Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Koronavirus: keragidan ortiq dori-darmonlar, ortiqcha antibiotiklar... Vazirlik xususiy klinikalarni qat’iy ogohlantirdi

Koronavirus: keragidan ortiq dori-darmonlar, ortiqcha antibiotiklar...  Vazirlik xususiy klinikalarni qat’iy ogohlantirdi

«COVID-19»ga chalingan bemorlarni qabul qilgan xususiy klinikalar davolash standartlarini buzsa, litsenziyasi sud orqali bekor qilinadi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligida «COVID-19» infeksiyasini aniqlash va davolashda qatnashayotgan xususiy tibbiyot muassasalarining vakillari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari U.Sobirov «COVID-19» infeksiyasini davolayotgan nodavlat tibbiyot muassasalarida o‘tkazilgan monitoring natijalari to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, poytaxtimizda jami 14 ta xususiy klinika koronavirusga chalingan bemorlarni qabul qilmoqda. Shulardan faqat 7 tasi davolashni boshlash uchun sanitariya-epidemiologiya qoidalari va davolash standartlariga rioya qilish bo‘yicha Toshkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan shartnoma imzolagan. «COVID-19» infeksiyasini davolayotgan xususiy tibbiyot tashkilotlarining aksariyatida zarur tibbiy asbob-uskunalar yetishmaydi, tegishli mutaxassislar mavjud emas. Eng achinarlisi, ular orasida sanitariya-epidemiologiya qoidalariga hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan standartlarga rioya qilmasdan ish yuritayotganlari mavjud.

Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti Anesteziologiya va reanimatologiya kafedrasi assistenti Alla Rosstalnaya xususiy klinikalarda «COVID-19» infeksiyasidan davolanayotgan bemorlarga yuritilgan kasallik tarixlarini tahlil qilar ekan, ularga keragidan ortiq dori-darmonlar, tegishli ko‘rsatma mavjud bo‘lmasa-da, ikki va undan ortiq antibiotiklar berilganligini, davolash standartlariga zid ravishda infuzion suyuqliklar quyilganligini ko‘rsatib berdi.

Mutaxassislarning xulosalariga ko‘ra, «COVID-19» infeksiyasi bilan kasallanishning dastlabki bosqichida turli infuzion suyuqliklar bilan davolash, bittadan ortiq antibiotikni qo‘llash kasallikning tez suratlarda og‘ir shakliga o‘tib ketishga sabab bo‘lmoqda. Monitoring davomida xususiy tibbiyot tashkilotlarida aynan shunday xatoliklarga yo‘l qo‘yilgani qayd etildi.

Yig‘ilishda Sog‘liqni saqlash vazirligi Litsenziyalash va akkreditatsiyalash boshqarmasiga hududiy sanitariya-epidemiologiya tashkilotlari bilan birgalikda xususiy tibbiyot tashkilotlarining koronavirusga chalingan bemorlarni davolash bilan bog‘liq faoliyatini monitoring qilib borish, davolash standartlarini buzgan xususiy klinikalarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rish, shu jumladan, ularning litsenziyalarini bekor qilish bo‘yicha sudlarga da’vo arizalarini kiritish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring