Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Suv xo‘jaligini rivojlantirishning 10 yillik konsepsiyasi: maqsad va rejalar

Suv xo‘jaligini rivojlantirishning 10 yillik konsepsiyasi: maqsad va rejalar

Biz suv tanqisligi davriga qadam qo‘ydik. Bu muammo bor va buyog‘iga tobora jiddiylashib boraveradi. Suv tanqisligi, ushbu vaziyatga ta’sir ko‘rsatuvchi omillar, jumladan, iqlim o‘zgarishi, aholi sonining o‘sishi, suvga bo‘lgan talabning oshib borishi kabi omillarni aniqlash, doimiy kuzatish va tahlil qilish zarur. Bunga esa avvalo qonuniy baza kerak.

2019-2020-yillar mobaynida suv xo‘jaligi sohasini tartibga soluvchi jami 30 ga yaqin qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 10 iyuldagi Farmoniga muvofiq tasdiqlangan Konsepsiya ular orasida eng muhim hujjatlardandir. Konsepsiya sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish va suv xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha qator dolzarb vazifalar hamda ustuvor yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan.

Mazkur hujjatda 2030-yilga qadar quyidagi maqsadlar nazarda tutilgan:

  • sug‘orish tizimlarining foydali ish koeffitsiyentini 0,63 dan 0,73 gacha oshirish;

Ya’ni, masalan, 1 tonna suv bilan hozir bizning dehqonlarimiz 63 sotix yerni sug‘orayotgan bo‘lsa, yangi texnologiyalarni joriy qilish, suv isrofgarchiligiga chek qo‘yish hisobiga endi 1 tonna suv 73 sotix yerni sug‘orishga yetkaziladi. Qishloq xo‘jaligi iqtisodiyotimizning asosiy tarmoqlaridan ekanligini, sug‘orilayotgan maydonlar hajmini hisobga olib aytish mumkinki, bu raqam juda katta farqni anglatadi.

  • suv ta’minoti past bo‘lgan sug‘oriladigan yer maydonlarini 560 ming gektardan 190 ming gektargacha kamaytirish;

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan yerlar ikki xil toifaga ajratiladi. Birinchisi, tabiiy yomg‘ir bilan sug‘oriladigan lalmi yerlar. Ikkinchisi, sun’iy sug‘orish tarmoqlari orqali suv yetib boradigan yerlar. Barcha meva-sabzavotlar, paxta va g‘alla hosilining asosiy qismi ana shu ikkinchi toifa yerlarda yetishtiriladi. Biroq, ko‘plab sug‘orish tarmoqlari (ariqlar, kanallar, kollektor-drenaj tarmoqlari) o‘tgan asrda barpo etilgan bo‘lib, ular dalalarga yetarlicha suv yetkazib bera olmayapti. Natijada, yer yaroqsiz holatga kelib qoladi. Hozirga kelib bunday yerlarning umumiy maydoni 560 ming gektarni tashkil qiladi. Konsepsiyaning ikkinchi maqsadi sug‘orish tarmoqlarini ta’mirlash va yaxshilash evaziga ushbu ko‘rsatkichni 190 ming gektargacha kamaytirishdir. Yana bir muhim jihat shuki, eskirgan sug‘orish tarmoqlari suv yo‘qotishlarining bosh sababchilaridandir.

  • sho‘rlangan sug‘oriladigan yer maydonlarini 226 ming gektarga kamaytirish;

Yetarlicha hosil olish uchun sho‘rlangan yer «yaxshi» yerga qaraganda bir necha marta ko‘p sug‘oriladi. Bu esa ortiqcha mehnat, elektr energiyasi, suv ishlatiladi deganidir. Ekologiyaning buzilishi sababli O‘zbekistonda yerlarning sho‘rlanish jarayoni davom etmoqda.

  • Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi nasos stansiyalarining yillik elektr energiyasi iste’molini 25 foizga kamaytirish;

Qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orishda eng ko‘p ishlatiladigan resurslardan birinchisi suv bo‘lsa, ikkinchisi nasos stansiyalari tomonidan ishlatiladigan elektr energiyasidir. Suv xo‘jaligi vazirligidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2022-yilda sug‘orish maydonlaridagi nasos stansiyalari 4 850,4 mlrd. so‘mlik elektr energiyasi sarf qilgan. O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich Markaziy Osiyodagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 41% baland.

  • barcha irrigatsiya tizimi ob’yektlariga «Aqlli suv» suv o‘lchash va nazorat qilish qurilmalari o‘rnatilib, suv hisobini yuritishda raqamli texnologiyalarni joriy etish;

Hozirga kelib rivojlangan mamlakatlarda qishloq xo‘jaligiga raqamli texnologiyalar shiddat bilan kirib kelmoqda. Dronlar, GPS, «aqlli» sug‘orish va o‘g‘itlash texnologiyalari, ekin maydonlarini kompyuter yordamida modellashtirish va monitoring qilish, ob-havo va shamol tahlillari kabi narsalardan allaqachon foydalanishmoqda. Konsepsiyadagi bu maqsad aynan shunga qaratilgan – raqamlashtirish orqali suv sarfini o‘lchash va nazorat qilish.

  • 100 ta yirik suv xo‘jaligi ob’yektida suvni boshqarish jarayonlarini avtomatlashtirish;

Bunda AQSh, Xitoy, Turkiya, Avstraliya singari xorijiy mamlakatlarning suv xo‘jaligi ob’yektlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha tajribalaridan foydalaniladi.

  • suvni tejaydigan texnologiyalar bilan qamrab olingan yerlarning umumiy maydonini 2 million gektargacha, shu jumladan, tomchilab sug‘orish texnologiyasini 600 ming gektargacha yetkazish;

Bu ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekiston bugungi kunda Markaziy Osiyoda 1 o‘rinda, MDH davlatlari orasida 2 o‘rinda, Osiyo davlatlari orasida 4 o‘rinda, dunyoda esa 13 o‘rinda turibdi. Konsepsiyada respublikadagi barcha ekin maydonlari ushbu texnologiyalar bilan qamrab olish maqsad qilingan.

  • suv xo‘jaligida davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida 50 ta loyihani amalga oshirish.

Shuningdek, Konsepsiyada belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi», asosiy maqsadli ko‘rsatkichlar va indikatorlar belgilangan.

Konsepsiya suv xo‘jaligidagi strategik yo‘nalishlarni belgilaydi, bu esa mamlakat suv resurslaridan oqilona foydalanish imkonini beradi.

Asosiy maqsad – suvdan foydalanishda iqtisodiy, ekologik va ijtimoiy muvozanatni ta’minlash. Shu yo‘l bilan suv ekotizimlarini saqlash, suv ifloslanishining oldini olish va aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash.

Ushbu hujjat muvaffaqiyatli amalga oshirilib, irrigatsiya tizimi butun respublika bo‘yicha rivojlantirilsa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish va oziq-ovqat mahsulotlari importiga qaramlikni kamaytirishga xizmat qilishi shubhasiz. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring