Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Anvar Namozov

Dunyoda tasodif yo‘q, bu so‘zlarni o‘qiyotganingiz ham tasodif emas!

Chikago mafiyasi qiroli – chandiq yuzli Al-Kapone

Chikago mafiyasi qiroli – chandiq yuzli Al-Kapone

Yoxud ayanchli umr intihosidagi cho‘pchaklar

Alfonso Gabriel «Katta Al» Kapone  (1899 yil 17 yanvar – 1947 yil 25 yanvar) – 1920 – 1930 yillarda Chikago hududida ulkan jinoyatlarga qo‘l urgan amerikalik gangster. U mebel biznesi niqobi ostida qimorbozlik va qo‘shmachilik bilan shug‘ullangan. Kapone – Italiya mafiyasi ta’siri ostida paydo bo‘lgan hamda faoliyat ko‘rsatgan AQShdagi uyushgan jinoyatchilikning yaqqol vakili. U jinoyat olamida «Chandiq yuzli kishi» laqabi bilan tilga olingan...

Maktabni tark etib...

Gabriel Kapone (1865 – 1920) va uning xotini Tereza (1867 – 1952) Amerikaga muhojir bo‘lib borishgan va Nyu-Yorkning Bruklin shahri atrofidagi Uilliamsburgdan qo‘nim topishgandi. Gabrielning yetti nafar o‘g‘li va ikki qizi bor edi.

Uning o‘g‘illaridan biri Alfonso erta bolaligidan o‘zining savdoyilik alomatlarini namoyon etdi. U bo‘lar-bo‘lmasga jazavaga tushar, tajovuzkorligini namoyon etardi. Oltinchi sinfni bitirish arafasida Alfonso o‘qituvchisiga tashlandi. Shundan so‘ng maktabni tark etib, o‘zini =ar tomonga urib ko‘rdi. Bouling-klub, dorixona, qandolatchilik do‘konlarida ishladi. Biroq Alfonsoni tungi hayot ko‘proq qiziqtirardi. Keyinroq, uning bilyardga ishtiyoqi oshib, Bruklindagi deyarli barcha turnirlarda g‘alaba qozondi.

Alfonso barmen va mast-alastlarni tungi klublardan chiqarib tashlovchi mushtumzo‘r sifatida ham xizmat ko‘rsatdi. Jismoniy jihatdan baquvvat bo‘lgan Kapone o‘zining bossi Yelning «Harvard Inn» muassasasida bu ishlarni bajonidil bajarardi.

Uning bosqinchi va qotil Frenk Galluchio bilan pichoqlashishi hayotining xuddi shu lahzalarida ro‘y bergan. Ziddiyat qiziqqon Kapone Galluchioning qayinsinglisini yoqtirib qolgani tufayli sodir bo‘ldi. Ikki o‘rtada janjal kelib chiqdi. Galluchio buklama pichog‘i bilan Alning o‘ng yuziga chuqur jarohat yetkazdi. U raqibining jinoyat olami tarixida «Chandiq yuzli kishi» laqabini orttirishini bilmasdi, albatta.

Darvoqe, hayotlik chog‘ida hech kim Kaponenining bu laqabini tilga olishga jur’at qilmagan. Alfonso yuzidagi tirtig‘idan uyalar, bir umrlik jarohatini «Yo‘qolgan batalon»dagi ishtiroki bilan izohlardi (Birinchi jahon urushi davrida Antanta jangchilari Argon o‘rmoniga hujum operatsiyasi uyushtirgan va Amerika piyoda qo‘shinlari fojiali mag‘lubiyatga uchragan). Aslida, Kapone urushga borish nari tursin, armiyada ham xizmat qilmagan.

Kapone qurol va pichoqni mohirona ishlatishni tinimsiz mashq qilardi. Buning natijasi o‘laroq tez orada afsonaviy Jonni «Ota» Torrio to‘dasining e’tiboriga tushdi. Mazkur guruh «Besh zambarak to‘dasi» bilan tanilgan edi. Nyu-Yorkdagi eng kuchli va ko‘p sonli jinoiy tashkilot bo‘lmish Torrio bandasi bir yarim mingdan ziyod bosqinchidan iborat edi. Ular o‘g‘rilik, qaroqchilik, bosqinchilik va buyurtmali qotillik bilan shug‘ullanishardi. Aynan Torrio Kaponeni xavfli tryuklarga o‘rgatib, kelgusida uning jinoyat olami cho‘qqisiga chiqishi uchun zamin yaratdi. Kapone shiddatli faoliyatini ta’minlagan ko‘plab mashqlari tufayli umrining oxirigacha Torriodan minnatdor bo‘lib, Jonnini ota va ustoz deb bildi.

Chikagoga yo‘l

1918 yilning 18 dekabrida 19 yoshga to‘lgan Alfonso irlandiyalik 21 yashar Maya Koflinga uylandi. Oradan ko‘p o‘tmay oilada kichik Alberto tug‘ildi. Bu paytda Kaponening rahnamosi Torrioning Nyu-Yorkda ishi uncha yurishmay, birmuncha erkin bo‘lgan Chikagoga ko‘chib ketdi va jinoiy faoliyatini davom ettirdi.

Nyu-Yorkda qolgan Kapone esa qasddan qilingan ikkita qotillikda gumon qilinib, keyin qo‘yib yuborildi. Sababi... ayblovning asosiy guvohi to‘satdan xotirasini yo‘qotgan, daliliy ashyolar esa sudyaning xonasidan sirli ravishda g‘oyib bo‘lgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay Kapone tashkilot raqobatchilaridan biri bo‘lgan ko‘cha kallakesari bilan janjallashib qoldi va o‘sha zahotiyoq uni o‘ldirdi. Shahardan ketgan Torrioning yordamisiz hibsga tushishi mumkin bo‘lgan Kapone Jonni Otaga qo‘ng‘iroq qildi va vaziyatni tushuntirdi. Torrio tomonidan Chikagoga taklif etilgach, tezda lash-lushlarini yig‘ishtirib, xotini va o‘g‘li bilan Nyu-yorkni tark etdi.

Chikagoga tashrif buyurgan Kapone Torrioning yangi klubida barmen va mast-alastlarni uloqtiruvchi bo‘lib joylashdi. U ko‘z ochib yumguncha shahardagi eng tajovuzkor xodim sifatida dong taratdi. Klubga kelganlar ko‘pincha qo‘llari va qovurg‘alari singan holda, ba’zida esa miya chayqalishi bilan bu dargohni tark etishardi. Bir kuni, hatto mijozlardan birining qoni zaharlandi – es-hushini yo‘qotgan Kapone uning bo‘ynidagi tomirini tishlab olgan edi. Mazkur harakatlar sezilmay qolishi mumkin emas va Kapone tez orada politsiya bo‘linmasiga chaqiriladigan bo‘ldi. Biroq Torrioning mustahkam aloqalari tufayli hibsga olinganidan ikki-uch soat o‘tgach uni qo‘yib yuborishardi. Klubda ishlagan vaqtida Torrioning buyrug‘iga ko‘ra Kapone kamida o‘n ikki kishini bo‘g‘ib o‘ldirgan. Ularning murdasi tun qorong‘isida yerto‘la orqali klubning orqa tomoniga chiqarilar, u yerda esa o‘g‘irlangan tezyurar mashina kutib turardi.

Ayni paytda Torrio va «To‘ng‘ich» Kolozimo o‘rtasida munozara kechayotgandi. Torrio jinoiy faoliyatni kengaytirishni xohlar, Kolozimo esa, aksincha buni istamasdi. Ochko‘z va maslak-maqsadi yo‘q Torrio barcha imkoniyatlarini ishga solib, o‘jar qarindoshini yo‘ldan olib tashlamoqchi bo‘ldi. Bu borada unga Alfonso yordam berdi. To‘daning eski tanishi – kallakesar Frenk Yel ijrochi sifatida ishga kirishdi.

Keyinroq Torrio to‘dasi Deyon O‘Benion guruhi bilan to‘qnash keldi. O‘Benion o‘ldirildi. Biroq uning odamlari mag‘lubiyat bilan murosa qila olmay, Alfonsoning ukasi Frenkning umriga zomin bo‘lishdi. Torrio esa ikki marta joniga qasd qilingani va otishmada og‘ir jarohatlangani bois, ishni Kaponega topshirdi.  Bu paytda to‘da mingga yaqin odamiga ega bo‘lib, har haftada 300 ming dollar daromad qilardi.

Kapone mafiyaning ishonchini oqladi. U «reket» degan tushunchani joriy qildi, shuningdek, fohishabozlik, buzuqlikni kengaytirdi. Kapone davridagi qonli muhorabalar chek-chegara bilmasdi. 1924 – 1929 yillar orasida o‘zaro to‘qnashuvlar tufayli Chikagoda besh yuz nafar odam o‘ldirilgani buning isboti bo‘la oladi. Kapone O‘Benion, Douerti va Bill Moranlarning irland to‘dalarini shafqatsizlarcha qirib tashladi. Uning avtomatlariga pulemyotlar, granatalar qo‘shildi. Avtoulovga portlovchi qurilmalar o‘rnatish, mashina o‘t oldirilganida portlashi o‘sha paytda jinoiy amaliyotga kiritildi.

Bunga sari Kapone shahardagi jinoyat olamining haqiqiy Doni sifatida o‘ziga majburiyat oladigan bo‘ldi. Yashirin tashkiloti gullab-yashnagan davrida uning talonchilari yaxshigina qurollangan edilar. Shahar politsiyasining yarim xodimi ham maxfiy ravishda Kapone manfaatiga xizmat qilardi.

Hammasining hisobi bor

Kapone doimiy ravishda politsiya zobitlari, okrug prokurorlari va merlari, qonun chiqaruvchi kengash deputatlari, hatto AQSh kongressmenlariga shaxsiy moyana berib turgan. Bir kuni Chikagodagi uncha katta bo‘lmagan Sitsero hududi meri Kapone bilan kelishuvsiz yangi farmon chiqarishga jur’at qildi. G‘azablangan Kapone shahar kengashi zaliga kirib bordi va merni kostyumining yoqasidan ushlab ko‘chaga sudrab chiqdi. Keyin esa olomon va deputatlarning ko‘z o‘ngida uni salkam o‘lgunicha do‘pposladi.

«Chikago qiroli» nufuzining Kapone uchun salbiy tomonlari ham bo‘lgan, albatta. Uning oilasiga hamisha noma’lum kishilar telefon orqali po‘pisa qilishar, ko‘cha-ko‘yda o‘zini o‘qqa tutishar, klubda esa zaharlashga urinishardi. Bir kuni Kaponening ashaddiy dushmanlaridan biri, Chikagodagi yana bir banda rahnamosi O‘Brayen pishiq-puxta suiqasd tayyorladi. Rejaga ko‘ra, Kapone bir necha kun qo‘nim topgan «Xautorn Inn» mehmonxonani pulemyotlardan tinimsiz o‘qqa tutildi. Uning xonasiga mingdan ortiq o‘q otilgach, og‘ir marmar stoli ortida yashiringan Kaponeni o‘ldi, deb o‘ylashdi. O‘Brayen g‘alabani nishonlash uchun ketgan vaqtda Al Kapone vayronaga aylangan mehmonxona bo‘laklari ostidan chiqib, javob zarbasi yo‘llash haqida bosh qotirardi.

O‘Brayenni tez va shafqatsizlarcha o‘ldirish maqsadida Kapone o‘zining ikki nafar eng yaxshi mergani Jon Skalizo va Albert Anselmidan foydalandi. Bu rejasi amalga oshgach, boshqa raqobatchi to‘daning Skalizo va Anselmi bilan kelishuv tuzgani haqida bilib qoldi. Mazkur bitimga ko‘ra, Kapone yaqin hafta ichida yo‘q qilinishi kerak edi. O‘Brayenning o‘ldirilishi munosabati bilan uyushtirilgan ziyofatga taklif qilingan bu ikki merganni Kapone shaxsan o‘zi bosqinchilar ko‘z o‘ngida chillak bilan urib o‘ldirdi. Endi uning so‘nggi dushmani Bagz Morgan – O‘Brayenning yagona tirik qolgan yordamchisi qolgan edi, xolos. Aynan Morganni o‘ldirishi Al Kapone imperiyasi halokatining debochasi bo‘ldi.

Avliyo Valentin kuni uning bir necha saralangan bosqinchilari politsiya kiyimida Morganning yerto‘lasiga yopirilib tushishdi va O‘Brayenning yetti nafar odamini devorga tizishdi. Morganning odamlari hech qanday qarshilik ko‘rsatmay, bu tashrifni politsiyaning navbatdagi qurshovi deb o‘ylaganida... ularga qarata avtomatlardan bir yarim mingdan ko‘p o‘q uzildi.

Bu paytda Morgan yerto‘lada emasdi. Uning yordami bilan shahar matbuotida «Qonli avliyo Valentin» atrofida katta shov-shuv ko‘tarildi.

Kapone imperiyasi qulashini uning otlar va itlar poygasiga mas’ul odamlaridan biri boshlab berdi. AQSh soliq politsiyasi tomonidan Chikago jinoyat dunyosiga olib kirilgan eng sara agentlardan biri bo‘lmish bu odamning ism-sharifi Eddi O‘Xeyr edi. U Kaponening barcha xarajatlari qayd etilgan hisobotlar kitobi yashirilgan joyni soliq nozirlariga fosh etdi. Mazkur hujjatlarda Kapone imperiyasi daromadining haqiqiy aylanmasi aks etgan edi.

Hayoti mobaynida hech qachon daromad solig‘i to‘lamagan Al Kapone 1931 yilning 1 iyun kuni hibsga olindi. U soliq to‘lashdan atayin bo‘yin tovlashda ayblanib, federal sud oldida javob berdi.

Xastalik va o‘lim

To‘lanishi kerak bo‘lgan soliq miqdori shunchalik kam ediki, Kapone o‘g‘lining cho‘ntagidan buni amalga oshirishi mumkin edi. Biroq sud uning o‘sha paytda ulkan hisoblangan 400.000 dollar pul to‘lash taklifini rad etdi va ishni oxirigacha olib bordi. Oqibatda Kapone 50.000 dollar miqdorida jarimaga tortildi va sud xarajatlari uchun 30.000 dollar undirilib, mazkur jinoyat uchun belgilangan uzoq muddat – 11 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Kapone va xotinining bisotlari musodara qilindi. Biroq to‘plangan ko‘plab mulk boshqa kishilar hamda soxta korporatsiyalar nomiga rasmiylashtirilgan edi. Natijada politsiya ekspertlari tomonidan baholangan 100.000.000 dollarlik mol-mulk uning oilasi qo‘lida qoldi.

Ozodlikdan mahrum etilgan Al Kapone birinchi yilni Atlanta qamoqxonasida o‘tkazdi. 1934 yili esa Alkatrats orolidagi mashhur «Qoya» hibsxonasiga yuborildi. U yerdan esa davosi yo‘q so‘zak kasaliga duchor bo‘lgani bois ozod etildi. Kapone bu xastalikni Nyu-Yorkda o‘tkazgan beg‘am yoshlik yillarida orttirgan edi. Ish takroriy ko‘rib chiqilgach, Kapone shuursiz (o‘zi nima qilayotganini bilmaydigan) deb topildi va oilasining vasiyligiga topshirildi.

Ayni o‘sha paytda Chikagoning unga sodiq bosqinchilari uzoq yillik izlashlaridan so‘ng o‘zining ism-sharifini o‘zgartirgan Eddi O‘Xeyrani topdilar va mashinasida o‘ldirib ketdilar. Biroq bu vaqtda keksayib qolgan Al Kapone batamom zaiflashgan, oldingi imperiyani tiklash haqida gap bo‘lishi mumkin emasdi. Garchand uncha ko‘p bo‘lmagan bosqinchi do‘stlari bir necha yil davomida o‘zlarining rahnamosi holidan muntazam ravishda xabar olib, «o‘nlab markaziy do‘konlar egallangani», «Amerika jinoiy oilasining izzat-ikrom bilan yo‘llagan maktubi» haqida cho‘pchak aytsalar-da, shu tarzda topilgan millionlarni oldingi hisobchi uning uchun maxsus soxta hisob yuritsa-da, ojizlashib qolgan Chikago qiroli umrining intihosi yaqin edi.

1947 yilning yanvar oyida Alfonso Kapone 48 yoshida miyasiga ko‘p qon quyilishi tufayli vafot etdi. Uning jasadi Floridadan Chikagoga yuborildi va darhol avtomatlar bilan qurollangan bir necha o‘nlab gangsterlar murdani qo‘riqlay boshlashdi. Hatto o‘limidan keyin ham Kapone nomi Amerika jinoyat olamining ko‘pdan-ko‘p hududiga buyruq berishda davom etardi. Yopiq dafn marosimidan so‘ng Chikagoning sobiq qiroli, oila a’zolarining xohishiga ko‘ra, oddiy qabrtoshi ostida ko‘mildi. Afsonaviy bosqinchining qabr joyi o‘zgarmadi.

Deyl Karnegining kitobida shunday so‘zlar bor: «Men hayotimdagi eng yaxshi yillarni odamlarga xushchaqchaqlik baxsh etish va ularning vaqtlarini ko‘ngilli o‘tkazish uchun sarfladim. Bularning barchasi uchun qanday mukofotga sazovor bo‘ldim? Faqat tahqirlash hamda inson hayoti uchun tuzoq qo‘yish bo‘ldi, xolos».

Bu gapni Al Kapone aytgan. Ha, o‘z vaqtida jamiyatning birinchi darajali dushmani deb hisoblangan, Chikagoni hammadan ko‘p terror qilgan gangsterlarning eng xavfli rahnamosi bo‘lgan odamning gapi bu! Al Kapone o‘zini mutlaqo qoralagani yo‘q. U o‘zini jamiyatning muruvvat ko‘rsatuvchi valine’mati deb bilardi».

Vaholanki, yaqin o‘tmish Al Kaponening qonli qilmishlarini hech qachon unutmaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring