Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Xonlar o‘yini»: yarim kunlik hukmdor

«Xonlar o‘yini»: yarim kunlik hukmdor

Davlat hukmdorlari tevaragidagi yoki unga qarshi bo‘lgan guruhdagilar tomonidan amalga oshirilgan to‘ntarishlar nafaqat quvg‘inga uchragan arbob hayotini, balki butun boshli xalq hayotini ham izdan chiqargani, millatni halokat yoqasiga olib borgani tarixda o‘z isbotini topgan...

1695-yildagi Jo‘jixon hukmdorligi zamonidan toki Abulg‘ozixon V hukmronligi davri – 1806- yilgacha bo‘lgan vaqt ichida saroy o‘yinlari shu darajada avj oldiki, Xiva xonlari taxtida 37 nafar xon hukm yuritdi. Ularning ba’zilari 5-6 yil, ayrimlari 1-2 yil, boshqa birovlari esa 2-3 oy taxtda o‘tirdi. Masalan, bir xonning hukmronligi zo‘rg‘a yarim kunga yetgan. Shu bois XVII asr oxirlaridan XIX asr boshigacha bo‘lgan davr tarixda «xonlar o‘yini» nomi bilan ataladi.

Dastlab 1557-yilda Do‘stxon Bo‘g‘chaxon Xivada ilk bor taxtga o‘tirib, hukmronligini boshladi. U poytaxtni muqim Xiva deb belgilagan bo‘lsa-da, «xonlar o‘yini» davriga kelib, ikki, hatto, uchta hokimiyatchilik avj oldi. Ya’ni rasmiy xon Xivada ko‘tarilgan bo‘lsa-da, unga qarshi Gurlan, Hazorasp bekliklarida, Orolbo‘yida ham amaldagi xonga muxolif bo‘lganlar o‘zlarini xon deb e’lon qilavergan.

Ma’lumki, xon(qaon) qadimgi turkiy hukmdor, podsho ma’nosini anglatgan. Xon saylash marosimi haqida 1846-yilda xivaga kelgan rus sayyohi G.Danilevskiy xotiralar yozib qoldirgan. Unga ko‘ra, «xon saylash» marosimi oddiy xalqdan pinhona, kechasi bir hovuch saroy amaldorlari va xonning qarindoshlari tomonidan amalga oshirilgan.

Tabiiyki, xon o‘zini saylagan amaldor va qavmlardan minnatdor bo‘lib, ularga katta moddiy va siyosiy erkinlik berib qo‘ygan. Uni saylash marosimiga sanoqli odamlar qatnashgan va bunday amaldorlarning «oliy kengash»ida shayxulislom, devonbegi, naqib, qozi, mutavalli, parvonachi kabilar bo‘lgan. Eng avvalo, xon qilib saylanadigan kishini yechintirib, boshdan-oyoq yangi libos kiygizganlar. Keyin kigizlarga o‘tirg‘izib, uch marta havoga irg‘itib, «xon, xon, xon» deb nido qilganlar.

Xiva xonligi tarixida Muhammad Oqatayxon 47 yil, Arab Muhammadxon 19 yil (1602 – 1621), Isfandiyor ibn Arabxon 19 (1623 – 1642), Abulg‘ozi 20 (1643 – 1663), Anushaxon (1663 – 1689), Muhammad Rahimxon I 20 yil, Olloqulixon 18 (1825 – 1842) va Muhammad Rahimxon II – Feruz 47 yil (1863 – 1910) hukmronlik qilib, taxtda eng ko‘p o‘tirgan.

Qolgan xonlar esa, aslzodalardan bo‘lgani bois, xon qilib ko‘tarilib, layoqati bo‘lmagani tufayli ba’zilari o‘zi iste’fo bergan. Ayrimlari hatto qochib ketgan. Ba’zi hukmdorlar nomigagina xon bo‘lib, amalda davlatni o‘zgalar boshqargan.

Musoxon, Bahodirxonlar qochib ketishga majbur bo‘lishgan. Saroydagi vaziyat shuni talab qilar, aks holda ularni o‘lim kutardi. Qochgan xonlarning ushlangani, o‘ldirilganlari ham bor. Musoxon 1797-yili taxtni tashlab qochib ketgan edi. Uni Avaz Mehtar Marvda tutib, boshini tanasidan judo qiladi va jasadini Xivaga olib keladi.

1740-yili taxtga o‘tirgan Abuxayrxon ismli hukmdor esa 6 kungina xon bo‘lishga chidab berdi. Keyin, Eron shohi Nodirning yoniga ketdim deb, aslida o‘zi qozoq bo‘lgani bois dashtga qarab qochadi.

 Arangxon Anushashoh o‘g‘li davrida (1691 – 1695) mang‘itlar va Amir Sayyid Inokning o‘g‘li Odina Muhammad boshchiligidagi Orol qo‘ng‘irotlari Xivadan ajralib chiqadilar. Garchi Odina Muhammad xon bilan murosaga kelgan bo‘lsa-da, keyingi davrlarda Orol o‘zbeklari tez-tez Xiva xonlariga qarshi chiqib turgan. Jumladan, Sherg‘ozixon davrida (1714 – 1726) xon bilan kelishmagan Orol o‘zbeklari Buxorodan Musoxonning o‘g‘li Shoh Temurni keltirib, xon qilib ko‘taradilar. Natijada Xiva xoniga qarshi kechgan janglarda Vazir, Gurlan, Shohobod, Bog‘olon, Uyg‘ur, Xonqa, Hazoraspni bosib oladilar.

Keyingi davrlarda o‘zaro ichki nizolar bois xonlar almashuvi natijasida davlat ichida va tashqarisida urushlar bo‘lib turdi. Ba’zida xonlikning goh u-goh bu hududlaridagi ba’zi voqealar ham davlat miqyosiga chiqib, xonlar taqdiriga ta’sir qilgan. Jumladan, 1725-yilda G‘oyibxon Bahodir o‘g‘li xonlik qilgan paytda Ko‘chak bin Muhammad Inoq mast bo‘lib, Gurlanda bir beva xotinning nomusiga qo‘l cho‘zadi. Natijada xotin Shayx Jalil tog‘i atroflarida shikorda yurgan xonga arz qiladi. Xon shaharga qaytib kelgach, Ko‘chakni xodimlari bilan zindonga tashlaydi. Bu paytda mang‘it o‘zbeklaridan bo‘lgan Xo‘rozbek (u Abulg‘oziy soniyni o‘ldirgach, G‘oyibxonni xon qilib ko‘targan, amalda o‘zi xon, G‘oyibxon esa qo‘g‘irchoq hukmdor edi) Mang‘itning egasiz yerlarini obod qilish maqsadida ariq qazdirib yurgandi. Ko‘chakxon voqeasini eshitgach u qal’aga kelib, zindondagilarni ozod qiladi. G‘oyibxonni esa noloyiq so‘zlar bilan so‘kadi. Ertasi kuni G‘oyibxon arqda ko‘rinishxonaga kelgan Xo‘rozbekni o‘ldirtiradi.

Ushbu voqeani o‘z asari – «Tavorixi al Xoniy»da yozgan Ahmadjon Tabibiy (1871 – 1912) keyingi davrlarda Gurlanda yuz bergan xon ko‘tarilishlarini ham qalamga oladi. Mazkur asarni o‘qish orqali shunga amin bo‘lamizki, Gurlanda ham kigizda xon qilib ko‘tarilgan kishilar bo‘lgan. Jumladan, 1756-yilda Xivada to‘rt oy xonlik qilgan Qoraboyxon taxtdan ag‘darilib, qozoqlar ichiga yuborilgan. Uning qoraqalpoq xoni bo‘lgan Bobur ismli og‘asini Qoraboyxon davrida qoraqalpoqlar Gurlan o‘zbeklariga keltirib berganlar. Gurlan umarolari uni qatl etadilar.

 Shundan keyin xonlik taxtiga o‘z odamini chiqarish uchun xivaliklar bir taraf, Orol, Gurlan, Urganch va Amu sohili xalqlari ikkinchi taraf bo‘ladi. Nihoyat har ikkala tomon Buxoro xoni Rahimxon Hakim otaliq o‘g‘li yoniga o‘z vakillarini jo‘natadi. Xon ularni yarashtirib, o‘rtada Temurg‘ozixonni xon qilib yuboradi. Har ikkala taraf ittifoq bo‘lib, uni Xivada xon qilib ko‘taradilar. Biroq xon yonidan muhim o‘rin tutuvchi mansablarni taqsimlashda nizo chiqib, qo‘zg‘olon kelib chiqadi. Temurg‘ozixon qo‘zg‘olonni bostirgach, nizo yetakchilari Buxoroga qochib ketadilar. Bir yildan keyin esa ular Xorazmga yangi qo‘shin bilan kelib, Uyg‘ur va Gurlanni bosib oladilar.

 Shu tarzda yana yillar davomida urush va xon almashinuvlari davri bo‘lib turgan. 1770- yilda Xivada Oqimxon xon qilib ko‘tariladi. Biroq saroy ichkarisidagi nizolar natijasida bir yildan keyin u taxtdan ag‘dariladi. Ortiqg‘ozixon davrida esa Ko‘chak inoq Ibn Muhammad Qoraqalpoq to‘ralaridan Abdulla Sultonni Gurlanda xon qilib ko‘taradi. Xivada davlat hukmdori bo‘lishiga qaramay Gurlanda xon ko‘targan muxoliflari bilan urushda yengilgan Ortiqg‘ozixon taxtdan tushirilib, Buxoroga yuboriladi. Davlat hukmdori esa Gurlanda ko‘tarilgan xon Abdullaxon bo‘ladi. Biroq nizolar avj oladi. Umarolar Oqimxonni Gurlanda besh oy xon qilib ko‘taradilar. Vazir hokimlari Inoqqa bo‘ysunib, Fozilbek va Rahim otaliqni bir bo‘lak yig‘in bilan chaqirib, Vazirni topshiradilar. Muhammad Amin inoq esa lashkari bilan Gurlanni qamal qiladi. Qamaldagilar noiloj holda yarashadilar. Gurlanda besh oy xonlik qilgan Oqimxon Xivada xon bo‘ladi. Bu paytda Gurlanda Bobobek qolgan edi. Vaisquli Devon o‘zini inoq deb e’lon qilgach, Gurlanga kelib, Bobobek bilan ittifoqdosh bo‘ladi. Urushlar natijasida bir yildan keyin Oqimxon taxtdan tushiriladi.

1733-yili qoraqalpoq to‘ralaridan bo‘lgan Yodgorxon taxtga chiqadi. Bobobek Gurlandan Pitnakka qochib ketadi. Ammo bu bilan taxt talashishlar va o‘zaro urushlar to‘xtab qolmadi. Balki yana uzoq yillar siyosiy nizolar avj olib turdi.

1769-1970-yillardagi Jahongirxon davrida vohada xonlar o‘yini bois ocharchilik bo‘lib, ba’zi urug‘larda, hatto poytaxtda, Tabibiyning «Tavorix-i-xoniy» asarida yozilishicha, it va mushuklar ham yeyilgan. Bolalarini ochlikdan saqlab qolish uchun qozoqlarga qo‘y-molga almashgan fuqarolar ham bo‘lgan. Buning ustiga, vabo tarqalib, aholi har tarafga ko‘chib keta boshlagan. Munisning yozishicha, Xivada 40 uylik fuqaro qolgan bo‘lib, juma namozini o‘qish uchun ko‘pi bilan 3-4 kishi kelgan ekan.

E’tiborlisi shundaki, 1726-yil yozida Sherg‘ozixon vafotidan so‘ng qozoq podshohi Abulxayrxonning inisini keltirib, xon qilib ko‘taradilar. O‘sha kuni juma bo‘lib, ertalab taxtga chiqqan hukmdor peshin namoziga borishda otdan yiqilib o‘ladi. Ya’ni yosh xonni o‘rgatilmagan asov otga mindirib, «yiqilishi»ni maxsus uyushtirishgan edi. Xonning sariq ayg‘ir oti ba’zi fitnachi amaldorlar tomonidan oldindan shunga rejalashtirilgan. Shu bois, solnomachilar yarim kunlik hukmdorni «Sari Ayg‘ir xon» deb tarixga kiritganlar.

 Umuman, Xiva xonligi taxtida o‘tirgan xonlar saroy o‘yinlari, fisqu fasodlari tufayli taxtdan quvilgan, ag‘darilgan. Boshqacha aytganda, taxtga o‘tirish nasib etgan har uch xonning ikkitasi o‘z ajali bilan o‘lmay, balki taxt uchun kurashlar qurboniga aylangan, fitnachilar tomonidan o‘ldirilgan yoki janglarda halok bo‘lgan.

Bunday saroy o‘yinlari oqibatida barcha jabru jafo xalq boshiga tushib, millat istiqboldan, vatan taraqqiyotdan ortda qolib ketgan. Bular moziyning eng kir, qora kunlaridir.

Umid Bekmuhammad,
tadqiqotchi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring