Muhojirlik. Xorijdagi vatandosh taqdiri va inson qadri haqida (3-maqola)

Inson davlat g‘amxo‘rligini og‘ir sinovli kunlarda ko‘proq his qilar ekan. Ayniqsa, uyidan yuz minglab kilometr uzoqda, o‘zga yurtlarda hayot uchun kurashayotgan fuqarolar uchun davlat so‘nggi umid bo‘lib qoladi...
- Yopiq eshiklar ortidan – ochiq dunyo sari: O‘zbekiston tashqi siyosatidagi keskin burilish (1-maqola)
- O‘zbekistonning pragmatik siyosati: Rossiya, AQSh va Xitoy bilan muvozanat qanday ushlab turilibdi? (2-maqola)
Qora tamg‘a
Ilgari xorijdagi o‘zbekistonliklarning taqdiri negadir noaniq va siyosiy tusda baholanardi.
Chet elga ishlash uchun ketgan millionlab yurtdoshlarimiz davlat siyosatining kun tartibida bo‘lmas, ularga yordam berilmas, muammolari ham tan olinmas edi. Hattoki muhojirlarimizga «dangasalar» degan qora tamg‘a solingan, ular «tilamchilar»ga tenglashtirilgan paytlar bo‘lgan. «Hammamizni sharmanda qilgan» mehnat muhojirlari haqidagi gap davlat televideniyesi orqali maxsus ko‘rsatuvda namoyish etilgandi.
So‘nggi yo‘l
Qishning izg‘irinli kunlarida Moskvadan sovuq xabar keldi. Qurilish maydonida ishlayotgan 24 yoshli Xurshidning ko‘pqavatli binodan yiqilib, joni uzilibdi.
Uning orzulari bisyor edi. Yurtga qaytib, onasini rozi qilishni, turmush qurib, farzandlar o‘stirishni niyat qilgan edi. Lekin taqdir unga bunday baxtni ravo ko‘rmadi.
Onasi Farida «o‘ldi» degan gapga ishonmadi, «bolam chidamli, hech qachon kasal bo‘lmagan» derdi. Go‘yo hozir ko‘chadan uning ovozi eshitiladiyu, yana hovliga kulib kirib keladigandek edi. Afsus...
Ha, o‘lim oson emas, lekin muhojirning o‘limi bundan ham og‘irroq ekan. «Mayitni olib kelish uchun ko‘p pul kerak, maxsus yuk sifatida samolyotda olib kelinadi. Hujjatbozliklar, bo‘sh reysni kutish... ko‘p vaqt kerak», degan gaplar shundoq ham musibatdagi oilani badtar qaqshatdi.
Xurshidning hamkasblari va vatandoshlari yaqinlari yuborgan pulga qo‘shib, yana omonat yig‘ishdi, o‘zlari shifoxonaga, «morg»ga, konsulxonaga borishdi, xarajatlarni qisqartirish haqida iltimoslar qilishdi. Lekin byurokratiya kuchli: hujjatlar, ruxsatnomalar, yuklash, yuborish… Bu jarayonlar Vatani, oilasi sog‘inchida yurgan yosh yigitning «so‘nggi yo‘li»ni og‘irlashtirar, yaqinlari qalbidagi og‘riqni yanayam kuchaytirar edi.
Salkam ikki hafta o‘tib, uning jasadi tug‘ilib o‘sgan qishlog‘iga olib kelindi. Onasi yuragi qaqshab farzandini uzoq kutdi. Ammo ko‘zining oqu qorasi muzday tana, hayotga to‘ymay so‘ngan ko‘zlari bilan tobut ichida keldi...
«Xurshid»lar ko‘p. Ular har kuni tongda qurilishga, zavodga, bozorga yo‘l olishadi. Halol mehnatlari bilan oilalariga, farzandlariga, ota-onalariga pul yuborishadi. Ammo ularning qaytishi, afsuski, har doim ham tantanavor bo‘lavermaydi.
Shunday og‘ir sinovlar vaqtida davlatning insonlarga tayanch, tirgak bo‘lishi qiymatini hech narsaga tenglashtirib bo‘lmas ekan.
«Yumshoq kuch»
Shukrki, O‘zbekistonda vaziyat o‘zgardi. Chet eldagi qorako‘zlarga «dangasalar» deb qaralmaydigan bo‘ldi, u qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, davlat himoyasiga olindi. Tashqi siyosatda fuqaro manfaati ustuvorlikka chiqdi. Konsulliklar va elchixonalar yanada faol va shaffof ishlay boshladi.

Shavkat Mirziyoyev Berlindagi vatandoshlar bilan, 2019 yil 20 yanvar.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Xorijdagi vatandoshlar nafaqat himoya ostida, balki ular ham «yumshoq kuch» sifatida davlat diplomatiyasining faol ishtirokchilariga aylanishyapti. Ko‘pchiligi ishbilarmon, sarmoyador, nufuzli jamiyatlar a’zolari. Ular O‘zbekiston imijini ko‘tarishda, ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda muhim o‘rin tutishyapti. Davlatimiz ular bilan ishlashni strategik vazifa sifatida ko‘rmoqda.
Pandemiya sinovi
Bir eslaylik, koronavirus pandemiyasi butun insoniyatni kambag‘al-boyligiga qaramay, davlatlarning iqtisodiy qudratidan qat’i nazar, tenglashtirib qo‘ygandi. O‘sha og‘ir kunlarda O‘zbekiston o‘z fuqarolarini, ular qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, qattiq qo‘llab-quvvatlashga harakat qildi.
Birgina 2020 yilning o‘zida 550 mingdan ortiq fuqaro Vatanga qaytarildi. Shundan 340 mingdan ziyodi — charter reyslar, 55 ming kishi temir yo‘l va yana 165 mingi chegara postlari orqali yurtga olib kelindi. Tasavvur qiling, xorijda ishsiz, pulsiz, betob bo‘lib yotib qolgan o‘zga yurt fuqarosiga kim ham g‘amxo‘rlik qilardi? Afsuski, yurtga qaytishni istamagan, keyinchalik ishsiz qolib, kasallikka chalinib, xorij shifoxonalariga qabul qilinmay, ijara yotog‘ida jon berganlar ham bo‘ldi.
Bu sinovli jarayonda davlatimiz shunchaki tashuvchi rolini bajarmadi, balki boshqa davlatlar bilan qizg‘in muzokaralar olib bordi, maxsus fondlar tuzdi, o‘z xalqiga qayishgan do‘st sifatida namoyon bo‘ldi.
Agar o‘sha paytda...
Vaziyatga davlat aralashmaganida, ehtimol, yuz minglab o‘zbekistonliklar yurtga qayta olmasdi. Ularning ba’zilari moddiy imkonsizlik, ba’zilari esa chegaralar yopilgani uchun uzoqda qolgan edi. Davlat esa bir chetda jim qarab turmadi.
Xorijdagi yurtdoshlarimizga nisbatan bunday ezgu ishlar faqat pandemiya davrida namoyon bo‘lmadi. Ukrainada to‘satdan urush boshlanganida ham mamlakatimiz o‘z fuqarolarini charter reyslar orqali evakuatsiya qildi. O‘q ovozlaridan dahshatga tushgan ayollar, bolalar uchun qanchalik muhim dalda bo‘lganini o‘sha holatga tushganlar yaxshi his qilishadi.
«Mehr» operatsiyalari doirasida esa Yaqin Sharqdagi mojarolar hududidan yuzlab ayol va bolalar yurtga qaytarildi.
Inson qadri
Pandemiya va urush — bu shoshilinch choralar talab qilgan favqulodda holatlar. Ammo yana bir haqiqat bor: millionlab o‘zbekistonliklar hamon xorijda. Ular orasida... bevaqt hayotdan ko‘z yumayotganlar ham bor. Ma’lumotlarga ko‘ra, yiliga mingga yaqin «200-yuk» O‘zbekistonga olib kelinadi.
Bir vaqtlar xorijda vafot etgan muhojirni yurtga qaytarish uning oilasi uchun qanchalik og‘ir ruhiy va katta moddiy sinov edi.
Yugur-yugurlar, hujjatbozliklar, elchixona yoki konsullikdagi uzoq navbatlar, katta mablag‘, sanitariya talablari va byurokratik to‘siqlar... Bu shunday og‘ir yukki, yaqinlarini ayriliq azobiga qo‘shib ezardi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 2019 yilda davlat tomonidan bu borada nihoyatda muhim qaror qabul qilindi. Mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etildi.
Hukumat qaroriga asosan, xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan o‘zbekistonlik fuqarolar vafot etsa, ularning jasadi hukumat tomonidan bepul asosda yurtga qaytarilishi yo‘lga qo‘yildi.
Marhumning yaqinlari Migratsiya agentligi yoki uning xorijdagi vakolatxonalariga murojaat qilish orqali tez ko‘mak topishlari mumkin bo‘ldi. O‘lim sababidan qat’i nazar, davlat o‘z farzandini oxirgi manziliga yetkazishni zimmasiga oldi... Shuningdek, xorijda qiyin vaziyatda qolgan yurtdoshlarimizga ham ko‘mak ko‘rsatilib, zarur bo‘lsa, ularni O‘zbekistonga qaytarish choralari ko‘rilmoqda.
Har qanday jamiyatda haqiqiy yuksalish insonni qadrlashdan boshlanadi. Chunki davlat kuchli bo‘lishi uchun, eng avvalo, odamlar rozi, baxtli va qadrli bo‘lishi kerak. Bunday muhitda salohiyat yuzaga chiqadi, iqtidorlar porlaydi, yangilik yaratish va rivojlanish jarayoni to‘xtamaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter