“Olovlar yurti – Ozarbayjon”

Joriy yil 12-mart kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida «Olovlar yurti – Ozarbayjon» kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Kitob taqdimoti Ozarbayjonning O‘zbekistondagi elchixonasi qoshidagi Haydar Aliyev nomli Madaniyat markazi va Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi tomonidan tashkil qilindi. Kitob muallifi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining a’zosi Sharofiddin To‘laganov.
Ma’lumki, Ozarbayjonning O‘zbekistondagi elchixonasi qoshida Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyati markazi har yili o‘zbekistonlik jurnalistlar uchun Ozarbayjonga press-tur tashkillashtiradi. Sharofiddin To‘laganov ana shu safarlar davomida olgan taassurotlarini jamlagan holda ushbu kitob dunyo yuzini ko‘rdi. Kitobda muallif Ozarbayjon tarixi va buguni haqida ko‘plab ma’lumotlarni qalamga olgan.
Tadbirda so‘z olgan Ozarbayjonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Husayn Guliyev, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori, senator Abdusaid Ko‘chimov, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva, shoir va yozuvchi To‘lqin Eshbek, «O‘zbekiston 24» radiosi direktori Xudoynazar Do‘stqobilov va boshqalar o‘zbek jurnalistining mazkur kitobi ikki mamlakat halqlari o‘rtasidagi do‘stlikning mustahkamlanishiga xizmat qilishini alohida ta’kidlashdi. Darhaqiqat, ikki yurtning shoirlar, adiblar hamda davlat rahbarlari o‘rtasidagi do‘stlik o‘zbek va ozarbayjon xalqlarini yanada yaqinlashishiga, o‘zaro hurmat va e’tiborni kuchayishiga mustahkam zamin yaratib kelmoqda.
– Ozarbayjonga borganimizda bu yurtning madaniyat markazi, musiqa va san’atining beshigi bo‘lgan Shushadagi urush natijasidagi vayrongarchiliklarni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik, – deydi Sharofiddin To‘laganov. – Bir xalqning tarixiyu madaniyatini yo‘q qilish uchun barcha razilliklar qilingan. 1992 yilning 7-8 may kunlari 250 yillik tarixga ega bo‘lgan Shusha shahri yer yuzidan deyarli supirib tashlandi. Shaharni okkupatsiya qilinishi oqibatida 23 mingdan ortiq ozarbayjonlik kindik qoni to‘kilgan makonlardan haydab chiqarilgan. O‘sha yilning 12 mayidan boshlab qurolli guruhlar shahardagi tarixiy-me’moriy, san’at yodgorliklarini buzib tashlagan. Ammo hozirda ozarbayjonlik qardoshlarimiz matonati bilan Shusha qayta tiklanmoqda. Urush o‘z nomi bilan urush u hech kimni, hech narsani ayamaydi. Shu sababli ham hech qachon urush bo‘lmasin. Kitobda mana shu voqealar ham baholi qudrat so‘z yuritishga harakat qilganman.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter