr kechirgan. Eng achinarlisi, Dmitriy 13 yoshida otasidan, 16 yoshida onasidan judo bo‘ladi.

Ikkinchidan, uning oilaviy hayotda ham omadi yurishmaydi. Avvaliga o‘zidan olti yosh katta Fiza ismli ayolga uylanib, uch farzand ko‘radi. Lekin bolalaridan to‘ng‘ichi chaqaloqligida, ikkinchisi 33 yoshida vafot etadi. Keyinchalik D.Mendeleyev aktrisa Agnessani yoqtirib qoladi. Afsuski, u bilan ham birga uzoq yashamaydi. Axiyri, Anna Popova ism-sharifli ayolni o‘ziga umr yo‘ldoshi qilib tanlaydi. Oqibatda har xil ta’na-malomatlarga giriftor bo‘ladi. Hatto, ayrim g‘alamislar imperator Aleksandr Uchinchiga «Mendeleyevning bir nechta xotini bor» degan ig‘vogarona gapni yetkazishadi. Xayriyatki, imperator bag‘rikenglik qiladi. «Mendeleyevning rafiqasi o‘nta bo‘lishi ham mumkin, lekin u ulug‘ olim sifatida hammamiz uchun yagonadir!» deydi miyig‘ida kulib.

Yuqorida tilga olingan og‘ir yo‘qotishlar D.Mendeleyevning o‘ksik qalbida mangu armon bo‘lib qolgandi. O‘zi haqidagi ig‘volar ham asabini egovlardi. Eng yomoni, uyidayam tinchlik yo‘q edi. Allaqachon to‘rt farzandning onasiga aylangan Annaning jag‘i tinmas, uzzukun xarxasha qilaverib, jonga tegardi. D.Mendeleyev esa boshqa aksariyat allomalar singari faqat bola-chaqa, oila tashvishi bilan o‘ralashib qolishni istamas, o‘z orzu-xayollari og‘ushida yashagisi kelardi. Shuning uchun ayni qartaygan chog‘ida, qachon qaramang, sochlari yelkasiga tushgan, soqoli o‘sgan holda yurardi. Ko‘pincha eski bichimdagi juldurvoqi kamzulga o‘ralib, Sankt-Peterburg ko‘chalari bo‘ylab sandiroqlardi. Gohida hovlisidagi bahaybat daraxt kavagiga kirib olib, soatlab xayol surar yoki ertangi ob-havo qanday bo‘lishini, yerdagi va tepadagi namlik o‘rtasidagi tafovutni aniqlardi. Ishdan bo‘sh paytlarida esa ixcham va bejirim jomadonlar yasash bilan shug‘ullanardi. Inchunin, hamshaharlari uni ko‘proq olim emas, balki qo‘li gul usta sifatida hurmat qilishardi. Xalq orasida «Mendeleyev zo‘r kimyogarmi yoki mohir jomadonchimi?» qabilidagi uchirma savollar og‘izdan-og‘izga o‘tib yurardi.

Ko‘pchilikning e’tirof etishicha, Dmitriy Mendeleyev o‘ta kamtar inson bo‘lgan. Masalan, bir gal uni universitet laboratoriyasi mudirligiga taklif etib, o‘ttiz ming rubl (o‘sha paytda bu juda pul hisoblangan) miqdorida maosh to‘lashni va’da qilishadi. Ammo olim bu vazifada ishlashga rozi bo‘lmaydi. «Menga ming rubl ham yetadi, – deydi qariyalarga xos bosiqlik bilan. – Chunki kam maoshli ishni istagan paytda tashlab ketish mumkin va buning uchun achinmasa ham bo‘ladi».

Darvoqe, u pulga muhtojlik sezganida, boya aytganimizdek, ustachilik qilib kunini o‘tkazaverardi. Lekin xayrli ishlardan, davlat topshiriqlarini bajarishdan hech qachon bosh tortmasdi. Olimning ezgu maqsadi insoniyatni ming bir balolarga giriftor qilish emas, balki kelgusida shusiz ham avj olib ketishi muqarrar bo‘lgan ichkilikbozlikning salbiy asoratlarini kamaytirish va aholi sog‘lig‘ini asrab-avaylashga imkon qadar hissa qo‘shish edi.

D.Mendeleyev 1907 yil 20 yanvarda o‘pka zotiljami tufayli vafot etadi. Hamshaharlari uni dafn etish marosimini dabdaba bilan o‘tkazishadi. Ammo negadir qabr toshiga tug‘ilgan va qazo qilgan yillarini yozishni unutishadi. Bu ancha bahs-munozaralarga sabab bo‘ladi. Shunda Mendeleyevning Lyuba ismli qiziga uylangan, doimo qari qaynotasining odatlaridan hayratga tushib, «Bu chol biz yashayotgan dunyoning odami emas», deb yuradigan mashhur shoir Aleksandr Blok ko‘pchilikka ma’qul gapni aytadi. «Juz’iy xatodan ranjib, shovqin ko‘tarishning hojati yo‘q. Negaki, daholarning tug‘ilgan va o‘lgan sanasi bo‘lmaydi. Ularning nomi tarix sahifalarida, xotirasi esa xalq qalbida mangu yashaydi!» deydi.

Rossiya Fizika-kimyo jamiyati kimyo sohasidagi eng yaxshi ishlar uchun Dmitriy Mendeleyev nomida ikkita mukofot ta’sis etdi. Olimning kutubxonasi va ish kabineti esa Petrograd universiteti tasarrufiga o‘tkazilib, bebaho meros sifatida qat’iy muhofazaga olindi.

Abdunabi Haydarov.

 

 

 

 

 

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring