AQSh va Rossiya mudofaa vazirlari telefonda muzokara o‘tkazishdi
Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu va AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin bugun, 13-may kuni telefonda muloqot o‘tkazishdi.
Ular so‘nggi marotaba 18-fevralda, Rossiya Ukrainaga qo‘shin kiritishidan avval, muloqot qilishgan.
«Xalqaro xavfsizlikning muhim masalalari, xususan, Ukrainadagi vaziyat muhokama qilindi. Suhbat Amerika tomonining tashabbusi bilan tashkil etildi», — deb xabar berdi RF mudofaa vazirligi matbuot xizmati.
Pentagon manbalari ham ikki vazirning telefon suhbati o‘tkazilganini tasdiqladi. Ta’kidlanishicha, Ostin «Ukrainada o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirib, aloqani uzmaslik muhimligini aytgan».
AQSh-Rossiya mudofaa vazirlari so‘nggi marotaba muloqot qilgan 18-fevralda Pentagon rahbari rossiyalik hamkasbidan Ukraina chegaralari bo‘ylab joylashtirilgan Rossiya qo‘shinini doimiy dislokatsiya joyiga qaytarishni so‘ragandi.
Ukrainada harbiy inqiroz boshlanganidan beri har ikki harbiy vazir o‘zaro bayonotlar qilishgan. Shoygu 19-aprel kuni Qo‘shma Shtatlar va uning izmidagi G‘arb mamlakatlari «maxsus harbiy operatsiyani maksimal cho‘zish»ga urinayotganini ta’kidlagandi.
Pentagon rahbari esa Rossiyaning yadroviy aslahalari AQSh uchun hozir va kelgusida jiddiy muammo bo‘lib qolishini aytgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter