Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Olimlar koronavirus qishda tezroq tarqalishi sababini aniqladi

Olimlar koronavirus qishda tezroq tarqalishi sababini aniqladi

Foto:«Getty Images»

AQShning nufuzli Harvard universiteti olimlari COVID-19 infeksiyasining sovuq mavsumda nega tez tarqalishi sababini o‘rganib chiqdi. Mutaxassislarning bu boradagi xulosalari Proceedings of the National Academy of Sciences ilmiy jurnalida chop etildi.

Qayd etilishicha, koronavirusning yoyilishi ultrabinafsha nurlar miqdoriga bog‘liqdir. Qishda ushbu nurlar kamaygan paytda virus ham boshqa fasllarga qaraganda shiddatliroq tarqaladi.

Mutaxassislar 170 dan ortiq mamlakat, 3000 ga yaqin mintaqadagi iqlim o‘zgarishi va COVID-19 tarqalishi ko‘rsatkichlarini qiyoslab-solishtirib chiqdilar. Bu borada aniq xulosaga kelish uchun quyosh nuri, havo harorati, namlik, yog‘ingarchilik kabi tabiiy omillarni sinchkovlik bilan o‘rganish talab etildi. Tadqiqot jarayonida ultrabinafsha nurlar ta’siri oshgan hududlarda virus tarqalishi susaygani aniqlandi. Masalan, shimoliy yarimsharda ultrabinafsha omili natijasida COVID-19 tarqalishi 7 foizgacha kamaygan.

Ammo olimlar ultrabinafsha nurlar koronavirusga qay tariqa ta’sir etishini hozircha aniqlaganicha yo‘q. Ehtimol, mazkur nurlar inson tanasida D vitamini ishlab chiqarilishini faollashtirib, immun tizimini kuchaytirishga xizmat qilar...

Harvard universiteti olimlariga ko‘ra, ular aniqlagan jihat koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq o‘nlab omillarning biri, xolos. Ta’kidlanishicha, o‘zaro ijtimoiy masofa saqlash, tibbiy niqob taqish kabi ehtiyot choralar ko‘rilmas ekan, ultrabinafsha nurlar ham virus xataridan saqlab qola olmaydi.

Ayni choqda, AQShlik olimlar ushbu ilmiy yangilik virusga qarshi kurashda samarali usullarni ishlab chiqishda asqotishiga umid qilmoqda.

Keyingi paytlarda COVID-19 infeksiyasi sayyoramiz bo‘ylab favqulodda shiddat bilan tarqalmoqda. Worldometers.info ma’lumotlariga qaraganda, dunyoda koronavirusga chalinganlar soni 75 million kishiga yaqinlashdi, undan vafot etganlar esa qariyb 1 mln 660 ming kishini tashkil etmoqda. AQSh (17,4 mln kishi), Hindiston (qariyb 10 mln kishi) va Braziliya (7 mln 43 ming kishi) ushbu ofatdan eng ko‘p jabr ko‘rayotgan mamlakatlar bo‘lib qolmoqda.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring