Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kechki ovqatga tanovul qilib bo‘lmaydigan 5 ta mahsulot

Kechki ovqatga tanovul qilib bo‘lmaydigan 5 ta mahsulot

Foto: «Depositphotos/belchonock»

Ortiqcha vazndan xalos bo‘lishni xohlovchilar kechki taomnomadan oq non, kartoshka pyuresi, salat, shirin ho‘l va quruq mevalarni chiqarib tashlashi zarur, dedi diyetolog Olga Dekker.

Uning izohlashicha, non mahsulotlari qonda glyukoza darajasini birdan ko‘tarib yuboradi. Ortiqchasini organizm «zaxiraga» olib qo‘yadi, bu ortiqcha vazn to‘plashga olib keladi. Qoramtir yorma yoki butun dondan tayyorlangan pishiriqni oz miqdorda yeyish qad-qomatga zarar qilmaydi.

Shuningdek, kechki ovqatga kartoshka pyuresini yeyish «qat’iyan man etiladi». Olga Dekker buni shunday izohlaydi: «Uning tarkibida oqsil kam, biroq uglevod bisyor. U juda tez so‘riladi».

Yengil salat — diyetologning ro‘yxatidagi eng kutilmagan mahsulot.

«Kechki ovqatdan sakkiz-o‘n soat o‘tgach o‘t pufagida safro yig‘iladi. Agar ichakda ozuqa bo‘lsa, unga yordam berish uchun safro ajraladi. Ovqat bo‘lmasa, o‘t pufagida qoladi. Agar och qoringa yotsangiz (yengil salatdan so‘ng shunday bo‘ladi), ertalab turib qolgan safro bilan uyg‘onasiz. Bu esa o‘t pufagida tosh paydo qilishi hech gap emas», — deya tushuntiradi diyetolog.

Shuningdek, uxlashga yotishdan oldin shirin mevalarni yeyish tavsiya etilmaydi. 200-300 gramm uzum, qovun, xurmo yesangiz, tamom, bir kunlik me’yorni bajarib qo‘yasiz. Ekspertning ta’kidlashicha, bunday taom kunlik qabul qilish kerak bo‘lgan yegulikning 50 foizini tashkil etadi.

«Yana kechasi quruq meva iste’mol qilmang, — deb yozadi Olga Dekker «Instagram»da. — To‘g‘ri, ular foydali, lekin uglevod konsentratsiyasi o‘ta yuqori. O‘n dona olxo‘ri qoqi — 50 gramm uglevod. Bu 12 choy qoshiq shakar degani».

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring