12-raqamli poyezd yo‘lovchisi: Lev Tolstoyning so‘nggi kunlari
1910-yilning 20-noyabr kuni rus xalqining buyuk yozuvchilaridan biri Lev Tolstoy umrining so‘nggi haftasini yashagan Astapovo temir yo‘l bekati yonidagi uyda vafot etgan.
Tolstoyning so‘nggi kunlari ko‘pchilik uchun hozirgacha tushunarsiz holat bo‘lib qolmoqda. Temir yo‘l bekati boshlig‘ining uyida yotgan xasta yozuvchi haqida butun dunyo xabar topdi va bu yerga oqib kela boshladilar. Lekin ayni shu kuni dunyo buyuk yozuvchisidan judo bo‘lgandi...
Tolstoy nega uyidan qochib ketdi?
1910-yil 28-oktabr kuni uyqusini topolmagan Lev Nikolayevich shaxsiy doktorini uyg‘otib, Yasnaya Polyana qishlog‘idan butunlay ketmoqchi ekanini aytadi. Nimaga? U nimadan qochmoqchi bo‘lgan? Nimani xohlagan? Mazkur savollarga hozirgacha javob yo‘q. Lekin bir necha talqinlar bor.
Uydan chiqib ketish oldidan Tolstoy rafiqasiga bir parcha maktub yozib qoldiradi: «Seni tark etishim ko‘nglingni xira qiladi. Bundan afsusdaman, lekin tushun va ishon, men boshqacha yo‘l tutolmayman. Uyda qolishim ahvolimni og‘irlashtirmoqda, og‘irlashtirdi... Iltimos, to‘g‘ri tushun va qayerdaligimni bilganingda ham ortimdan borma...»
Tolstoy juda shoshilinch safarga otlanadi. Yo‘lda unga shaxsiy shifokori Makovitskiy hamroh bo‘ladi. Avvaliga ular Optinadagi ayollar ibodatxonasida rohiba singlisi Mariyanikiga kirishadi. U yerda Tolstoy qizi Aleksandra bilan uchrashadi. Keyin hammasi birga Rostov-Donga boradigan poyezdga o‘tirishadi.
Yozuvchi janubdagi biror dehqon tanishlarining oldiga jo‘nashni reja qiladi. Ammo ular ko‘zlangan manzilga yetolmaydilar, chunki Tolstoy qattiq shamollab qoladi. Shifokor uning ahvolini tushungach, safar shu yerda yakuniga yetganini anglaydi va Astapovo bekatida doktor, qizi va qizining dugonasi hamrohligida Tolstoy poyezddan tushadi. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, yozuvchi ancha holsizlangan bo‘lib, uni qo‘llaridan tutib olishgandi. Ularga bekat boshlig‘i Ivan Ozolin peshvoz chiqadi.
«Ozolin ozg‘in va behol yozuvchini qiyinchilik bilan taniydi, — deydi Lev Tolstoy nomidagi «Astapovo»yodgorlik muzeyi rahbari Raisa Krilova. — U Tolstoyni temir yo‘l bekati yonidagi o‘z uyiga olib kiradi. Lev Nikolayevich kursiga o‘tiradi, muzdek o‘ringa yotishni istamaydi. Temir yo‘l bekati shifokori kirib, o‘z daftariga bir nimalarni uzoq qoralaydi va «lavozimi» degan joyiga kelganda yozishdan to‘xtaydi. Shunda Tolstoy: «Shunchaki «12-raqamli poyezd yo‘lovchisi», deb yozing. Biz hammamiz yo‘lovchimiz, faqat kimdir chiqadi, men esa tushyapman», deydi».
Bekat boshlig‘ining uyida Tolstoy o‘zining so‘nggi yetti kunini o‘tkazadi. Ozolin yozuvchi uchun qo‘lidan kelgan barcha sharoitlarni yaratib beradi. Astapovoga mamlakatning turli burchaklaridan odamlar kela boshlaydi: korchalonlar, jandarmlar, muxbirlar. Ularning barchasi xasta yozuvchining ahvolini bilishni istardi. Uy atrofida sutkalik navbatchilik tashkil qilinadi. Qarindoshlar, do‘stlar va shifokorlar Tolstoyning sog‘ayib ketishi uchun yordamlarini ayamadilar.
Shuningdek, uning turmush o‘rtog‘i Sofya Andreyevna ham to‘rt nafar farzandi bilan yetib keladi. Lekin rafiqasiga yozuvchining oldiga kirishga izn berishmaydi, bu uning ahvolini battar og‘irlashtirishi mumkinligini aytishadi.
«Ana shu kunlarda Sofya vagon va uy orasida o‘zini qo‘yarga joy topolmaydi: derazadan ichkariga qarab, bemor erining oldiga kirish uchun juda qattiq urinadi, — deya so‘zlaydi Raisa Nikolayevna. — Uni nihoyat 7-noyabr (yangi sana bilan 20-noyabr) kuni ertalab soat beshda ichkariga kiritishadi. Bu paytda Tolstoy hushini yo‘qotgan edi. Bir soat vaqt mobaynida Sofya Andreyevna turmush o‘rtog‘ining yonida bo‘ladi, yig‘lab, kechirim so‘raydi, ammo yozuvchi eshitgan-eshitmaganini hech kim bilmaydi. Soat 6:05da uning yuragi urishdan to‘xtadi».
«Tolstoyning vafotidan so‘ng Ozolin ushbu uyda yana ikki yil yashaydi, biroq yozuvchining o‘limini yuragiga juda yaqin olgani uchun o‘zi ham og‘ir betob bo‘lib qoladi va oilasi bilan o‘zi tug‘ilgan vatani Saratovga ketib, tez orada vafot etadi», xotirlaydi Raisa Nikolayevna.
Yozuvchi bilan vidolashish uchun Astapovo bekati yonidagi uyning oldiga bir dunyo olomon yig‘iladi. So‘ng uning jasadini vagonga ortishadi va Tolstoy vasiyat qilganidek, Yasnaya Polyanaga olib ketishadi. Yozuvchi yotgan xona qanday bo‘lsa, shundayligicha qoladi. Ozolin tashrif buyurganlarga faqatgina tomosha qilishni, hech narsaga tegmaslikni aytadi. Balki shu tariqa Lev Tolstoy yodgorlik uy-muzeyiga asos solingandir.
1918-yili mahalliy aholining iltimosiga ko‘ra, Astapovo bekatiga Lev Tolstoy nomi beriladi. 1946-yilgacha o‘sha uyda odamlar yashaydi, keyin esa uni muzeyga aylantirishadi.
«Bu yerda Lev Tolstoy vafot etgan»
Hozirda mazkur uy-muzeyda yettita zal va bitta yodgorlik xonasi mavjud. Xonada bir asr oldingi holat shundayligicha qoldirilgan: tor temir krovat, Tolstoy qishlog‘idan o‘zi bilan birga olib kelgan kulrang yopinchiq, parda, yashil chiroq va dorilar turgan stolcha. Krovat yonidagi devor burchagiga yozuvchining oq-qora surati tushirilgan.
«Bir yo‘lovchi u bilan xayrlashgani kelganida sham nuri devorga soya solganini va yozuvchining qiyofasi gavdalanganini ko‘radi. So‘ng ko‘mirni olib, portretini chizadi», deya izohlaydi Raisa Nikolayevna.
Muzey xonalarida hujjatlarning asli, yozuvchi va uning qarindoshlarining oq-qora fotosuratlari, gazeta qiyqimlari va telegrammalar saqlanadi. Xonaga kiraverishda esa temir peshtaxta osilgan bo‘lib, unga «Bu yerda Lev Nikolayevich Tolstoy vafot etgan» so‘zlari bitilgan. Yozuvchining vafotidan keyin temiryo‘lchilar darhol shu peshtaxtani yasagan edilar. Qo‘shni zalda Tolstoy o‘zi bilan birga olib kelgan kiyimlar bor: kulrang ko‘ylak, tuya yungidan tikilgan oq nimcha, Sofya Andreyevna yozuvchi ism-shariflarining bosh harflarini yozib to‘qigan qalpoq va paypoq. Bu yerdagi devorlarning biri Tolstoy so‘nggi safarga chiqqan vagon qiyofasiga aylantirilgan.
Abdulla Qahhor ta’biri bilan aytganda, «bo‘yi baravar kitob yozgan» buyuk rus yozuvchisi Lev Tolstoy ana shunday og‘ir kunlarni ham boshidan o‘tkazgan. Lekin uning ma’naviy merosi hozirgi va keyingi avlodlarga-da yetarlicha manba bo‘lib xizmat qilishiga shubha yo‘q.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter