Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Andijonda maktab yerini sotib yuborayotgan firibgar qo‘lga olindi

Andijonda maktab yerini sotib yuborayotgan firibgar qo‘lga olindi

DXXning Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Departamentning hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Andijon shahrida yashovchi, 1978-yilda tug‘ilgan, muqaddam bir necha bor sudlangan shaxs aldov yo‘li bilan fuqarodan 13 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi. 

Aniqlanishicha, u Andijon shahridagi umumta’lim maktablaridan biriga tegishli bo‘lgan 20 sotix yer maydonini go‘yoki auksion savdolarida sotib olganligini ta’kidlab, mazkur yer maydonini ushbu fuqaroga 48 ming AQSh dollari evaziga sotishga uringan va undan muqaddam 11 ming AQSh dollari ham olgan.

Shuningdek, Toshkent shahrida yashovchi, 1985-yilda tug‘ilgan shaxs Parkent tumanida istiqomat qiluvchi, 1969-yilda tug‘ilgan tanishi bilan o‘zaro til biriktirib, ushbu tuman hududida joylashgan 3 gektar yer maydonini mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib, uni turar joy uchun mo‘ljallangan yer maydoniga o‘zgartirib berish evaziga 280 ming AQSh dollari talab qilishadi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha Boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarish kurashish departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda mazkur shaxslar so‘ralgan puldan 50 ming AQSh dollarini oldindan olgan vaqtlarida ushlandi.

Bu yo‘nalishda DXX xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan ko‘p bosqichli tezkor tadbirda oldindan jinoiy til biriktirgan 3 nafar fuqaro ushlandi. 

Dastlab, Namangan viloyati Pop tumanidagi 20 gektar yer maydonida “Yangi O‘zbekiston” massivini barpo etish doirasida rejalashtirilgan 105 ta ko‘p qavatli uylardan 8 tasini qurish ruxsatini olib berish evaziga 80 ming AQSh dollari talab qilgan va ushbu pul mablag‘idan 40 ming dollarini oldindan berishini so‘ragan, Toshkent shahrida yashovchi, muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyat sodir etganligi uchun sudlanib, hozirda ahloq tuzatish ishlari jazosini o‘tayotgan, 1984-yilda tug‘ilgan shaxs 2300 AQSh dollarini o‘zining xizmat haqi va xarajatlari uchun olgan vaqtida ushlandi.

Olib borilgan tezkor surishtiruv tadbirlari davomida u oldindan so‘ralgan 40 ming AQSh dollarini muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq sodir etgan harakatlari uchun hozirda ichki ishlar organlari tomonidan qidiruvda bo‘lgan, Toshkent shahrida yashovchi, 1980-yilda tug‘ilgan tanishiga berishi kerakligi ma’lum bo‘ldi va tezkor tadbir davom ettirilib, 37 700 AQSh dollarini olgan vaqtida ushbu shaxs ham qo‘lga olindi.

O‘z navbatida u ham o‘zaro kelishuvga muvofiq, umumiy 80 ming AQSh dollaridan 48 ming dollarini Pop tumani hokimining sobiq o‘rinbosariga berishi kerakligini bildirdi va Pop tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda sobiq mansabdor shaxs 6,5 ming AQSh dollarini oldindan olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda uchala holat bo‘yicha Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring