«Asr firibgari» olamdan o‘tdi

Amerikalik firibgar Bernard Medoff 150 yillik qamoq jazosini o‘tayotgan qamoqxonada vafot etdi, deya xabar bermoqda Assoshieyted Press o‘z manbasiga asoslanib.
Agentlik suhbatdoshining ma’lum qilishicha, Medoff Batner (Shimoliy Karolina) shahrida tabiiy sabablarga ko‘ra hayotdan ko‘z yumgan. U 82 yoshda edi.
Medoffni bejizga asr firibgari deyishmaydi. U AQSh tarixidagi eng yirik moliyaviy piramidaning tashkilotchisi hisoblanadi. Firibgarlikning qurbonlari — nafaqat oddiy fuqarolar, balki ko‘plab taniqli amerikaliklar — musiqachilar va kino yulduzlari, shuningdek, dunyodagi eng yirik banklar — BNP Paribas, HSBC, Credit Agricole, Societe Generale, Natixis, Nomura, Royal Bank of Scotland, UniCredit.
Firibgarligi 2008-yilda fosh bo‘ldi. 2009-yil iyun oyida sud Medoffni 150 yillik qamoq jazosiga hukm qildi. O‘sha paytda u 71 yoshda edi. Sudda u 20 yil davomida investorlar va nazorat organlarini aldab kelganini tan oldi: u hech qanday operatsiyalarni amalga oshirmagan. Shunchaki pulni bir bank hisob raqamidan ikkinchisiga o‘tkazgan, mijozlarning iltimosiga binoan ularni «foyda» shaklida bergan.
Sud qaroriga binoan, u jabrlanganlarga deyarli 171 milliard dollarni qaytarib berishga majbur bo‘lgan. Ammo federal hukumat to‘rt milliarddan sal ko‘proq mablag‘ni topishga muvaffaq bo‘lgan. Firibgarlikdan ko‘rilgan umumiy zarar qariyb 65 milliard dollarga baholanmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter