19 yil oldin qotillik qilib yashirinib yurgan ayolga sud hukmi o‘qildi (video)

Toshkent shahrida 19 yil oldin qotillikka qo‘l urib yashirinib yurgan ayolga sud hukmi o‘qildi.
2003-yil 2-aprel kuni sodir bo‘lgan qotillik jinoyatiga guvoh bo‘lgan qizning aytishicha, onasi o‘zini va qizini himoya qilish maqsadida erining qotiliga aylangan edi.
– Agar meni himoya qilmaganida ikkimizni ham o‘ldirishi mumkin edi. U o‘sha darajaga yetib bo‘lgandi, – deya eslaydi qiz.
Ma’lum bo‘lishicha, oilaviy janjal erning spirtli ichimliklarga ruju qo‘ygani sabab yillar davomida takrorlanib kelgan. O‘sha kuni ham er turmush o‘rtog‘idan ichkilikka pul talab qilib, qattiq janjal qilgan va qo‘lidagi pichog‘i bilan tahdid qilgan.
– U shunchalik janjal qildiki, sabr kosamiz to‘ldi. Qizim kelib tinchlantirmoqchi bo‘ldi, men esa qizimni o‘ldirib qo‘ymasin deb qo‘lidagi pichoqni tortib oldim. Va o‘zim bilmagan holatda pichoqni erimga sanchdim, – deydi 19 yildan beri o‘zi tug‘ilgan Qozog‘istonda yashirinib yashab kelgan ayol.
Qizining aytishicha, ayol voqeadan keyin u uchun yashashini aytgan va qizining maslahati bilan qotillik qurolini yashirib, o‘zi qochqinlikka chiqib ketgan.
– 19 yil ozodlikda yurdim, lekin buni yashash deb bo‘lmaydi. Men jazo muqarrarligini doim his qilganman, – deydi ayol.
Sud tergovida gumonlanuvchining ma’lum qilishicha, marhum erkak doim uni kaltaklab kelgan, biroq u qizining tirik yetim bo‘lmasligini istab sabr qilib kelgan.
– Hammasi juda tez sodir bo‘ldi, – deya eslaydi ayol.
Sud ayolga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, aybdor deb topilgani, 57-moddani qo‘llab 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingani, shuningdek, sudlanuvchiga nisbatan 2003-yildan boshlab qabul qilingan aministiya aktlarini qo‘llab tayinlangan jazo muddati uchdan biriga qisqartirilgani va tayinlangan jazo to‘liq o‘tab bo‘lingani sababli unga nisbatan qo‘llanilgan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risidagi tilxat ehtiyot chorasiga o‘zgartirilganini ma’lum qildi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, sud ayolni darhol sud zalidan ozod etish haqida qaror qabul qildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter