Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Koronavirus. Qachon va qaysi davlatlarda vaksinatsiya boshlandi? Qancha odam emlandi?

Koronavirus. Qachon va qaysi davlatlarda vaksinatsiya boshlandi? Qancha odam emlandi?

Foto: «REUTERS/Ahmed Yosri»

Dunyoning to‘rtta mamlakatida 1,1 milliondan ortiq odam birinchilardan bo‘lib koronavirus infeksiyasiga qarshi emlandi, deya ma’lum qildi «Bloomberg».

«Bu tarixdagi eng keng qamrovli emlash kampaniyasining boshlanishi va shu paytgacha amalga oshirilgan eng katta logistika muammolaridan biri», — deya ta’kidladi agentlik.

Shunday qilib, 14-dekabrda COVID-19ga qarshi keng miqyosda vaksinatsiya boshlangan AQShning 24 ta shtatida, jumladan, Nyu-York, Texas va Koloradoda 49,5 ming kishi vaksinaning birinchi dozalarini qabul qilishdi.

Ta’kidlanishicha, 15-dekabr holatiga ko‘ra Rossiyada 320 ming kishi, Buyuk Britaniyada esa 137,8 ming kishi infeksiyaga qarshi emlanib bo‘ldi. Shu bilan birga, Xitoyda 28-noyabr holatiga ko‘ra 650 ming kishi vaksinatsiya qilingan.

Agentlikning aniqlik kiritishicha, bugungi kunda dunyoning oltita mamlakatida COVID-19ga qarshi atigi beshta vaksina foydalanish uchun cheklangan miqdorda mavjud.

Rossiyada koronavirusga qarshi keng ko‘lamli emlash ishlari 5-dekabr kuni Moskvada boshlandi. Buning uchun shahardagi katta-katta poliklinikalarda 70 ta emlash punktlari ochildi. Barcha xohlovchilar «Sputnik V» vaksinasi bilan emlanmoqda. 15-dekabrda mamlakatning barcha hududlarida infeksiyaga qarshi emlash ishlari boshlandi.

8-dekabr kuni Buyuk Britaniya koronavirusga qarshi vaksinatsiyani boshladi. Mamlakat o‘z fuqarolarini emlashni boshlagan birinchi G‘arb davlatiga aylandi. Vaksinalar birinchi bo‘lib hukumat tomonidan aniqlangan xavf guruhiga kiruvchi kishilarga beriladi. Buning uchun «Pfizer» va «BioNTech» preparatlari qo‘llanilmoqda. Emlash ixtiyoriy, bepul va taklif asosida amalga oshiriladi.

SARS-CoV-2 virusi qo‘zg‘atgan COVID-19 kasalligi dekabr oyining oxirida Xitoyning Uxan shahrida paydo bo‘ldi. Keyin virus boshqa mamlakatlarda tarqala boshladi. 11-mart kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) dunyoda koronavirus tarqalishini pandemiya deya e’lon qildi.

«Worldometer» xalqaro statistika byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyoda 75,5 milliondan ortiq kishida koronavirus qayd etilgan. 1,6 milliondan ortiq bemor vafot etdi, deyarli 53 million odam tuzaldi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring