Surinamda o‘limlar oshmoqda
Surinamda ayni paytda COVID-19 bilan kasallanishning yangi to‘lqini boshlandi.
Iyun oyi Surinamda pandemiya boshlanganidan buyon qurbonlar soni ko‘p oy bo‘ldi. Bu haqda sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.
Shu kunga qadar salkam 450 kishi olamdan o‘tgan. Ularning to‘rtdan biri, ya’ni yuzdan ziyodi ushbu oyda qayd etilgani, ayniqsa, xavotirlidir.
Eng yomoni, atigi 600 ming aholi yashaydigan mamlakatda o‘limlar soni 17 million yashaydigan Niderlandiya davlatidan ham ko‘payib ketdi. Shifoxonalarda o‘rinlar yetishmayapti, dori-darmonlar taqchil, tibbiyot xodimlari va vaksinalar soni kam.
Shu kunlarda niderlandiyalik shifokorlar guruhi kasallik bilan kurashish uchun Surinamga yordam berishmoqda. Hozircha aholi 136 ming doza vaksinalar bilan emlandi. Faqat 26 ming aholi koronavirusga qarshi har ikki dozani qabul qilgan.
Niderlandiya hukumati shu oy oxiriga qadar o‘zining sobiq mustamlakasiga yana 700 ming vaksina yetkazib berishni rejalashtirmoqda.
Surinam – Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlat
O‘tgan yili iyulda saylangan yangi prezident Chandrikapersad Santoxi asli kelib chiqishi hind bo‘lib, hinduizm diniga e’tiqod qiladi. Bu yerda aholining uchdan bir qismi hindlardir.
Niderlandiyaning mustamlakasi bo‘lgan ushbu hududda 1863-yilda qullik bekor qilingach, qora tanli aholi plantatsiyalardan chiqib shaharlarga o‘rnasha boshladi. Ular o‘rnini Indoneziya, Hindiston va Xitoydan keltirilgan yollanma ishchilar egallashdi.
1910-yilga kelib qishloq xo‘jaligida ishlovchi aholining 90 foizi ushbu millatlar vakillari edi.
Asosiy dini xristianlik bo‘lishiga qaramay, 1932-yilda poytaxt Paramariboda ilk rasmiy masjid, 1936-yilda ilk hinduilik cherkovi ochildi. 1945-yilda bu ikki din Surinamda davlat dini sifatida tan olindi. Shundan keyin xristianlik bilar birgalikda davlat moliyalashtirishini ola boshladi.
Eng diqqatga sazovor jihati hozirda faqat Surinam va qo‘shni Gayana Islom Hamkorlik tashkilotiga kirgan Amerika qit’asidagi yagona davlatlar hisoblanadi.
Mamlakat 1975-yilda mustaqillikni qo‘lga kiritgach, kam sonli millat bo‘lgan oq tanli gollandlar Niderlandiyaga qaytib ketishdi. Hozirda bu yerda 6 ming nafar oq tanlilar qolgan va ularning ham bir qismi braziliyaliklardir.
Indoneziya mustaqil bo‘lgach, Surinamda «Indoneziya fermerlari ittifoqi» partiyasi tuzildi. Uning maqsadi bu yerda yashaydigan yavaliklarni o‘z ona vataniga qaytarish edi. Biroq ularni nafaqat Yavada kutishmayotgan edi, balki hayot darajasi ham bu yerda Indoneziyadan ancha yaxshiroq ham edi. Hindlar bilan ham shunday holat yuz berdi. Ular o‘z ona vatanlariga qaytishni istashmadi.
Aksincha, Niderlandiya hukumati oq tanlilarnigina emas, balki bu yerda yashaydigan boshqa aholini ham o‘z vatandoshi deb e’lon qildi va ular ko‘chib kelsa, pasport berishini bildirdi. Natijada juda ko‘plab aholi, ayniqsa, yoshlar u yerga ko‘chib keta boshladi va hozirda Niderlandiyada 350 ming surinamlik istiqomat qilmoqda.
Jahon futbol afsonalari Gullit, Raykard, Edgar Davids, Patrik Klyuyvert, Klarens Zeyedorf ham asli kelib chiqishi surinamlik edi. Bugungi kunda butun Yevropa gigant futbol jamoalarida 130 nafar surinamlik professional futbolchilar faoliyat ko‘rsatmoqda.
Ming afsuski, 1980-yilda harbiylar hokimiyatni egallab olgach, diktatura o‘rnatildi. 1986-1992-yillarda kreollar, bushnegr va hindlar o‘rtasida kelib chiqqan fuqarolar urushi ko‘plab odamlarning yostig‘ini quritdi.
Endilikda hukumatda doimo bir nechta etnik guruhlardan tashkil topgan koalitsiya hukmronlik qiladi.
Oxirgi saylovlarda ham shunday bo‘ldi. Hind va bushnegrlar koalitsiyasi shakllantirildi. Parlament saylagan prezident hind millatiga mansubdir. Kreollar esa muxolifatga aylandi.
Surinamda rasmiy til niderland tili bo‘lgani bilan, so‘nggi yillarda ingliz tilining ta’siri tobora kuchayib bormoqda.
Bugungi kunda hukumatning asosiy vazifasi – pandemiyaning halokatli ta’sirini yengish va o‘sib borayotgan qashshoqlikka barham berish, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishdan (asosan oltin, neft, yog‘och mahsulotlarini eksport qiladi) iboratdir.
Dildora Shomurotova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter