Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari tasdiqlandi

Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari tasdiqlandi

Hukumatning 2022-yil 14-oktyabrdagi qarori bilan Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari tasdiqlandi.

Mazkur hujjat davlat xizmatchilarining xizmat faoliyatiga oid va xizmatdan tashqari odob-axloqi, jamoatchilik bilan munosabatlariga doir qoidalarni o‘zida aks ettiradi.

Unga ko‘ra, davlat xizmatchisi halol, kamtar bo‘lishi, jamoatchilik tanqidiga yo‘liqmasligi, tanqidga uchraganda esa ta’qib qilmasligi, birovning manfaatini ko‘zlab sovg‘a, foyda va mukofot olmasligi lozim.

Xizmat safarlari, nazorat tadbirlarida sarf-xarajatlarni birovning hisobidan amalga oshirmasligi, ijtimoiy tarmoqlarda axloqqa zid iboralarni ishlatmasligi, fuqarolar va hamkasblarining sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi ma’lumotlar tarqatmasligi hamda internet sahifalariga islohotlarga ishonchsizlik uyg‘otadigan materiallarni joylashtirmasligi lozim.

Rahbarlar esa mahalliychilikka, urug‘-aymoqchilikka, tanish-bilishichilikka, guruhbozlikka yo‘l qo‘ymasligi, kadrlarni shaxsiy sadoqat belgilari bo‘yicha tanlash, tayinlash yoki tavsiya qilish bilan shug‘ullanmasligi lozim.

Davlat xizmatchilari, shuningdek, ishdan tashqari payti shuhratbozlikdan, maishatbozlikdan, ichkilikbozlikdan tiyilishi kerak, kafe-restoranlarda o‘zini tutish qoidalariga rioya qilishi, o‘ziga bevosita yoki bilvosita aloqador davlat idoralari yoki amaldorlardan, davlat xizmatchilaridan sovg‘a olmasligi kerak. YPX va shunga o‘xshash holatlarda xizmat guvohnomasini ko‘rsatib, do‘q urmasligi kerak.

Xizmat mashinasidan shaxsiy maqsadlarda foydalanmasligi, o‘zining shaxsiy mashinasidan foydalanganda esa tartib-taomillarga amal qilib haydashi, yo‘l qoidalariga qat’iy rioya qilishi zarur.

Davlat xizmatchilari etikasini buzgan xodimlar intizomiy jazoga tortilishi hamda ogohlantirilishi, rasmiy uzrnoma keltirishi, tanbeh berilishi mumkin. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring