Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh matbuoti Trampni yolg‘onchiga chiqardi

AQSh matbuoti Trampni yolg‘onchiga chiqardi

AQShning harbiy hujumi Eron yadro dasturini yo‘q qila olmadi. Bu haqda AQSh matbuoti mamlakat xavfsizlik idoralariga tayanib xabar berdi. Ushbu xabar prezident Donald Trampni darg‘azab qildi. Chunki u so‘nggi kunlarda Eron yadro dasturi butunlay yo‘q qilinganini ta’kidlab kelmoqda.

CNN Pentagon razvedka boshqarmasi hisobotiga tayanib yozishicha, Qo‘shma Shtatlar harbiylarining Eron yadro ob’yektlariga hujumi  oqibatida yadro dasturi bo‘yicha ishlar bir necha oyga ortga surilgan, xolos.

Suhbatdoshlar fikricha, boyitilgan uran zaxirasi hujumlardan avval xavfsiz joyga ko‘chirilgan. Uranni boyitishni davom ettirish uchun zarur bo‘lgan sentrifugalar ham jiddiy ziyon ko‘rmagan. 

Hujum oqibatida asosan yer ustidagi inshootlar yo‘q qilingan. 

The New York Times gazetasi ham CNN ilgari surgan taxminni tasdiqlagan. Nashr, shu bilan birga, Erondagi uranni boyitishga ixtisoslashgan kichik maxfiy ob’yektlar ham daxlsiz qolgani haqida yozgan.

Tehron yashirin ob’yektlarni Fordo, Isfahon va Natanzdagi inshootlar yo‘q qilingan taqdirda yadro dasturini davom ettirish maqsadida bunyod qilgani aytilmoqda.

Avvalroq Bloomberg ham Atom energetikasi bo‘yicha xalqaro agentlikdagi manbalarga tayanib shunga yaqin xulosani taqdim etgandi. Agentlikka ko‘ra, AQSh atayin Isfahondagi uchta reaktorga hujum qilmagan.  

Hududda aviazarbalardan keyin radiatsiya miqdori oshib ketmagani ham yadro ob’yektlari jiddiy shikastlanmagani haqidagi taxminni tasdiqlaydi. 

Avval xabar berganimizdek, Qo‘shma Shtatlar 22 iyunga o‘tar kechasi Eronning Fordo, Natanz va Isfahondagi yadroviy ob’yektlariga zarba berdi.

AQSh mudofaa vaziri Pit Hegsetga ko‘ra,  Fordo ob’yektiga har birining og‘irligi 13 tonnadan ortiq bo‘lgan 12-14 ta GBU 57 rusumli bunker teshuvchi bombalar tashlangan. Natanz va Isfahonga esa suvosti kemasidan 30 ga yaqin Tomahawk raketasi uchirilgan.

Prezident Tramp havo hujumidan so‘ng Eron yadro dasturi butkul yo‘q qilingani haqida bayonot bergandi. So‘nggi surishtiruvlar esa prezidentning da’volarini rad etadi.

Ushbu maqolalar chop etilishi ortidan Tramp SNN va The New York Times nashrini keskin tanqid qilib, jurnalistlarni “tarixdagi eng muvaffaqiyatli harbiy hujumlar” haqida soxta yangiliklar tarqatishda aybladi.  

Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt ham “prezidentning yutuqlarini kamsitayotgan” OAVni qoraladi.

“30 futlik 14 ta bombani nishonga tashlasangiz, nima ro‘y berishini hamma biladi: u butkul vayron bo‘ladi”, – degan K.Livitt.

Ma’lumot o‘rnida: AQSh hujumi ortidan Eron rasmiylari ham mamlakat yadro dasturi jiddiy shikastlanmagani haqida bayonot bergandi. 

Hozirda aksar tahlilchilar AQSh hujumi Eron yadro dasturini yo‘q qilgan taqdirda ham, rasmiy Tehron bundan keyin albatta yadro quroliga ega bo‘lish yo‘lida bor kuch-imkoniyatini ishga soladi degan taxminni ilgari surmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring