Romitan sudi ikki farzandini kanalga tashlab yuborgan ayolga hukm o‘qidi

Buxoro viloyati Romitan tumanida yashovchi 28 yoshli ayol tushkun holatda o‘zi hamda ikki nafar – 3 va 5 yoshli voyaga yetmagan farzandlarini yashash manziliga yaqin hududdagi «Xayrabod» kanaliga tashlab yuborgan. Oqibatda ona har ikki bolasining ham vafot etishiga sababchi bo‘lgan.
Bu haqda Xabar.uz’ga Jinoyat ishlari bo‘yicha Romitan tumani sudi raisi Jamshid Jamolov ma’lum qildi.
Sud hujjatlarida qayd etilishicha, 28 yoshli M.K. ikki nafar voyaga yetmagan farzandi bilan tumanning «Tarnaud» mahallasida qaynona-qaynota xonadonida yashab kelgan. Uning turmush o‘rtog‘i F.R. 2021-yilda Rossiyaga ishlash uchun ketgan bo‘lgan. Qaynona-kelin o‘rtasida esa turli kelishmovchiliklar kelib chiqib, ular doimiy ravishda janjallashib kelishgan.
Oiladagi tortishuvlar ortidan uning turmush o‘rtog‘i F.R. ham xotinini muntazam rashk qilib kelgan. Shu bois, ishlab topgan pullarini oilasiga emas, balki amakisiga yuborishni odat qilgan. Bu esa ayolning o‘z zaruratlari hamda farzandlari uchun xaridlarini cheklab qo‘ygan.
Oilaviy janjallarda er unga bolalarni tashlab o‘zining ota-onasinikiga ketishini, istasa o‘z joniga qasd qilishi mumkinligini aytib, unga ruhiy bosim ham o‘tkazib kelgan.
Natijada esa ayol qattiq tushkunlik holatiga tushib qolgan. Buning oqibatida u yashash hovlisi oldidan oqib o‘tuvchi kanalga o‘zi bilan birga ikki nafar voyaga yetmagan farzandlarini tashlab yuborgan. Ekspertiza xulosalariga ko‘ra, voyaga yetmagan 5 yoshli qizi hamda 3 yoshli o‘g‘li yuqori nafas yo‘llarining suyuqlik bilan yopilishi oqibatida yuzaga kelgan mexanik asfiksiya oqibatida vafot etishgan.
Ayolning o‘zi esa hodisaga guvoh bo‘lib qolgan qo‘shnisi tomonidan suvdan chiqarib olingan.
«Ish» yuzasidan jalb qilingan psixiatorlar ko‘rigi natijalariga ko‘ra ham ayolga jinoyat sodir etgunga qadar ijtimoiy-psixologik jihatdan zarar yetkazilgan va miyasining tormozlanishi oqibatida qisqa muddatli affekt holatiga tushib, jinoyat sodir etgan.
Ammo sudlanuvchi M.K. sodir qilgan harakatlari uchun baribir qonun oldida javob berishiga to‘g‘ri keldai.
«Qaynonam yuzimga tarsaki tushirib, qo‘limdan bolalarimni tortib oldi. Qaynotam: «Bolalarni biz saqlaymiz, sen chiqib ket! » deb aytdi. Shunda ham ketmadim. Oradan biroz vaqt o‘tgach, bu holatga chidolmay, orqa kichik eshikdan bolalarim bilan chiqdim. O‘sha vaqtda katta darvozadan chiqib ketganimda, balki boshqa tomonga ketardim. Boradigan uyim-joyim yo‘q. Bolalarimni esa bu oila a’zolariga bergim kelmadi. Uyimiz yonidan katta kanal oqib o‘tadi. Ko‘zim shunga tushdi. O‘zim bilan bolalarimni ham suvga tashlash xayoli keldi. Qanchalik og‘ir bo‘lganini boshqa birov miyasiga sig‘dira olmas, ammo hayotdan bezib ketganimmi, ko‘zimga ham, aqlimga ham boshqa hech narsa kelmadi», – deydi sudlanuvchi M.K.
Dastlabki tergov organi tomonidan uning sodir qilgan jinoiy harakati Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish), 2-qismining «a, v» bandlari, ya’ni «Qasddan, aybdorga ayon bo‘lgan ojiz ahvoldagi ikki yoki undan ortiq shaxsni o‘ldirish» bilan to‘g‘ri kvalifikatsiya qilingan.
M.K.ning turmush o‘rtog‘i F.R. esa ular ikki nafar farzandlaridan ayrilishgani, u turmush o‘rtog‘i bilan birga yashab, yana farzand ko‘rishlariga imkon berilishini so‘ragan. Bu holatlarga o‘zi aybdorligini, turmush o‘rtog‘ining aybi yo‘qligini, u turmush o‘rtog‘i qamoqdan chiqishini kutayotganini va unga nisbatan hech qanday da’vosi yo‘qligini bildirgan. Xotini farzandlarini qasddan o‘ldirmaganni aytib, ko‘rsatuv bergan.
Sudlov hay’ati M.K.ning shaxsini, oilaviy sharoitini va chin ko‘ngildan pushaymonligini e’tiborga olib, Jinoyat kodeksining 55-moddasiga (Jazoni yengillashtiriuvchi holatlar) asosan, uning harakatlarida jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar mavjud emas, deb hisoblagan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 57-moddasini (Yengilroq jazo tayinlash)qo‘llab, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter