Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tursunali Akbarov

Yig‘lab borma, ho‘ngrab chiqadi!

Nishonda — tumanlararo sud raisi! Yoki yemagan somsaga qilingan chiqishim...

Nishonda — tumanlararo sud raisi! Yoki yemagan somsaga qilingan chiqishim...

Tadbir tashkilotchilariga gap bo‘lishi mumkinmas. Gap ularning taklifiga mutasaddilarning nechog‘liq «labbay» deganida. Tashkilotchi — Adliya vazirligi shundog‘am yaxshi ishga qo‘l urib, uni an’ana darajasiga ko‘tarib qo‘yibdi. Ya’niki, haftaning har jumasida «Adliya brifingi» o‘tkazib, qonunchilikdagi yangiliklar haqida muntazam axborotlar berib bormoqda. Tadbir rasmiyatchilikdan ancha yiroq o‘tkazilayotgani, yangi qonun va huquqiy hujjatlar haqida quruq axborot berish bilangina cheklanmay, ularni iloji boricha, sodda va xalqchil tushuntirishga urinayotgani-ku alohida e’tirofga loyiq. Bu jarayonga tegishli soha mutasaddilarini ham taklif etayotgani ham xo‘p ma’qul. Axir, muayyan sohaga oid qonunchilikdagi o‘zgartish va yangiliklarni o‘sha tizim vakillaridan o‘tkazib sharhlaydigan bormi?!

Bu galgi brifingda  Soliq va mehnat munosabatlarini tartibga soluvchi qonunlarga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar, Prezidentning «Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida»gi Farmoni va «Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, sudyalar va sud apparati xodimlarini qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida»gi Qarorining mazmun-mohiyati, ushbu huquqiy hujjatlar qabul qilinishining sabab va omillari haqida so‘z yuritildi.

Tadbirda asosiy e’tibor sud hokimiyati vakillariga bo‘lishi ehtimolini e’tiborga olibmi, tashkilochilar, har holda, shu tizim vakillarini taklif etishibdi. Yaxshi.

Asosiy mehmon — fuqarolik ishlari bo‘yicha (FIB) Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudining raisi Sh.Rajabov va shu sudning sudyalari bo‘ldi.

Bosh ustiga. Qadamlariga hasanot!

Tadbir qanday o‘tdi? Chakkimas.

Unda iddao ohangida gap boshlashdan muddao nima, dersiz?

Iddao shuki, davlat rahbarining sud tizimi xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlashning mutlaqo yangi mexanizmiga huquqiy poydevor bo‘luvchi tarixiy qarori haqida so‘z boradigan tadbirga quyi sud vakillaridan ko‘ra eng yuqori bosqich (Oliy sud, Sudyalar Oliy kengashi ) mutasaddilari tashrif buyurishi maqsadga muvofiq emasmidi? Mazkur qaror, unda tartibga solingan masalalar borasida hujjatni o‘qiboq muayyan tasavvurga ega bo‘lish mumkin. Mehmonlar ham bundan orttirib biror ma’lumot bermog‘i mahol. Baski, bunday vaziyatda sud-huquq sohasida o‘tkazilayotgan islohotlar-u ularning samaralari haqidagi barchaga ma’lum gaplarning baland ohanglardagi takrorini eshitmoqqa majbur-u mustahiqsiz. Vaholanki, tadbir mavzusidan kelib chiqilsa, tizimdagi muammolar, ayniqsa, ayrim sudyalarning layoqati, salohiyati, axloqiyu halolligi borasida qalqib chiqayotgan masalalar ko‘tarilishi mutlaqo tabiiy edi. Shunday bo‘ldiyam. Bunday og‘riqli vaziyatlar haqida quyi sud rahbaridan ko‘ra, ularni tanlab, joy-joyiga qo‘yishga mas’ullar gapirgani lozim emasmi aslida?.. Zero, kelajak ertadan emas, bugundan boshlanadi. Bugun esa...

...O‘tgan yili Xorazmda bevosita sudyalar faoliyatiga taalluqli ikkita shov-shuvli voqea ro‘y berdi (gap FIB Urganch tumanlararo sudi sudyasining 12 ming AQSh dollari bilan qo‘lga tushgani haqida ketayotgani yo‘q!) Ya’niki, jinoyat ishlari bo‘yicha (JIB) Bog‘ot tuman sudi raisi allaqachon omonatini topshirib, boqiy dunyoga ketgan odamni (!) sud qilib, jazo tayinlagan bo‘lsa, fuqarolik ishlari bo‘yicha (FIB) Shovot tumanlararo sudi raisasi ham bir marhumadan (!) sudda «ko‘rgazma olib», unga asosan ajrim chiqarib yuborgandi (yaqinda yana bir gap tarqaldi: tasdig‘ini topmagan xabarga ko‘ra, Marg‘ilonda marhum nomidan... sudga kiritilgan da’vo ariza qanoatlantirilibdi!). Bunday «mo‘’jizaviy» voqealar sud idorasida ro‘y berayotganining o‘zi aqlga sig‘maydi. Marhumlarga nisbatan huquqiy chora ko‘rilishi zamirida mamlakat nomidan chiqarilgan aktlar soxtalashtirilgani yotishi tayin. Shunga qaramay, JIB Bog‘ot sudi raisi vazifasidan olinib, Xo‘jayli tuman ma’muriy sudiga rahbar etib tayinlangan bo‘lsa, FIB Shovot tumanlararo sudi raisasiga Xorazm viloyat ma’muriy sudi raisi vazifasi bajaruvchiligi ravo ko‘rilganiga nima deysiz?! Qaytaramiz, bu voqeliklar, shoir ta’biri bilan aytsak, «qora tush»day tuyulayotgan yaqin o‘tmishda emas, uyg‘onish azobi obdon tortilayotgan shu kunlarda ro‘y berayotir?! Albatta, maqom jihatdan ma’muriy sudlar jinoyat, iqtisodiy va fuqarolik sudlari bilan bir xil, biroq yangi huquqiy institut bo‘lgani uchunmi, mavqe jihatdan hali ularga yetib ulgurgani yo‘q. Shundanmi yoki kadrlar tanqisligi sababmi, xullas, boshqa sudlarda katta-katta qovunlar tushirgan ayrim sudyalar ma’muriy sudlarga o‘tkazib yuborilayotgani kuzatilmoqda. Xuddiki ma’muriy sudlar qo‘pol xatoga (xatomikan?) yo‘l qo‘ygan ba’zi sudyalar uchun Astrobodga aylangandek?!

Yangi tashkil etilgan har qanday huquqiy institutni chaqaloqqa mengzab bo‘lmaydi. Yangi tug‘ilgan go‘dak to yo‘lga kirguncha ma’lum vaqt talab etsa, huquqiy institutlar tug‘ilgani hamono chopqillab ketishi shart.. Chunki, ularning chekiga insonlar taqdirini hal etishdek o‘ta nozik vazifa tushgan. Inson taqdiri esa tajriba maydoni emas. Baxtga qarshi ma’muriy sudlarga ham savollar yetarli: deylik, ushbu sud sudyasining bitta ma’muriy ish yuzasidan ikkita sud akti chiqarib qo‘yganiga chidash mumkindir balki. Biroq boshqa organlar tomonidan qandaydir jinoyatda gumon qilinayotgan sho‘rlikka nisbatan tayyorlangan «qo‘lbola ishlar»ni silliqina o‘tkazvorish holatlari ro‘y berayotganini mutlaqo inkor etish qiyin (shu o‘rinda gapimizga jindek tafsir kerakday: shunday amaliyot shakllangan ediki, biror og‘irroq jinoyatda gumon qilinayotgan shaxs avvaliga go‘yoki ma’muriy huquqbuzarlik sodir etganlikda ayblanib, 10-15 sutka «ichkariga» olib kirib ketiladi, bu vaqt mobaynida yog‘li patir-u qora qo‘chqor dumbasiga damlangan palov bilan siylanmaydi, albatta. Gumon tasdig‘ini topsa-ku, xo‘p-xo‘p, aks holda sho‘rlik ma’muriy qamoq muddatini o‘tab chiqib, biror joyga shikoyat qilish qayda, qutulganiga hazor shukurlar aytishdan nariga o‘tmaydi. Bu jarayonda ayrim sudyalarning «xizmati» shundaki, keltirilgan «delo»ning nechog‘liq tosh bosishini qonun qarichi bilan cho‘tlab-chamalamay «bosib» jazo bervordi-da!). Ayniqsa, 10-15 sutka ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilingan «huquqbuzar»ning muddati tugab-tugamay qandaydir jinoyat ishi ayblanuvchiga aylanib qolayotgani bu boradagi gumonlarga moy sepadi, xolos. Ayni shunday paytda «sudyalar — mustaqildir, ular faqat qonunga tayanib ish ko‘radi», deya boshga to‘qmoq kabi uriladigan gaplarning amalda o‘z ifodasini ko‘rgisi keladi kishining. Shuningdek, bu kabi manzaralar sudyalarga nisbatan turli shakldagi bosimlar hali-hamon mavjudligini ham ko‘rsatadiki, ularning oldini olish borasida yanayam riyozat chekish kerakka o‘xshaydi. Buning uchun tag‘in nimalar qilmoq kerak? Yana qanday chora-tadbirlar ko‘rilishiga ehtiyoj bor?

Endi ayting: yuqoridagi xususida FIB Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudi raisi nima deyishi mumkin? Nimayam deya olardi? Biror nima demoqqa vakolati bormi? Egallab turgan lavozimi bu kabi og‘riqli muammolar xususida baralla gapirmoqqa izn beradimi («subordinatsiya» degan narsa bor-a)? Quyi sud sudyalaridan uzrku-ya, qonunda mutlaqo mustaqil mansabdor shaxs ekaniga qaramay yuqori bosqich sudi (vakilidan) bemaslahat qaror (hukm) chiqarmoqqa doim ham jur’at etishavermaydi-yu qurilayotgan huquqiy jamiyatning global muammolari haqida bong urishini  ayting? Qo‘yib berilsa, to‘kilib-to‘kilib gapirishi mumkindir ehtimol. Biroq bilib-bilmay «bir bosh sakrab qo‘yishi» o‘ziga rahmat va rag‘bat olib kelmasligini bilmaydigan darajada soddayam emas-da.

...Tag‘inam FIB Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudi raisiga rahmat: «bunaqa savollar menga taalluqli emas, uni bizning rahbariyatimizga bering», deya o‘zini olib qochmadi (bunga haqli bo‘lsayam), aksincha, «chegaradan chiqmay», gap topilmaganda murojaat qilinadigan umumiy gaplarni baland pafoslarga o‘rab-chirmab bo‘lsa-da (boshqa nimayam desin?!), javob qaytarishga harakat qildi. Bugun, birifingda bir-ikki kun o‘tib, hissiyotlarni biroz jilovlab, ushbuni yozish jarayonida jindek xijolat tuymoqdamizki, raisni vakolatiga doxil bo‘lmagan savollarga ko‘mib, yemagan somsasi uchun chiqimga tushirmoq shartmidi?! Yaxshiki, tadbirning savol-javob qismiga o‘tar oldidan aytib ulgurgan ekanmiz: «Muhtaram rais, beriladigan ba’zi savollar ko‘pam sizga taalluqli emas, biroq, nachora, sizni nishonga qo‘ygan bizmas...».

Bevosita raisga daxldor savol bo‘lmadimi? Albatta bo‘ldi. Savol andoq edi: «...Eshitamizki, ko‘pgina soha xodimlari Mirzo Ulug‘bek tuman sudiga ishga yuborilishini ich-ichidan xohlashmas ekan. Negaki, bu tumanda juda ko‘p katta amaldorlar-u aristokratlar makon topgan. Fuqaroviy-huquqiy munosabatlarga oid nizolar ko‘paygandan-ko‘payib borayotgan bugungi zamonda ular kabi dasti uzunlar uchun sudlarga bosim o‘tkazish muammo emas... Ahvol qalay? Qiynalmayapsizmi?». Javob (mazmuni): «Rost, yaqin vaqtgacha turli bosimlarga duch kelib turardik. Hozir... hozir ancha bemalol va xotirjamroqmiz...».

Bu gaplarning samimiyligiga shubhamiz yo‘q, biroq unga ishonchimizdan ko‘ra umidimiz ko‘proq. Ensangiz qotmasin, azizim, nima, Rim bir kunda qurilganiga ishonasizmi yo?

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring