Hammasiga — Prezident!
Sharqda yashaymiz. «Sharq — nozik masala» deyiladi mashhur bir filmda. Bu davlat boshqaruv tizimida ham namoyon bo‘ladi. Ko‘hna qit’adagi ko‘p davlatlarda prezident lavozimini egallab turgan mansabdor amalda hech narsani hal qilmagani holda har kuni o‘zining hashamatli qarorgohiga borib kelaverishi mumkin. Ammo Sharqda vaziyat butkul boshqacha — barcha davlatlarda, xususan O‘zbekistonda ham prezident davlatning eng birinchi odami, konstitutsiya, qonunlar ustuvorligi, oddiyroq tilda aytilganda adolat kafolati, qurolli kuchlardan tortib xalq xo‘jaligining barcha sohalariga javobgar shaxs.
Albatta ko‘nglingizdan bir fikr o‘tmoqda. «Xo‘sh, nima qilibdi? Bu gaplarning nimasi yangilik?». To‘g‘ri, yangilik yo‘q. Buni hammamiz bilamiz. Biz oliy boshqaruv tizimiga ko‘nikkanmiz, davlat rahbariga suyanishga o‘rganganmiz, sharqona tarbiyaga ko‘ra «podshohning amri vojib». Ayniqsa amaldagi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevning nihoyatda faol harakati, yillar davomida to‘planib yotgan muammolarni hal qilishga shitob bilan kirishgani, nafaqat o‘z yurtimizdagi, balki qo‘shni davlatlar bilan bog‘liq unutilishga mahkum etilgan masalalarni ham oshkora yechayotgani ortidan Prezidentga ishonch keskin ortdi. Reytinglar tuzuvchi, jamoat fikrini o‘rganuvchi har qanday tashkilot kelib vaziyatni xolis o‘rgansa O‘zbekistonda Prezident juda yuqori ko‘rsatkichlarga erishishi shubhasiz.
Buning o‘ziga xos tomonlari bor.
«Xabar.uz» axborot tahliliy portali aholidan tushayotgan murojaatlarni o‘rganishni boshlaganidan xabaringiz bor. Murojaat qiluvchilarning hammasi, tabiiyki, o‘zini to‘la-to‘kis haq deb biladi (bu qanchalik to‘g‘riligi alohida mavzu). Shuningdek, ular aynan o‘zlari yashayotgan hududda (tumanda, viloyatda...) haqiqat mutlaqo yo‘qligini ishonch bilan ta’kidlaydilar. Eng qizig‘i murojaat qiluvchilarning aksariyati ularni qiynayotgan muammo bilan davlat rahbarining o‘zi shaxsan (!) shug‘ullanishini istashadi.
Soddaligimiz bor albatta. Chunki oddiy mantiqqa amal qilinganda ham buning aslo iloji yo‘qligi ayon-ku. Bir murojaatni barcha taqdim qilingan hujjatlar asosida birlamchi o‘rganish kamida ikki-uch soat vaqtni oladi. Ya’ni Prezident ikki yoki uch nafar murojaat qiluvchining muammosi ustida ishlab butun mamlakat hayotini chetga surib qo‘ya olmaydi.
Buning bir izohi bo‘lishi mumkin: murojaat qiluvchilarning ko‘pchiligi papka-papka qog‘oz ko‘tarib yurishadi va deyarli hamma mutasaddi tashkilotlarga bosh urib bo‘lishgan. Ammo ular o‘z nazaridagi, o‘zlari tasavvur qilgan haqiqatni topa olishmagan va eng oxirgi hamda yagona umid sifatida Prezidentga murojaat qilmoqchi bo‘lishadi.
Balki yillar davomida yuqori tashkilotlarning xalq murojaatlariga lozim darajada e’tibor qaratmagani, ikki tomon o‘rtasidagi uzilish o‘tib bo‘lmas jarga aylangani oqibatida ko‘pchilikning ishonchi tiklanishi qiyin bo‘layotgandir. Yoxud bu tizimlardagi bir holatga turlicha talqinlar va kimlarningdir vaziyatdan chiqish va arizachidan qutulish uchungina og‘zaki va’dalar yoki yo‘nalishlar berib yuborishi natijasidir.
Yanada og‘iri — har bir amaldor, hamma mutasaddi har bir ommaviy chiqishi, hamma intervyusida «Prezidentimizning ko‘rsatmasiga muvofiq, yurtboshimizning tashabbusiga ko‘ra, davlatimiz rahbari rahnamoligida» deya javobgarlikdan qochishga o‘rganib olganlari ortidan o‘zlariga suv yuqtirmay qo‘yganlarining natijasidir bu?!
Harqalay bir narsa aniq — har bir muammoning yechimini bevosita Prezidentga bog‘layverish bir kun kelib yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin. Chunki Prezident hamma bilan bevosita uchrashishga real vaqt topa olmasligi aniq. Quyi tizimdagilar esa o‘zlari masalani yechmaganlari kamlik qilgandek go‘yo fuqaroning Prezidentga chiquvchi yo‘lini to‘sib turgandek, ataylab haqsizlik qilayotganday taassurot uyg‘otaveradi. Oxir-oqibat fuqaro o‘zi tasavvur qilgan haqiqatni hamda o‘z nazdidagi adolatni topa olmasdan hammadan norozi bo‘lib ketadi va boshqalarga ham shu kayfiyatini yuqtirishga urinadi. Go‘yoki butun olam ularga qarshi, qo‘l siltab aytgan gaplari bitta — hech joyda haqiqat yo‘q ekan!
Hududiy tizimlar, hokimliklar, xalq qabulxonalari bejiz tashkil etilmagan. Ular aynan mana shunaqa yechimini topmayotgan muammolarni hal etishlari lozim. O‘z navbatida, fuqarolar ham o‘zlarining huquqlarini bilish bilan birga majburiyatlaridan, amaldagi qonunlardan ham boxabar bo‘lishlari talab qilinadi.
Qissadan hissa degan joyiga keldik...
Eng kichik amaldagi mutasaddi, hatto o‘zimiz ozgina jon koyitsak yechiladigan muammo uchun ham Prezidentdan turtki kutib o‘tirmaylik. Bo‘lar-bo‘lmasga Prezident nomini aralashtirib hujjatni pesh qilmaylik va yanada muhimi Prezidentga bizning (aynan bizning) muammomizni yechishi shart bo‘lgan shaxs sifatida qaramay, o‘zimiz O‘zbekistonga va, tabiiyki, Prezidentga ko‘mak berishga qodir shaxs bo‘lishga urinaylik!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter