Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Baxtiyor Sheraliyev

Muammodan qutulish uchun undan qochish emas, uni hal qilish kerak!

Xitoyda nima bo‘lyapti? «Xabar.uz» uchun voqea joyidan maxsus reportaj

Xitoyda nima bo‘lyapti?  «Xabar.uz» uchun voqea joyidan maxsus reportaj

Ayni vaqtda Xitoyda hayvonlardan odamlarga yuqadigan koronavirus tarqalgan va kundan kunga ko‘pchilikni tashvishga solmoqda. Kasallik Xitoy markazidagi Uxan shahridagi dengiz mahsulotlari sotiladigan bozor hududidan tarqalishni boshladi. Ayni vaqtda virus yuqtirganlar soni 1337 tani tashkil qilgan, yuqtirgan deb taxmin qilinganlar soni 1965 ta, halok bo‘lganlar soni esa 41 nafarga yetgan. Virus o‘chog‘i bo‘lgan Uxan shahri va unga qo‘shni 9 ta shahar karantin zona deb e’lon qilindi. Shaharga kirish-chiqish to‘xtatilgan. Metro, avtobus, poyezd, samolyotlar ishlamayapti. Shaharda butun mamlakatdan mutaxassislar kelib ishlamoqda.

Hozir o‘zim ayni vaqtda Xitoyda, virus tarqalgan provinsiya bilan qo‘shni bo‘lgan Chunsin shahridaman. Vaziyatni har daqiqa kuzatib boryapman. Ming afsuski mana shunday holatda asossiz mish-mish va vahima tarqatayotgan o‘zbeklar chiqib turibdi.

Kecha bir qizning audiosi tarqaldi. Unda Xitoyda ahvol chatoqligi, o‘zbek talabalarining ahvoli yomonligi, karantin shahardagi talabalar och qolib ketgani, ko‘chalarda yiqilib qolayotgani, hamma davlat elchixonalari o‘z fuqarolarini olib chiqib ketgani, faqatgina o‘zbeklar qolib ketayotgani va shunga o‘xshagan asossiz xabarlar tarqatilgan. Bunday arzon xaypga o‘ch Youtube video blogerlari esa tekin tomoshadan quruq qolmaslik uchun o‘zi bilmagan, ko‘rmagan, haqiqiy ahvoldan bexabar holda xuddi hammasini ko‘rib turgandek ekspertlarcha fikr bildirishga kirishib ketishgan.

Men ichkarida bo‘lib turgan, haqiqy ahvolni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib turgan O‘zbekiston fuqarosi sifatida asl holat qanday ekanligi haqida xabar berishni istar edim.

Haqiqatdan ham Hubei provinsiyasidagi 10 ta shahar berkitilgan, kirib chiqish mumkin emas. Lekin men o‘zim shaxsan Uxan shahridagi 6 ta talaba yigit bilan gaplashdim, biolog mutaxassis sifatida virus tarqalgan holatda qanday qoidalarga amal qilish kerakligini batafsil tushuntirdim, ular bilan hozir ham doimiy aloqadaman. Shahar berkitilgani bilan hech kim och qolib ketgani, kasallikdan yiqilib qolgani yo‘q. Supermarketlar, oziq-ovqat do‘konlari, dorixonalar bir xilda ishlab turibdi. Ushbu maqolani yozayotgan vaqtimda ham Uhandagilardan biri bilan gaplashdim, hozirgina supermarketdan kelayotganini aytdi. Narxlar vahima qilinayotganidek hech qanaqa osmonga ko‘tarilib ketmaganligini qo‘shimcha qildi. Qolaversa hamma davlat talabalari o‘z universitetlarining yotoqxonasida turibdi, hech qaysi bir davlat elchixonasi o‘z fuqarolarini olib chiqib ketgani yo‘q. Shaxsan men o‘zim O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi tomonidan tashkil qilingan Wechat tarmog‘idadagi guruhda borman va elchixona vakili kunda ikki marta holat haqida xabar berib turibdi.

Xitoyning boshqa shaharlarida esa hayot odatdagidek davom etmoqda, barcha transport vositalari, supermarketlar ishlamoqda. Istagan odam istagan vaqtida O‘zbekistonga qaytaman desa yo‘llar ochiq, bemalol hech qanday qarshilik yo‘q. Qolaversa virus haqidagi statistikada aytilishicha asosan yoshi kattalar virus yuqtirgan va halok bo‘lganlar ham 48 yoshdan kattalar bo‘lgan, ya’ni virus asosan immun tizimi past va yoshi kattalarga yuqmoqda. Bundan tashqari Xitoyda tibbiy jihatdan hamma sharot bor, kasal bo‘lganlar va ular bilan gaplashganlarning barchasi kasalxonalarda maxsus nazoratda saqlanib turibdi. Yana bir quvonchli tomoni virus yuqtirganlar orasida 38 nafari sog‘aygan, demoqchimanki oldinga siljish bor.

Maqola so‘ngida xalqimizdan, yaqini Xitoyda bo‘lgan vatandoshlarimizda bunaqa asossiz xabarlarga, vahimalarga e’tibor bermasliklarini so‘rab qolardim. Ahvol chindan ham vahima qiladigan darajada emas, hammasi hukumat nazoratida, o‘zbek talabalarining barchasi o‘qish joyidagi yotoqxonalarda va ularning holidan boshqa barcha chet ellik talabalar kabi maxsus biriktirilgan universitet xodimlari muntazam xabar olib turibdi.

Shov-shuv tarqatayotgan, yutubda mashhurlikka erishaman deb xalq ichida asossiz tashvish, vahima uyg‘otayotgan «divanniy ekspert»larga xudodan insof tilab qolaman. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring