Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Yangiobod» – eski buyum bozorida eski tugmaning ham xaridori bor

«Yangiobod» – eski buyum bozorida eski tugmaning ham xaridori bor

«Yangiobod», ya’ni Qo‘yliqdagi eski narsalar sotiladigan bozorga borganmisiz? Balki ehtiyoj bo‘lmagan dersiz? Ko‘pchilik «baraxolka» deganda faqat eski narsalar sotiladigan bozor deb o‘ylashadi va qiziqmaydi. Ammo bunday bozorlar butun dunyoda mavjud.

Germaniyadagi eski buyum bozori.

Va eng qizig‘i bu bozorlarning hamisha o‘z xaridorlari bor. Aytaylik, siz onangizdan esdalik bo‘lib qolgan choynakning qopqog‘ini sindirib qo‘ydingiz, shu bozorga keling. Yoki olti kishiga mo‘ljallangan idishlaringiz orasida bir-ikkitasining cheti uchgan – o‘rnini to‘ldirmoqchimisiz, marhamat. Ko‘pchilik bog‘ ishlariga yoki ustaxonasi uchun arzonroq asboblarni sotib olishni rejalashtirmoqda – eskilariga nima qilibdi ishlatilgan bo‘lsa, axir yangi ketmon, bolg‘a, kurakdan ancha arzon-ku. Qurilish boshladingiz, ishchilar uchun eski kombinezon, futbolka, shim va poyabzalni ham shu yerdan qidirsangiz bo‘ladi. Yoki yangi velosipedga ozroq pul yetmayapti, hozircha farzandingizni sal eskirog‘i bilan xursand qilib turing... Hatto bu yerda juda qadimiy kichkina mototsiklni uchratishingiz mumkin. Narxiga qiziqayapsizmi – naq ikki million, balki kelishsa bo‘lar...

Keling sayohatni, avvalo Toshkentdagi, Qo‘yliq bozoriga yaqin «Yangiobod»dan boshlaymiz. Bozor eshigidan kirmasingizdan boshlanadi. Bu sotuvchilar olibsotarlar emas. Chunki ularning buyumlari mutlaqo bir-biriga nomutanosib – bolalarining kichkina bo‘lib qolgan eski kiyimlari, zontik, etikcha yoki sopol idish, cheti uchgan choynak. Ammo ichkarilab boshlagan saringiz fikringiz noto‘g‘ri ekanligini anglaysiz. Masalan, bir joyda faqat eski soatlar sotilyapti.

Ular juda qadrli soat ishqibozlari uchun, yana bir joyda faqat fotoapparatlar, yana bir joyda idish-tovoqlar, yana bir joyda esa qo‘g‘irchoqlar.  

Bozorga kiraverishdayoq bu yerning muhiti o‘ziga xosligini anglaysiz. Anglamaslikning iloji yo‘q, quloq tuting: ma’lum epoxa sevib tinglagan Ortiq Otajonov kuylayapti:

«Umr o‘tar, vaqt o‘tar, Xonlar o‘tar taxt o‘tar, Omad o‘tar baxt o‘tar, lekin yodimdan chiqmas...» Birdaniga ko‘z o‘ngingizda qora plastinkalar, patefonlar, radiolar jonlanadi. Siz buni xayol qilishga ulgurmaysiz, ana siz bolalikda ko‘rganingiz plastinkalar, ana patefon, ana o‘sha qulog‘i buraladigan radio... xayolingiz darrov voqelikka aylanadi – hatto ushlab ko‘rishingiz mumkin.

Nafaqat ushlab ko‘rish hatto bolalik ta’mini hidlashingiz mumkin. Qanday qilib deysizmi, ba’zi o‘sha paytdagi atirlar va yemaklar orqali.

Bu bozorda siz eskirgan deb mensimaydigan va ishdan chiqqan narsalar hali ham qadrlanadi. Sababi bu narsalar tarix, bolalik xotiralari bilan bog‘liq. Beixtiyor «ana bizning bolaligimizdagi choynak, buvimni eslatib yubordi», «mening mana bunday qo‘g‘irchog‘im bo‘lardi», «bolalarim kichkinaligida shunaqa ayiqcha olib bergandim», deb bir pasda xotiralar og‘ushiga cho‘masiz.

Antiqa buyumlar orasida juda qimmat turadigan eksponatlar mavjud. Tangalarning eng qadimiyi ham shu yerda.

Bu antiqa buyumlarning esa o‘z xaridorlari – kolleksionerlar (albatta xabari borlari) butun dunyodan kelishadi. Hatto arzonga kartinkalar olsangiz bo‘ladi.

«Yangiobod» buyum bozori har qanday didga mos keladigan turli xil buyumlar va antiqa buyumlarning haqiqiy xazinasidir. Toshkentda bo‘lganingizda, albatta, ushbu bozorga boring, bu yerda siz xohlagan narsani topishingiz mumkin va shu bilan birga turli qatorlarni sayr qilib, shaharning haqiqiy hayotini his etasiz, – deydi o‘z maqolasida rossiyalik V.Pukin. – Ba’zi antiqa buyumlarni O‘zbekistondan olib chiqish qiyin, ba’zilari esa mutlaqo mumkin emas. Kichik narsalarni o‘zingiz olib ketish haqida o‘ylamang, chunki bu xavfli.»

Mana bu antiqa eksponatni sotuvchi asl, toza buyum deb maqtadi...

Darvoqe, bu bozorda yana bir yorliq bor – «sovetskiy». Sababi o‘z vaqtida sobiq SSSR davrida ishlab chiqarilgan har qanday mahsulotlar o‘ta mustahkam va pishiq bo‘lgan. Balki bunday yorliqning haliyam qadrlanishiga o‘sha vaqtlari chetdan boshqa mahsulotlar kirib kelmagani, tanqislik sabab bo‘lgandir. Ya’ni bu pishiq-puxta «sovetskiy»  mahsulotlarning o‘rnini bosadigan boshqa buyumlar o‘sha payti yo‘qligi uchundir. Har holda eski buyum «sovetskiy» – u soat bo‘ladimi, fotoapparatmi, mantiqasqon yoki qozonmi, hatto tugmaning ham bu yerda o‘z bahosi va xaridori bor.

«Qanday qilib eski buyum bozorlariga borishni boshladim, – deb yozadi «Tinkoff» jurnalidagi maqolasida Roman ismli yana bir bloger. – Menimcha, axlatga faqat yaroqsiz va oziq-ovqat chiqindilari tashlanishi kerak. Qolgan hamma narsa ikkinchi hayot huquqiga ega: uni qayta ishlash, kimgadir tekinga berish yoki sotish mumkin. Xuddi shunday imkoniyat eski narsalar sotiladigan bozorlarda bor. 2022 yil boshida qishloq uyimdagi kaminni yoqish uchun eski, yaroqsiz kitoblar kerak edi va buyum bozoriga bordim. U yerda juda ko‘p qiziqarli narsalarni kashf qildim va endi haftada kamida bir marta shu bozorga borishga harakat qilaman.

Voronejdagi bozor. Foto: Tinkoff jurnali

Voronejda milliondan ortiq aholi istiqomat qilsa-da bu yerda eski narsalar bozori madaniyati juda kam rivojlangan – Moskva va Sankt-Peterburg bilan solishtirganda. Mahalliy buyum bozorlarida xaridor va sotuvchilar kam. Uchta buyum bozorlaridan ikkitasi odamlar omborxonalardan foydalanilgan buyumlar va keraksiz narsalarni sotadigan kichik joylardir. U yerda qiziqarli narsalarni topish qiyin.

Yana bir gap bu yer muloqot maydoni, sotuvchilar – mexanika yoki tarix sohasidagi mutaxassisga o‘xshaydi. Men bunday sotuvchilar bilan muloqot qilishni yaxshi ko‘raman. Ba’zan oddiy suhbat buyum tarixi haqidagi ma’ruzaga aylanadi.

Odatda  bobo va buvilar  o‘z narsalarini sotishadi – kiyim, poyabzal va eski o‘yinchoqlar. Har safar men ulardan biron-bir kichik narsa sotib olishga harakat qilaman. Men uchun bunday bozor shunchaki vaqtni o‘tkazish bo‘lishi mumkin, lekin ular uchun bu yashash yo‘lidir.

Bu bozordagi kolleksionerlar buyumning haqiqiy tannarxini yaxshi bilishadi va eng yuqori darajada sotishadi. Darhaqiqat, yana ular hamfikrlar bilan muloqot qilish va o‘z kolleksiyalarini ko‘rsatish uchun chiqishadi. Ular sizga samimiy suhbat va eksponatlarni batafsil muhokama qilish uchun yaxshi chegirma berishi mumkin», – deb fikrini davom ettiradi sayohatchi bloger.

Bozorga ichkarilagan saringiz xilma-xillik sizni o‘ziga jalb etaveradi. Faqatgina mashinada har zamonda eshitadigan kanal – «Nostalgiya»dagi qo‘shiqlarni bu yerda har shanba, yakshanba eshitish oddiy hol. Qator oralab o‘tib ketarkansiz, Modern Tokinning xonishi qulog‘ingizga chalinadi: «You re My Heart,  You re My Soyl...» sal nariroqda esa Yura Shatunovning qo‘shig‘i: «Detstvo, detstvo ti kuda bejish...» Demak, ayni paytda siz eski kassetalar, eski plastinkalar, eski magnitofonu, eski radiolar sotiladigan qatordasiz...

 

Hech qaysi kutubxonadan topolmagan kitobni balki shu bozordan qidirib ko‘rarsiz?

Ayni kunlarda hamyurtimiz hunarmand Mohira Sultonova Londonda. Maqola tayyorlash asnosida men Mohirani suhbatga «tortaman».

«Londonda bunday bozordan oltita bor ekan. Juma, shanba kunlari ishlaydi. Men borgan bozor «Portobello roud», deb ataladi. Ularning sotuvchilari ham buyumlarni xuddi bizdagidek ko‘chada yerga qo‘yib sotarkan. Hayron qolganim «Yangiobod» bilan solishtirganda bu yerda yoshlar ko‘p. Hammasi qiziqib tomosha qilib yuribdi. Xalqi antikvar narsalarni yaxshi ko‘radi, shekilli. Kiyimidan tortib sumkasigacha antikvar, ya’ni antiqa. Hattoki televideniyeda maxsus ko‘rsatuvlari bor. Narsalarini 20 funtdan 80 funtgacha auksionga qo‘yishgan. Yana bitta kanalida hunarmandlar tanlovi bo‘larkan. Bozordagi narsalarning orasida mualliflik ishlari ko‘p, qo‘lda yasalgan buyumlar qadrli. Ko‘p plastinkalar sotilarkan, plastinkalar 30-40 funt turadi. Ovqatlari bor, vetnamcha, turkcha, inglizcha – uyam bir qiziq bo‘lim. Qimmat yangi kiyim do‘konlari bor. Eski zamonning fraklari, eski tikuv mashinalari, mashhur dizaynerlar tikkan kiyimlar qimmatroq. O‘zimizning so‘zanalarni ko‘rdim, eski adrasimizdan mebellarni yasatishgan. Tangalar bo‘limi bor. Taqinchoqlar, marjon, durlar, yantar toshlar sotadigan afg‘onistonlik sotuvchi: biz qo‘shni ekanmiz, deb taqinchoqlarning narxini tushib berdi.

Londondagi bozor. Foto: Mohira Sultonova

Sherigim lagancha oldi, qadimgi Londonning surati chizilgan. Kitoblar orasida «Ming bir kecha»ni ko‘rdim ingliz tilida yozilgan, katta kitob, bir aylanib kelsam sotilib ketganmi, qaytib ko‘rmadim...

London.

Eski buyumlar bozorini jonli muzey desangiz bo‘ladi, yoshlikdagi hayotingizni eslatadi, qo‘shnilaringizda, qarindoshlaringizda bo‘lgan buyumlarni xotirlaysiz. Bunday joylarga tez-tez yoshlarni olib borish kerak. Hamma odamlar ham zo‘r yashamayotganini ko‘rsatish uchun olib borish va kichkinagina narsani sotib olish bilan ularni qo‘llab-quvvatlash mumkin.»

Yuqorida bunday bozorlar muloqot maydoni ham dedik. E’tibor bersangiz bozorda asosan katta yoshli odamlarni ko‘rishingiz mumkin. Ularning ko‘pchiligi bozorga shunchaki chiqadi, yana birlari vaqt o‘tkazish uchun, yana birlari muloqot qilish va buyumlarining tarixini aytib berish uchun keladi. Ba’zi bir xil insonlar esa shaxmat o‘ynab vaqtini o‘tkazadi. Ya’ni, bu bozor tom ma’noda faqat eski-tuski buyumlar sotiladigan bozor emas, balki jonli muzey, muloqot maydoni, o‘tmishni yangilab turadigan o‘ziga xos maskan hamdir.

                                                                                                                      Barno Sultonova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring