Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Firuz Allayev

Pessimist shamoldan noliydi, optimist uning to‘xtashidan umid qiladi, realist esa shamolga qaramasdan qanot yozib uchadi.

Kremniy vodiysi va Sardoba fojiasi. Kelajakda o‘zingizni qayerda ko‘ryapsiz?

Kremniy vodiysi va Sardoba fojiasi. Kelajakda o‘zingizni qayerda ko‘ryapsiz?

Yuriy Dudning Kremniy vodiysi haqida hujjatli filmini ko‘rib chiqdim. Unda Rossiya Qrimni bosib olganidan so‘ng rossiyalik IT mutaxassislari yoppasiga AQShga ko‘chib kelishgani aytib o‘tildi.

Kuchli millatni, kuchli davlatni kuchli kadrlar quradi. Kuchli ta’limsiz, kuchli kadrlarsiz, daryodan oltin oqsa ham millat rivojlanib qolmaydi. Rossiyalik IT mutaxassislarning ko‘chib ketishgani haqidagi ma’lumotni internet orqali tekshirib ko‘rdim. Ukraina hududida muammolar boshlanib, Rossiya Qrimni egallab olgandan so‘ng har yili o‘n minglab kuchli kadrlar Rossiyani tark etayotgan ekan. Bular faqat dasturchilar emas, ular orasida shifokorlar, olimlar, injenerlar, dizaynerlar, arxitektorlar, marketologlar, tadbirkorlar kabi juda muhim kasb egalari bor. Bu bilan Rossiya o‘zining eng muhim jihatidan ayrilmoqda va buni kelajakda hali juda qimmat narxda to‘lashiga men ishonaman.

Xo‘sh, ular nima uchun ketishmoqda?

Chunki, Rossiyada yaqin yillarda vaziyat o‘zgarishiga umid yo‘q. Ular Rossiya imperializm va diktatura yo‘lini tanlaganini tushunib yetishdi. Rossiya endi oligarxlar qo‘lidagi korrupsiyaga botqog‘iga botgan, faqat imperialistik orzuda yashaydigan mamlakatga aylanganligi va eng yomoni — vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarishiga hech qanaqa umid yo‘q ekanligini his qilishdi.

Odatda mamlakatga investitsiyalar kirib kelishi, kadrlar qolishi uchun bugungi hayot darajasidan ko‘ra ham kelajakka bo‘lgan ishonch, umid muhimroq rol o‘ynaydi. O‘sha umid, o‘sha ishonch kelajak uchun kredit rolini bajaradi. Yaxshi kelajakka ishongan kadr hayotini shu mamlakat bilan bog‘laydi, shu mamlakatda uzoq yillik rejalar qiladi. Bugun hayoti zo‘r bo‘lsayu, lekin kelajakka ishonch bo‘lmasa, umid bo‘lmasa, u yaxshisi kelajakka umid bor boshqa hududni qidiradi. Rossiyalik kadrlarni tushunsa bo‘ladi.

Qo‘rqamanki, Sardoba voqeasi, OAVda ikkita yorqin jurnalistning ishdan bo‘shashi, haqiqat ustidan monopoliya o‘rnatilib so‘z erkinligi borasida paydo bo‘layotgan xavotirlar, qarindosh-urug‘chilik, korrupsiya mana shu umidni so‘nishiga sabab bo‘lishi mumkin. Hammasi haqida vaqtida xulosa chiqarilishi, tez va muhim qarorlar qabul qilinishi kerak.

Agar, umid, kelajakka, reformalarga nisbatan ishonch so‘nsa, Karimov davridagidek xalq buguni bilan yashay boshlaydi, kelajakni bo‘lsa mamlakatdan ketishda ko‘radi... Bundan hammamiz yutqazamiz.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring