Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

1-iyul — milliy valyuta muomalaga kiritilgan kun

1-iyul — milliy valyuta muomalaga kiritilgan kun

Ilk o‘zbek so‘mlari.

1994- yilning 1 iyul sanasi milliy valyuta — so‘m muomalaga kiritilgan kun.

Milliy valyuta tizimi bir qator bosqichlarni bosib o‘tgan. Markaziy bank tomonidan 1991-1993-yillar davomida milliy valyutani muomalaga kiritish uchun juda ko‘p izlanishlar olib borildi, xorijiy mamlakatlar tajribasi o‘rganildi.

1993-yilning 15-noyabridan boshlab to‘lov vositasi sifatida «So‘m-kupon» muomalaga kiritildi. Pul islohotini amalga oshirish borasida ma’lum tajribaga ega bo‘lish uchun «So‘m-kupon» o‘tish valyutasi sifatida xizmat qildi.

Ushbu yo‘nalishda yetarli tajriba to‘plangach, 1994-yil 1-iyuldan boshlab O‘zbekiston Respublikasi milliy valyutasi «so‘m» muomalaga kiritildi.

Dastlabki muomalaga chiqarilgan banknot va tangalar xorijiy davlatlarda tayyorlangan. 1995-1996-yillarda banknot va tangalarni tayyorlashning to‘liq siklini joriy etish maqsadida Markaziy bank qoshida «Davlat belgisi» korxonasi va uning tarkibida Qog‘oz fabrikasi, Bosma fabrika va Zarbxona tashkil etildi va o‘zimizda «pul ishlab chiqarish» yo‘lga qo‘yildi. Bu korxona hozirda «Davlat belgisi» DUK deb yuritiladi.

Milliy valyutamiz — so‘m mamlakatda mustaqil pul-kredit siyosatini yuritish, iqtisodiyotda hisob-kitoblarni amalga oshirish imkoniyatini yaratdi. Ish haqi va ijtimoiy to‘lovlar so‘mda to‘lana boshladi. Shu tariqa davlatning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlovchi mustaqil pul-kredit siyosati shakllantirildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring