«Grant»da o‘qiganlar davlatga uch yil ishlab beradi, bu tartib bekor bo‘lmagan – vazirlik
Ijtimoiy tarmoqlarda davlat granti asosida tahsil olgan OTM bitiruvchilarini majburiy tartibda kamida 3 yil ishlab berish talabi bekor bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. Bunga Prezidentning 2022-yil 15-iyundagi PQ-279-son qarori 3-ilovasi bilan 2005-yil 2-iyunda kuchga kirgan «2005/2006-o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga qabul to‘g‘risida»gi PQ-92-son qarorning bekor bo‘lgani haqidagi band asos qilib keltirilgan.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mazkur xabarlarga munosabat bildirib, bu trartib amalda saqlanib kelayotganini yozmoqda.
Qayd etilishicha, Prezidentning 2005-yil 2-iyundagi qarori 6-bandida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda Kadrlarni davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlash to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqish yuklatilgan.
Mazkur topshiriqqa muvofiq 2005-yil 7-iyuldagi 58, 154-1, 19 va 02/2658-sonli qaror bilan Kadrlarni davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlash tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlangan. Unda oliy ta’lim muassasalarini davlat granti asosida tahsil olib tamomlagan bitiruvchilarning uch yil ishlab berish majburiyati belgilangan.
Davlat rahbarining 2022-yil 15-iyundagi 279-son qarori 3-ilovasiga muvofiq Prezidentning ayrim qarorlari, jumladan, 2005-yil 2-iyundagi 92-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblandi. Ammo mazkur qaror ijrosiga ko‘ra ishlab chiqilib, tasdiqlangan Kadrlarni davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlash tartibi to‘g‘risidagi nizom o‘z kuchini yo‘qotmagan.
«Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi Qonunining 46-moddasi birinchi qismiga ko‘ra esa «ilgari qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarga yangi normativ-huquqiy hujjat qabul qilinganligi munosabati bilan zarur o‘zgartishlar va (yoki) qo‘shimchalar kiritiladi hamda ilgari qabul qilingan barcha normativ-huquqiy hujjatlar yoki ularning qismlari, agar ular yangi huquqiy normalarga zid bo‘lsa yoxud yangi normativ-huquqiy hujjat bilan to‘laligicha qamrab olingan yoki amalda o‘z huquqiy ahamiyatini yo‘qotgan bo‘lsa, lekin rasman o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilmagan bo‘lsa, o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilishi lozim».
Shunga ko‘ra, hozirga qadar nizomdagi tartiblar yangi huquqiy normalarga zid emas va ushbu nizomni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish bo‘yicha qoida biror-bir normativ hujjatda ko‘zda tutilmagan», – deyiladi rasmiy munosabatda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter